O‘zbekiston | 10:07 / 30.03.2019
13341
3 daqiqa o‘qiladi

Jinoyat kodeksida qo‘llaniladigan atamalarga aniq ta'rif berish yoki chiqarib tashlash taklif etilyapti

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Jinoyat kodeksida qo‘llaniladigan atama, tushunchalarga aniq ta'rif berish yoki chiqarib tashlash haqida petitsiya e'lon qilingan.

Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 8-bo‘limida “ko‘p miqdorda zarar” so‘zining huquqiy ma'nosi (ko‘p miqdordagi zarar - eng kam oylik ish haqining 300 baravaridan 500 baravarigacha bo‘lgan miqdordagi zarar) belgilangan. 

“Lekin, “jiddiy ziyon” so‘zining huquqiy ma'nosi hamda uning miqdori belgilanmagan. Jinoyat kodeksining 144, 192-11, 205, 206, 207, 208, 229, 278-1, 278-4, 301-moddalariga ko‘ra, fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yohud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, jinoyat kelib chiqadi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 1998 yil 17 apreldagi “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar bo‘yicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 11-sonli qarorining 27-bandida, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yohud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazish moddiy zarar tarzida ham, boy berilgan foyda tarzida ham, shuningdek, turli xil manfaatlarga boshqacha zarar yetkazishda, hokimiyat organlarining obro‘siga putur yetkazishda, og‘ir jinoyatlarni yashirishda va hokazolarda ifodalanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, bunda ham “jiddiy ziyon”ni miqdori bo‘yicha so‘z yuritilmagan”, - deyiladi petitsiyada. 

Qayd etilishicha, “jiddiy ziyon” miqdori noaniq bo‘lganligi sababli ya'ni, yetkazilgan zarar so‘mda baholangan holatda ham ko‘p miqdorni tashkil etmagan zararni tergov va sud organlari tomonidan “jiddiy ziyon” deb baholab fuqarolarni javobgarlikka tortish holatlari kelib chiqmoqda. 

Bu, o‘z navbatida, Jinoyat kodeksi normalarini amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilayotganidan dalolat bermoqda. Natijada, fuqarolarning qonunlarda belgilab qo‘yilgan huquqlari poymol bo‘lmoqda, deyiladi matnda.

“Shunga ko‘ra, Jinoyat kodeksi 8-bo‘limiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali “jiddiy ziyon” atamasiga huquqiy ta'rif berish yoki ushbu moddalardan “jiddiy ziyon” atamasini chiqarib tashlash lozim bo‘ladi, deb hisoblayman”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid