Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Venesuela atrofida dengiz blokadasini boshladi
Bu – sanksiya ostidagi tankerlarga taalluqli bo‘ladi.
Foto: Gladjimi Balisage/U.S. Navy/UPI Photo/Newscom
AQSh prezidenti Donald Tramp sanksiyaga tushgan, Venesuelaga yo‘l olayotgan yoki u yerdan chiqib ketayotgan neft tankerlariga nisbatan dengiz blokadasi joriy etishni buyurdi.
U Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida «Venesuela Janubiy Amerikaning tarixdagi eng katta armadasi tomonidan to‘liq qurshab olingani»ni qo‘shimcha qilgan.
Venesuela hukumati bunga javoban Trampning blokada haqidagi qarori «mutlaqo mantiqsiz» ekani hamda savdo va dengizda suzish erkinligini buzishini ma’lum qildi.
Tramp ma’muriyati sentabr oyidan buyon Karib dengizi janubida, Venesuela sohillari yaqinida o‘zining eng yirik aviatashuvchisi «Jyerald F. Ford» boshchiligidagi yirik dengiz guruhini (mintaqa tarixida misli ko‘rilmagan darajadagi guruh) to‘pladi, bundan maqsad – giyohvandlik moddalari kontrabandasiga qarshi kurashish ekani ma’lum qilingan.
Uzun qilib yozilgan postida Tramp «o‘g‘irlangan neft konlari» haqida gapirib, Nikolas Maduro boshchiligidagi Venesuela hukumatini Amerika mulkini o‘g‘irlash, terrorizm, giyohvandlik moddalari savdosi, odam kontrabandasi va qotilliklarda ayblagan.
«Venesuela Janubiy Amerika tarixidagi eng yirik Armada bilan to‘liq o‘rab olingan. Ular Amerika Qo‘shma Shtatlariga ilgari bizdan o‘g‘irlagan barcha neft, yer va boshqa mulklarni qaytarib bermas ekan, u faqat o‘sib boradi va ular misli ko‘rilmagan larzaga duchor bo‘ladi», – deydi Tramp.
Nikolas Madurodan oldingi prezident Ugo Chaves asrning birinchi o‘n yilligida neft konlarini milliylashtirgan hamda o‘z farmoni bilan AQSh va G‘arbning boshqa kompaniyalarini aksiyalarning nazorat paketlarini Venesuelaning PDVSA davlat neft korporatsiyasiga topshirishga majbur qilgandi.
Tramp o‘z postida AQSh Nikolas Maduro va uning atrofidagilar «xorijiy terrorchilik tashkiloti» deb e’lon qilinganini ham eslatib o‘tgan.
Venesuela hukumati bu ayblovlarning barchasini rad etib, Tramp va uning ma’muriyati aslida giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashmayotgani, balki mamlakatning Maduro boshchiligidagi so‘l hukumatini ag‘darmoqchi ekanini ta’kidlamoqda.
AQSh va boshqa ko‘plab demokratik mamlakatlar Maduroni qonuniy prezident deb tan olmaydi.
O‘tgan haftada amerikalik harbiylar Venesuela sohillari yaqinida neft ortilgan Skipper tankerini egallab olgandi. AQSh 2022 yildayoq unda kontrabanda neft mahsulotlari tashilishi, uning sotuvidan tushgan mablag‘lar orqali «Hizbulloh» va Islom inqilobi muhofizlari korpusining xorijda harakat qiluvchi «Al-Quds» bo‘linmasi moliyalashtirilishini ma’lum qilib, bu tankerga qarshi sanksiyalar kiritgandi.
Keyingi kuni Qo‘shma Shtatlar Venesuela neftini tashiyotgan yana oltita tankerga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bundan tashqari, Maduroning bir necha qarindoshlari va biznes hamkorlariga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llangan.
Venesuela nefti eksportining bloklanishi va allaqachon kiritilgan barcha sanksiyalar shundoq ham og‘ir ahvolda bo‘lgan Venesuela iqtisodiyotiga jiddiy zarba berishi mumkin.
«Agar neft eksporti bo‘lmasa, bu valuta bozoriga, mamlakat importiga ta’sir qiladi. Iqtisodiy inqiroz yuzaga kelishi mumkin, - deydi AFP agentligiga venesuelalik tahlilchi Elias Ferrer. - Nafaqat retsessiya, balki oziq-ovqat va dori-darmon yetishmasligi ham yuzaga keladi, chunki biz ularni import qila olmaymiz».
AFP Venesuela ko‘p yillardan beri AQSh sanksiyalarini chetlab o‘tib, qorabozorda neftni katta chegirma bilan sotayotgani, uning asosiy xaridori – Xitoy ekanini eslatgan.
Reuters xabariga ko‘ra, Xitoy so‘nggi voqealardan so‘ng Venesuelaning PDVSA davlat neft-gaz kompaniyasidan kattaroq chegirmalar va shartnomalar shartlarini o‘zgartirishni talab qilishni boshlagan.
Ma’lumot uchun, Venesuela dunyodagi eng katta aniqlangan neft zaxiralariga ega mamlakat hisoblanadi – taxminan 303 milliard barrel.
Mavzuga oid
22:32 / 28.12.2025
BMTning vazifasini AQSh bajarmoqda – Tramp
17:00 / 28.12.2025
Putin yana harbiy formada yig‘ilish o‘tkazdi. Lavrov Yevropani «tinchlik yo‘lidagi asosiy g‘ov» deb atadi
14:06 / 27.12.2025
OAV: AQSh ishchilar sinfi orasida Tramp reytingi rekord darajada tushib ketdi
08:25 / 27.12.2025