Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gaz va elektr energiyasi to‘lovlarini endi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi undiradi
2017 yil 19 mayda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Farmon matni O‘zA saytida e'lon qilindi.
Saytimizda ilgari o‘z manbalarimizga tayanib xabar berganimizdek, farmonga ko‘ra, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, elektr va gaz ta'minoti sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi (keyingi o‘rinlarda Byuro deb ataladi) tashkil etilmoqda.
Prezident farmoniga ko‘ra, quyidagilar Byuroning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta'minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiiste'molchilik holatlarining oldini olish;
- elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
- energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste'molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta'minlash;
- energiya resurslari iste'molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarining joriy etilishi ustidan monitoring o‘tkazish;
- energiya resurslarini sotish va iste'moli hisobini yuritishda ishtirok etish;
- energiya resurslari iste'molchilarining mas'uliyati va huquqiy madaniyatini oshirish choralarini ko‘rish;
- kompleks tahlil o‘tkazish, tizimli muammolarni aniqlash, energiya resurslari uchun hisob-kitob qilinishini ta'minlash va majburiy ijro tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish.
Tugatilayotgan Sud departamentining O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonuni va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalari, funksiyalari hamda vakolatlari Byuroga o‘tkaziladi.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish Byuroning davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi;
Byuroning davlat ijrochilari lavozimlariga oliy yoki o‘rta maxsus yuridik ma'lumotga ega, ayrim hollarda boshqa mutaxassislikdagi oliy ma'lumotga ega shaxslar, Byuroning boshqa lavozimlariga – oliy yoki o‘rta maxsus ma'lumotli boshqa mutaxassislikka (iqtisodchi, moliyachi, muhandislar va boshqalar) ega shaxslar ham tayinlanadi;
Davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari Byuroga mazkur Farmonga muvofiq yuklatilgan vazifa hamda funksiyalarini bajarishda har tomonlama ko‘maklashishga majburdirlar.
Byuro va uning hududiy tuzilmalariga energiya resurslarini yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasidagi vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlar beriladi:
- energiya resurslari yetkazib berilishi va iste'molini hisobga olishning to‘liqligi hamda haqqoniyligi, hisob-kitoblarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan, shu jumladan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishmagan holda tekshirishlar o‘tkazish;
- yetkazib berilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni iste'molchilar – yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning (keyingi o‘rinlarda iste'molchi – yuridik shaxslar deb ataladi) bank hisobraqamlaridan so‘zsiz undirish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan inkasso topshiriqnomalari qo‘yish;
- yetkazib berilgan energiya resurslari uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi qarzdorlikni xodim – iste'molchilarning ish haqidan ushlab qolish haqida ish beruvchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnomalar yuborish;
- energiya resurslari iste'moli, to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liqligini nazorat qilish va monitoringini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlarni vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlar va fuqarolardan talab qilib olish;
- jismoniy va yuridik shaxslarga energiya resurslari uchun qarzdorlikni bartaraf etish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnomalar yuborish;
- energiya resurslarini yetkazib berish va iste'mol qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga belgilangan tartibda moliyaviy sanksiya qo‘llash;
- vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlar, shu jumladan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga energiya resurslarini yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasidagi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, energiya resurslari uchun hisob-kitoblarni muntazam ravishda amalga oshirmayotgan iste'molchilarga nisbatan jamoat ta'sir choralarini ko‘rish haqida taqdimnomalar kiritish;
- energiya resurslari uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, Byuro talabnomalari ijro etilmagan hollarda, shuningdek, elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj holatlari aniqlanganda, iste'molchilarni elektr hamda gaz tarmoqlaridan uzish;
- energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlari bartaraf etilgan hamda to‘lovlar to‘liq amalga oshirilganda, ilgari elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan iste'molchilarni qayta ulash;
- energiya resurslaridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rish;
- energiya resurslari iste'molini nazorat qilish va hisoblash tizimini hamda uskunalarining sozlik holatini monitoring qilish.
«O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi energiya resurslarini yetkazib berish, iste'mol qilish va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazorat samaradorligini, shuningdek, energiya resurslari iste'molchilarining mas'uliyati va huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin», deyiladi farmonda.
Sud departamenti tugatiladi va uning davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan 1.301 ta bo‘shatilayotgan shtat birliklari Byuroga o‘tkaziladi.
Adliya vazirligi bir oy muddatda Sud departamenti balansida bo‘lgan va u foydalanayotgan binolar, vositalar hamda boshqa moddiy-texnika qimmatliklarini Byuro balansiga o‘tkazishni ta'minlaydi.
Tugatilayotgan Sud departamentining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha Byuro uning huquqiy vorisi hisoblanadi.
Mavzuga oid
16:36 / 29.05.2026
Rossiyadan O‘zbekistonga suyultirilgan gaz yetkazib berish 3,5 barobarga oshdi
09:30 / 27.05.2026
“Kommersant”: Rossiya Armanistonga gaz yetkazib berishni to‘xtatishi mumkin
15:43 / 19.05.2026
Ayrim qarzlar notarius orqali undiriladi
20:10 / 15.05.2026