Hukumat yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qaror qabul qiladi
Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Avvalroq qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub'yektlariga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalar hamda avtomobil yo‘llarida avtomatlashtirilgan o‘lchov vositalari bilan jihozlangan og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar o‘rnatish huquqi berilgan.
Taklif etilayotgan hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlanishi kutilmoqda:
- Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarni o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- Elektron auksion savdolariga qo‘yish uchun maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalar o‘rnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlang‘ich narxi)ni belgilash tartibi.
Belgilanishicha:
- o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalar, shuningdek, og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalarning texnik ekspluatatsiyasi va uzluksiz ishlashini ta'minlash, shu jumladan joriy elektr energiyasi va aloqa kanallari xarajatlarini qoplash tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi;
- o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari hamda og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar kelgusida “Xavfsiz shahar” tizimi bilan majburiy integratsiyasi ta'minlangan holda, tadbirkorlik sub'yektlari balansida qoldiriladi.
Tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalar hamda tegishli og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun jarimalar summasi quyidagicha taqsimlanadi:
a) Tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalar yordamida aniqlangan yo‘l harakati qoidabuzarliklaridan undirilgan jarima summasining:
- 25 foizi – tadbirkorlik sub'yekti hisobiga;
- 25 foizi – Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga;
- 20 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga;
- 20 foizi – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilgan holda yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga;
- 10 foizi – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markaziga “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini to‘laqonli joriy etish uchun yo‘naltiriladi.
b) Tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar yordamida aniqlangan yo‘l harakati qoidabuzarliklaridan undirilgan jarima summasining:
- 30 foizi – tadbirkorlik sub'yekti hisobiga;
- 25 foizi – Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga;
- 25 foizi – yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun maqsadli yo‘naltirilgan holda yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga;
- 20 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga yo‘naltiriladi.
Mavzuga oid
15:26 / 20.09.2024
Skuter va yuk mashinalariga doir taqiqlar, “radarlar” hamda YHXXning bekor bo‘layotgan vakolati – Senat yangi o‘zgarishlarni ma’qulladi
14:45 / 27.06.2024
Yoshlar ishlari agentligiga tegishli Malibu yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlandi
11:19 / 27.01.2024
Bojxona qo‘mitasi yo‘l harakati sohasidagi maxsus vakolatli organlar qatoriga kiritildi
09:47 / 03.01.2024