Jamiyat | 19:38 / 04.09.2025
3507
3 daqiqa o‘qiladi

Shota Rustaveli ko‘chasi 10 sentabrgacha ochiladi, lekin ta’mir davom etadi

Toshkentda rekonstruksiyaga tushgan Shota Rustaveli ko‘chasining 2 haftadan buyon yopiq qolayotgan qismi yaqin kunlarda ochiladi. Shundan keyin ko‘chani to‘liq yopmagan holda, asfalt qoplamasining ikkinchi qavatini yotqizish ishlari boshlanadi. Loyihani to‘liq yakunlash yil oxirigacha cho‘zilishi mumkin.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasi yangilanyapti. Bu yerda O‘zbekistonda ilk marta avtobuslar uchun ko‘cha o‘rtasida joylashgan alohida bo‘lak tashkil etilyapti.

Rekonstruksiya ishlari yoz avvalida boshlangan edi. Hozirda 6,5 km uzunlikdagi ko‘chaning Birodarlik qabristonidan Grand Mir mehmonxonasigacha bo‘lgan 4 kilometrlik qismi salkam 2 haftadan beri yopiq qolmoqda. Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida qanday ishlar qilindi, loyiha qachon foydalanishga topshiriladi? Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga javob izladi.

“China State Construction” kompaniyasi vakili, loyiha menejeri Vu Dongyunga ko‘ra, ko‘chaning hozirda yopiq qolayotgan qismi 10 sentabrga qadar ochiladi. Choshtepa ko‘chasi bilan kesishmadan Birodarlik qabristonigacha bo‘lgan qismi esa yil oxirigicha bitishi kutilyapti.

Ayni damda umumiy ishlar hajmining qariyb 80 foizi yakunlangan. Ko‘rib turganingizdek, hozir obodonlashtirish, yoritish ustunlarini o‘rnatish va yo‘l infratuzilmasining yakuniy elementlari bo‘yicha ishlar olib borilyapti”, – deydi pudratchi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Gulnoza Qosimova ham 10 sentabrgacha ko‘cha ochilishini ma’lum qilib, avtomobillar bir muddat asfalt qoplamasining birinchi qatlamidan yurib turishini aytdi. 12 sentabrdan keyin asfalt qoplamasining ikkinchi qavatini yotqizish ishlari boshlanadi, lekin bu vaqtda qatnov to‘liq to‘xtatilmaydi: ko‘chaning faqat asfalt yotqizilayotgan qismida harakat cheklanadi. Ta’mirlash ishlarida ustuvorlik dam olish kunlariga beriladi, dedi hokimiyat vakili.

Gulnoza Qosimovaga ko‘ra, 6,5 kilometrlik ko‘chada velosiped yo‘laklari ham qurilmoqda. Bu yo‘lak avtomobil qatnov qismidan 20-30 sm balandroq qilib qurilyapti. Bundan tashqari, veloyo‘lak va avtomobil yo‘lini ajratish uchun 20 sm balandlikda metall to‘siq o‘rnatiladi.

Mavzuga oid