Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yandex Go haydovchilarining boykotga chorlovlari muvaffaqiyatsiz bo‘ldi
Bir guruh tashabbuskor haydovchilar Rossiyada boshlangan aksiyadan ilhomlangan holda, 15 dekabr kuni ish tashlash uyushtirishga qaror qildi va o‘tgan hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda hamkasblarini shunga da’vat qilib keldi. Ammo boykot kuni tizim faoliyatida biror sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi. Yandex Uzbekistan Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra: 15 dekabr, dushanba kuni 1 dekabr, dushanbaga qaraganda 1,5 ming nafarga ko‘proq haydovchi liniyaga chiqqan.
O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda Yandex Go haydovchilarining ish tashlash haqidagi chaqiriqlari paydo bo‘lgan edi. Telegram'dagi guruhlar va Instagram'dagi sahifalarida videomurojaat bilan chiqqan bir guruh haydovchilar agregatordagi tariflardan norozilik bildirib, hamkasblarini 15 dekabr, dushanba kuni ishga chiqmasdan, boykot qilishga chorlagan edi.
Ammo, kompaniya bergan rasmiy ma’lumotdan kelib chiqilsa, ish tashlashga urinish ish bermagan. Aksincha, o‘sha kuni liniyaga chiqqan taksilar soni ko‘proq ham bo‘lgan.
Yandex Uzbekistan matbuot xizmatining Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, 15 dekabr, dushanba kuni ikki hafta oldingiga qaraganda 1500 nafarga ko‘proq haydovchi liniyaga chiqqan. Shu kuni haydovchilar liniyada o‘tkazgan jami ish soatlari ikki hafta oldingidan 3 foizga ko‘proq bo‘lgan. Kun davomida Yandex Go orqali amalga oshirilgan safarlarda ikki hafta oldingiga qaraganda 5000 nafar ko‘proq yo‘lovchi tashilgan.
Qayd etish lozim, o‘tgan hafta dushanba kuni 8 dekabr – bayram kuniga to‘g‘ri kelgani sababli, yuqoridagi raqamlarda taqqoslash uchun 1 dekabr, dushanba sanasi olingan. Chunki bayram kunlari odatda haydovchilar ham, yo‘lovchilar ham kamroq bo‘ladi.
Yandex Go ma’muriyatiga ko‘ra, servis shtat rejimida ishlashda davom etyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab foydalanuvchilar 15 dekabr kuni ushbu taksi xizmati faoliyatida o‘zgarish sezmagani, narxlarning noodatiy oshishi yoki odatdagidan uzoqroq vaqt kutib qolish kabi muammolar bo‘lmaganini yozib qoldirdi.
Kun.uz suhbatlashgan ikki nafar Yandex Go haydovchisi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatmasligi sabab boykotdan umuman bexabar bo‘lganliklarini aytishdi.
Boykotga urinish sababiga kelsak, tashabbuskor haydovchilar agregatordagi tariflardan norozilik bildirmoqda. Ular Yandex ushlab qoladigan komissiya miqdori yuqoriligi, yoqilg‘i narxlari va avtomobilning boshqa ekspluatatsion xarajatlari oshayotgani, bu omillarning barchasi ularning sof daromadini “yeb yuborayotgani”dan shikoyat qilishgan.
Boykot ishtirokchilaridan ayrimlari 15 dekabr kuni boshqa haydovchilarni liniyaga chiqishdan qaytarish uchun ilovaga soxta buyurtmalar kiritib, hamkasbi chaqirilgan joyga yetib kelishidan oldin buyurtmani bekor qilib yuborish bilan shug‘ullangani aks etgan skrinshotlarni tarqatdi. Ularning bu xatti-harakati haydovchilar jamlangan Telegram-guruhlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Qayd etish lozim, Yandex Go haydovchilarining norozilik sifatida o‘z hamkasblarini ish tashlashga undash aksiyasi O‘zbekistondan boshlangani yo‘q. Boykotga chorlov avvaliga Rossiyada paydo bo‘lgandi. Rus nashrlarining yozishicha, 15 dekabrga belgilangan ish tashlash Rossiya shaharlarida ham muvaffaqiyatsiz bo‘lgan, boykotga qo‘shilganlar sonining kamligi tizimda jiddiy nuqsonlar keltirib chiqarishga imkon bermagan.
Shu kuni Yandex Uzbekistan vitse-prezidenti Sardor Qodirov tarmoqdagi sahifasida Yandex Go haydovchilarining daromadlari haqidagi raqamlarni keltirib o‘tdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha haydovchilarning Yandex Go'dagi safarlardan oladigan 1 soatlik o‘rtacha daromadi oxirgi bir yilda 21 foizga oshgan. 2025 yilning 11 oyi davomida kuniga 8 soatdan, oyiga 22 kun ishlovchi haydovchining oylik o‘rtacha daromadi 10,2 mln so‘m bo‘lgan. Ta’kidlash lozim, 10,2 mln so‘mlik oylik daromad – respublika bo‘yicha umumiy raqam bo‘lib, u yoqilg‘i xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi.
16 dekabr kuni Milliy statistika qo‘mitasi ham o‘z raqamlarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, 2025 yilning 11 oyida taksi narxlari 7 foizga oshgan, yillik nisbatda esa taksi xizmati 12,2 foizga qimmatlashgan. Shu bilan birga, yoqilg‘i narxlari ham keskin ko‘tarilganini qayd etish o‘rinli: rasmiy statistikaga qaraganda, oxirgi 1 yilda taksichilar eng ko‘p ishlatadigan yoqilg‘i – metan 30 foizga qimmatlashgan.
Mavzuga oid
15:27 / 16.12.2025
Milliy statistika: taksi yo‘l haqi qimmatlashuvi davom etmoqda
12:56 / 01.12.2025
Bektemir–Chorbog‘ yo‘lidagi janjal: yuk mashinasi haydovchisiga otvyortka bilan tahdid qilindi
21:36 / 25.11.2025
“Retsidivist” haydovchining bir yil ichidagi 45-qoidabuzarligi 5 kishining o‘limi bilan tugadi
14:30 / 25.11.2025