O‘zbekiston | 22:59 / 17.07.2023
20078
5 daqiqa o‘qiladi

Jinoyatchilik darajasi o‘smoqda. Ozodlikdan mahrum qilinganlar soni 4 yilda 3 barobarga oshdi

Oliy sud birinchi instansiya sudlari tomonidan jinoyat ishlarining ko‘rib chiqilishiga doir statistikani ochiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda yildan yilga sudlanganlar va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlar shaxslar soni keskin oshib bormoqda.

Foto: Getty Images

Oliy sud ochiqlagan statitik ma’lumotlar – 2019-2022 yillar hamda 2023 yilning birinchi choragidagi ko‘rilgan jinoyat ishlari va sudlanuvchilar soni, jinoiy va ma’muriy jazo turlariga doir statistik ma’lumotlarni qamrab oladi. Kun.uz bu ma’lumotlar asosida eng muhim ko‘rsatkichlar diagrammasini taqdim qilmoqda.

Respublika bo‘ylab birinchi instansiya sudlarida ko‘rib chiqilayotgan ishlar va sudlanuvchilar soni yildan yilga oshib bormoqda (1-jadval). Masalan, 2019 yilda 28 ming 846 ta sud majlislarida 36 mingdan ortiq sudlanuvchi qatnashgan. 2022 yilga kelib raqamlar mos ravishda 2 barobardan oshgan: 58 mingdan ortiq sud majslida 75 ming sudlanuvchi.

1-jadval. Diagramma Oliy sud ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

O‘z navbatida, jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlislarining ortishi mazkur muddatda sudlangan shaxslar sonining ortishiga ham olib kelmoqda (2-jadval). 2019 yilda 27603 kishi sudlangan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bir yilda 56 mingdan ortiq shaxslar sudlangani ma’lum bo‘ldi.

2-jadval

2019-2022 yillar davomida taraflarning yarashgani munosabati bilan, Jinoyat kodeksi 66-1-moddasiga ko‘ra, ish yurituvidan tugatilgan jinoyat ishlari soni ham, unda qatnashuvchilar soni ham qariyb 2 barobarga o‘sgan.

3-jadval

Oliy sudga ko‘ra, 2019 yildan buyon har yili 20 mingdan ortiq shaxs muddatidan oldin jazodan shartli ozod qilinadi, 10 ming atrofidagi sudlanuvchilarning jazosi esa yengilrog‘iga almashtiriladi.

4-jadval

Oliy mahkama taqdim qilgan raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonda og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi ayrim jinoyatlarni sodir qilayotgan shaxslar ham ko‘payib bormoqda (5-jadval). Masalan, ushbu davrda qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlar bir yilda 376 tadan 422 taga, nomusga tegish bilan bog‘liq jinoyatlar esa yiliga 154 tadan 170ga oshgan.

5-jadval

Statistikaga ko‘ra, jinoyat ishlari doirasida sudlangan shaxslarning 80-90 foizini erkaklar tashkil qilayotgan bo‘lsa, jinoyatchilik olamida ayollar va voyaga yetmaganlarning ham ulushi o‘sib borayotganini ko‘rish mumkin (6-jadval). Xususan, 2019-2022 yillarda sudlangan ayollar soni 2 barobar, voyaga yetmaganlar soni esa 3,5 barobarga o‘sgan.

6-jadval

Birinchi instansiya sudlari tomonidan aybdor deb topilgan shaxslarga eng ko‘p qo‘llanilgan jazo choralari qatorida – ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash va jarima jazosini ko‘rish mumkin (7-jadval). So‘nggi to‘rt yilda ozodlikdan mahrum qilinganlar soni qariyb 3 barobar oshgan: yiliga 6955 kishidan 17610 kishiga.

7-jadval

2019 yil boshidan 2023 yil mart oyiga qadar jami 11 kishiga O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi eng og‘ir jazo – umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

8-jadval

2008 yildan O‘zbekistonda jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilingach, uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilgan. Bugungi kunda Jinoyat kodeksida faqat 2 ta modda: javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi) va terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilayotgan ma’muriy huquqbuzarliklar soni 2019 yildan keyin bir muncha pasaygan. Lekin, 2021 yildan yana «o‘sish» kuzatilgan.

9-jadval

Qayd etib o‘tish kerakki, ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar aslida bunda bir necha barobar ortiqroq. Chunki, yo‘l harakati qoidalarini va ayrim jamoat tartibiga doir ma’muriy ishlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bayonnoma tuzish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi. Avvalgi tahliliy materialimizda, 2023 yilning dastlabki 3 oyi ichida 1 million 422 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ma’muriy javobgarlikka tortilganiga doir raqamlarni keltirgan edik.

Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillar ma’muriy huquqbuzarlik uchun ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilayotgan shaxslar soni ham ortib bormoqda. Masalan, 2019 yilda qariyb 28 ming kishi qamalgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqamlar 80 mingga yaqinlashgan.

10-jadval

Huquqbuzarlik uchun ma’muriy jarimaga tortilganlar soni ham oshib bormoqda: mazkur davrda har yili 262 mingdan 316 ming nafargacha shaxsga jarima jazosi qo‘llanilgan.

Mavzuga oid