O‘zbekiston | 11:42 / 21.02.2023
12261
3 daqiqa o‘qiladi

Boysun – Elbayon yo‘li ta’mirlanadi, poliklinika qurilishi uchun mablag‘ ajratiladi - Surxondaryo viloyat hokimligi

Kun.uz’ internet saytida «Qumqo‘rg‘ondagi abgor yo‘l va qurilishi chala poliklinika: 35 yillik muammo nihoyat barham topadimi?» sarlavhasi ostida Qumqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh oqsoqollarning murojaati e’lon qilingan edi. Surxondaryo viloyat hokimligi ushbu murojaatga rasmiy munosabat bildirdi.

Videomurojaatda Qumqo‘rg‘on tumanidagi 4R-105 yo‘lini asfaltlashtirish hamda mahalla oilaviy poliklinikasi qurilishi chala tashlab ketilgani bo‘yicha fuqarolarning e’tirozlari keltirilgan.

Vazirlar Mahkamasining «2019-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 15 oktyabrdagi 871-sonli qaroriga asosan tuman hududidan o‘tuvchi davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari, jumladan, murojaatda keltirilgan 4R-105 «Darband q.–Boysun–Elbayon q.» avtomobil yo‘lining 70–79 km oralig‘i hamda 79–80 kmdagi ta’mirtalab qismlarini joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Murojaatda keltirilgan 4R-105 «Darband q.–Boysun–Elbayon q.» avtomobil yo‘lining 85–89 km oralig‘idagi 4 km qismini ta’mirlash ishlari Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtiriladigan Xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llarni ta’mirlash dasturiga kiritilgan bo‘lib, dastur moliyalashtirilgandan so‘ng yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Qumqo‘rg‘on tumani Cho‘kirli mahallasida joylashgan 36-sonli Oilaviy poliklinika binosi 1960 yilda qurilgan bo‘lib, Davlat arxitektura-qurilish nazorat inspeksiyasi xulosasiga ko‘ra bino foydalanishga yaroqsiz, deb topilgan.

Shu sababli 2018 yilda 36-sonli Oilaviy poliklinika uchun yangi bino qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanib, umumiy qiymati 1 mlrd 982 mln so‘m bo‘lgan qurilish ishlari bajarilgan.

Yangi binoning g‘isht va tomini yopish ishlari amalga oshirilgan va ushbu ishlar uchun 2 ta qurilish korxonasiga mablag‘lar to‘lab berilgan. Keyinchalik ayrim sabablarga ko‘ra loyiha moliyalashtirilishi to‘xtab qolganligi bois qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Mazkur binoning qurilish ishlarini yakunlash maqsadida viloyat mahalliy budjetidan loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilgan va moliyalashtirilmagan qismi uchun 10 kun muddatda mablag‘ ajratilishi, «Janub dekor qurilish ta’mirlash» xususiy korxonasi tomonidan ertadan ishlar boshlanib, qisqa muddatlarda yakunlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanganini ma’lum qilamiz», — deyiladi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati rasmiy munosabatida.

Mavzuga oid