O‘zbekiston | 11:50 / 13.06.2024
12368
6 daqiqa o‘qiladi

Nodavlat oliygohlarga yurisprudensiya yo‘nalishiga litsenziya berilmayapti. Bunga sabab nima?

Nodavlat oliygohlarning yurisprudensiya yo‘nalishiga litsenziya berilmayapti. Oliy ta’lim vazirligi oliygohlar litsenziya talablarini to‘liq bajarmayotganini ma’lum qilsa, nodavlat OTM vazirlik arzimagan sabablar bilan litsenziya berishni rad qilayotganini aytyapti. Hatto ayrim OTMlarga shu yo‘nalishda berilgan litsenziyalar bekor qilingan holatlar bor.

Foto: Kun.uz

Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish boshlandi. Abituriyentlar yuridik yo‘nalishga davlat oliygohlarining bir nechtasiga hujjat topshirishi mumkin, biroq deyarli birorta nodavlat oliygohda bu yo‘nalish yo‘q. Xo‘sh, nodavlat OTM yuridik yo‘nalishda o‘qitishni xohlamaydimi yoki ularga ruxsat berilmayaptimi?

Nodavlat oliy ta’lim muassasalarining arizasi rad etilyapti

Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, Profi va Central Asian universitetlari yuridik yo‘nalishda fakultet ochish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga litsenziyaga ariza topshirgan. Biroq har safar ma’lum bir kamchiliklar ko‘rsatilib, ularning arizasi rad etilyapti. Profi universiteti rektori Bektosh Hotamov ham shunday muammoga duch kelayotganini ma’lum qildi.

Ular qo‘yadigan talablarning hammasini pul bilan hal qilsa bo‘ladi. Aynan yuridik yo‘nalish uchun alohida talab mavjud emas, barchasi Vazirlar Mahkamasining 80-sonli qarorida ko‘rsatilgan”, – dedi Hotamov. 

Rektor tibbiyot yo‘nalishida nodavlat oliygohlarga litsenziya berilayotgan bir paytda, huquqshunoslik yo‘nalishida litsenziya berilmayotgani ma’nosiz ekanini ham qo‘shimcha qildi.

Tibbiyot yo‘nalishlari uchun laboratoriya jihozlari va yana bir qancha murakkab talablar qo‘yiladi. Lekin yuridik yo‘nalish bu gumanitar fan. Unga ko‘p narsa kerak emas, bitta sud zalini qurish muammo emas”, – dedi u.

Qonunchilik qanday?

Nodavlat OTMni litsenziyalash 2023 yil yanvarigacha Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilar edi. Lekin 2022 yil dekabr oyidagi ma’muriy o‘zgarishlar sabab bu inspeksiya tugatilib, uning vazifalari ikkita vazirlikka o‘tkazildi. Oliy o‘quv yurtlariga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi litsenziya beradigan bo‘ldi. Shundan beri nodavlat OTMlar bilan vazirlik shug‘ullanib kelyapti.

Lisenziyalash hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona nizom asosida amalga oshiriladi.

Yuridik yo‘nalish qaysi OTMlarda bor?

Ma’lumotga ko‘ra, yuridik yo‘nalishda nodavlat OTM sifatida Kasaba uyushmalari akademiyasiga hujjat topshirish mumkin.

Davlat OTMlari sifatida yuridik kadrlar bir nechta oliygohlarda tayyorlanadi. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Samarqand, Termiz, Farg‘ona, Urganch va Namangan davlat universitetlari, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Toshkent davlat transport universiteti, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi kabilarga hujjat topshirish mumkin.

Vazirlik nima deydi?

Kun.uz muxbiri oldinroq OTFIV Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan intervyuda nega nodavlat OTMlarning yurisprudensiya yo‘nalishiga litsenziya berilmayotgani, bunda qandaydir sun’iy to‘siq bor yoki yo‘qligi bo‘yicha savol bilan murojaat qilgan edi. Sharipov sun’iy to‘siq bor degan gap asossiz ekanini bildirib, bunga Adliya vazirligi mas’ul degan edi.

Yurisprudensiya yo‘nalishi uchun yuqori talab qo‘yilgan. Bunga javob beradigan OTMga Adliya vazirligi tomonidan ruxsat beriladi.

Hozir ta’lim sifati juda pasayib ketdi deyapmiz-da, nega hammaga ruxsat berilmayapti ham deyapmiz. Yurist tayyorlash – juda murakkab jarayon. Shuning uchun talabni ish beruvchi tashkilot beradi. Hozirgi paytda ishonch yo‘qmi, demak shunga cheklangan.

Hozir – o‘tish davri. Shu ta’lim muassasasiga ishonch bo‘lsa, Adliya vazirligi tomonidan bunga ruxsat beriladi deb o‘ylayman”, – degan Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

OTFIVning Ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash va faoliyati muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Dilshod Muydinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, yurisprudensiya yo‘nalishida o‘qitish uchun litsenziyaga hujjat topshirgan nodavlat OTMlar qonunchilikdagi litsenziya talablarini to‘liq bajara olmayapti.

Biz belgilangan tartib bo‘yicha ko‘rib chiqamiz. Agar to‘g‘ri kelsa beramiz”, – dedi mas’ul.

Kun.uz vazir ma’lumotini tasdiqlash uchun Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva bilan bog‘landi. Unga ko‘ra, Adliya vazirligi holat bo‘yicha [litsenziya uchun ariza topshirgan nodavlat OTM arizasi – tahr.] fikr berishi mumkinligini, litsenziya berish bermaslikni oliy ta’lim vazirligi hal qilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, nodavlat OTMlar orasida yurisprudensiya yo‘nalishi uchun Toshkent texnologiyalar universitetiga litsenziya berilgan edi. Biroq 2023 yil boshqa nodavlat OTMlar qatorida TTUda ham kamchiliklar aniqlanib, universitet OTFIV tomonidan litsenziyani bekor qilish bo‘yicha sudga berilgan.

Zuhra Abduhalimova
Kun.uz

Mavzuga oid