Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik qanday?
Foto: THEAsiaN
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chjye Inaning taklifi bilan mazkur mamlakatga davlat tashrifini amalga oshirmoqda.
Quyida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risida ma'lumot beriladi.
Mamlakatlar o‘rtasida gumanitar sohadagi muvaffaqiyatli hamkorlik uzoq tarixga ega. Barchaga ma'lumki, uzoq yillardan buyon O‘zbekistonda istiqomat qilib kelayotgan koreyslar ijtimoiy hayotning ajralmas va muhim qismiga aylangan.
1992 yildan buyon Toshkentda Koreya ta'lim markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Markaz tanlov asosida Koreya Respublikasida til o‘rganish hamda universitet o‘qituvchi va talabalari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida, jumladan, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida, Samarqand davlat chet tillari institutida, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Koreya til va madaniyat markazlari faoliyat yuritib kelmoqda.
Respublika bo‘yicha 12 ta universitet, hamda 28 ta maktab va litseylarda koreys tillari fan sifatida o‘qitiladi.
2012 yilda Toshkentda va 2016 yilda Samarqandda Koreya Respublikasi Xalqaro hamkorlik agentligi (KOIKA) granti asosida o‘zbek-koreys ta'lim markazlari tashkil etildi.
Koreya Respublikasi hukumatining beg‘araz yordam dasturi asosida Toshkent Davlat pedagogika universiteti, Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida Koreya Respublikasi Xalqaro hamkorlik agentligi bilan sharqiy tadqiqotlar elektron kutubxonasi yaratildi.
2014 yilning 1 sentabr kuni Toshkent shahrida kompyuter va dasturiy injiniring, logistika sohasiga ixtisoslashgan Koreyaning Inha universitetining filiali ochildi.
Shuningdek, 2014 yil 1 sentabr kuni Toshkentning “Bobur” bog‘i hududida Seul bog‘i ochildi. Bugungi kunda Koreya madaniyat va san'at uyini barpo etish maqsadida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Har yili O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida mamlakatda “Koreya madaniyati haftaligi” o‘tkaziladi. Haftalik doirasida Koreya kinosi kechasi, Koreya an'anaviy amaliy san'at ustalarining mahorat darslari, badiiy va foto ko‘rgazmalar, koreys qo‘shiqlari va notiqlik badiiy tanlovi, Koreya moda namoyishlari bo‘lib o‘tadi.
Koreya Respublikasi O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasini sport uskunalari bilan jihozlashda, yurtimizda har ikki mamlakat sportchilari uchun o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishda ko‘maklashadi.
O‘zbekiston-Koreya munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Janubiy Koreya hukumatining 10 nafar ishbilarmon va jamoat doiralari vakillari “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Mavzuga oid
08:55 / 04.07.2025
O‘zbekistonning TURKSOYdagi vakili tayinlandi
15:43 / 01.05.2025
Madaniyat muassasalari xodimlarining maoshlari miqdori qayta ko‘rib chiqiladi
18:38 / 28.04.2025
Nomoddiy madaniy meros namunalarini ro‘yxatga kiritish bilan bog‘liq reglament tasdiqlandi
15:03 / 15.03.2025