Jahon | 15:37 / 21.07.2025
4697
2 daqiqa o‘qiladi

Bangladeshda harbiy samolyot kollej hududiga quladi, kamida 19 kishi halok bo‘lgan

100 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Foto: Reuters

Bangladeshda mamlakat harbiy-havo kuchlarining F-7 BGI rusumli o‘quv samolyoti kollej hududiga qulab tushdi. Reuters xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida 19 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan.

50 dan ortiq kishi kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, ular orasida bolalar ham bor.

Qurbonlar soni oshishi mumkin, hozircha turli manbalarda turlicha raqamlar keltirilmoqda.

Samolyot halokati Bangladesh poytaxti Dakka shahri shimolida ro‘y bergan. Harbiylar va o‘t o‘chirish xizmati vakillari ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Milestone kolleji kampusiga qulab tushgan, bu yerda talabalar imtihon topshirayotgan va darslarda qatnashayotgandi.

Harbiylar xabar qilishicha, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 13:06 da havoga ko‘tarilgan va 12 daqiqadan keyin halokatga uchrab, yonib ketgan. Qulash sabablari hozircha ma’lum emas.

Bangladesh hukumati rahbari Muhammad Yunus halokat sabablarini o‘rganish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun zarur choralarni ko‘rishga va’da bergan.

22 iyul mamlakatda qurbonlar xotirasiga motam kuni deb e’lon qilingan.

Mavzuga oid