O‘zbekiston | 14:23 / 14.07.2023
35206
2 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 5 yilda 11 kishi umrbod ozodlikdan mahrum qilindi – Oliy sud

O‘zbekiston Jinoyat kodeksida bu turdagi jazo faqat 2 turdagi o‘ta og‘ir jinoyatlar uchungina qo‘llanadi. 

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Oliy sudi respublika bo‘ylab Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning 2018-2022 yillar hamda 2023 yil birinchi choragi faoliyatiga doir ayrim ko‘rsatkichlarni ochiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil boshidan 2023 yil mart oyiga qadar jami 11 kishiga O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi eng og‘ir jazo – umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Hududlar miqyosida 5 nafar Toshkent viloyatidan, Toshkent shahri va Jizzax viloyatlaridan 2 nafardan, shuningdek Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridan 1 nafardan shaxs umrbod ozodlikdan mahrum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2008 yilning 1 yanvaridan jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilingan hamda uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilgan.

Bugungi kunda Jinoyat kodeksida faqat 2 ta modda: javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi) va terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Shuningdek, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi – ayolga, o‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga va oltmish yoshdan oshgan erkakka nisbatan tayinlanishi mumkin emas.

Mavzuga oid