Jamiyat | 13:43 / 04.02.2021
14491
7 daqiqa o‘qiladi

«Snos»lar bag‘ridagi hayot: olmazorlik oila yana qancha vaqt xarobada yashaydi?

Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi uchun ajratilgan hududdagi xonadonlar «snos»ga tushgan; uylar buzilishi va fuqarolarni boshqa joyga ko‘chirish ishlari yakuniga yetkazilmagani sabab bir oila xarobalar ichida yashamoqda.

Kun.uz'ga murojaat qilgan, Olmazor tumanining Zarqaynar 9- berk ko‘cha 61-xonadonda yashovchi Nodira G‘aniyeva va uning oilasini qiynayotgan muammo ham «snos» bilan bog‘liq.

Holatni o‘rganish maqsadida xonadonga bordik. Murojaat muallifi yashaydigan uy Islom sivilizatsiyasi markazining shundoqqina yonginasida joylashgan. Atrofdagi uylar buzilgan, egalari allaqachon boshqa joyga ko‘chirilgan. Lekin negadir birgina xonadon vakillari ko‘chirilmasdan qolgan.

«Bizga uy taklif qilinmayapti»

Bir yildan buyon xarobalar ichida yashayotganini aytgan Nodira G‘aniyevaga ko‘ra, barcha qo‘shnilariga buzilgan uylari evaziga ularning tanlovidan kelib chiqib yangi uylar berilgan.

«Uylarimiz buzilishi haqidagi gap 4 yil oldin tarqagandi. Atrofimizdagi qo‘shnilarimiz o‘zlari hohlagan joydan uy olib chiqib ketishdi. Ketishganiga ham bir yildan oshdi. Faqat bizning oila – 8 nafar jon shu yerda qolganmiz.

Men prezident portaliga va Olmazor tuman hokimligiga ham yozdim. Shahar hokimiyatiga ham murojaat qildim. Lekin haligacha muammomiz ijobiy hal etilmadi. Mas'ullar uyimizga kelishganda, «sabr qilib turinglar, tez orada hal bo‘ladi» deyishadi. Shuncha payt sabr bilan kutdik, ammo natija yo‘q.

Har kuni yonimizda og‘ir texnikalar ishlaydi. Ularning harakatidan uyimizning devorlari kundan kunga yorilib, yuzaga kelgan yoriqlar xavfli bo‘lib bormoqda. Hududdagi buzilish va qurilish ishlari natijasida atrof chang-to‘zon bo‘lib ketadi. Kunlar ichishi bilan uyimizni kalamush, sichqon va hashoratlargacha bosadi.

Qizim o‘qishga borib kelishi kerak, yon-atrofimizdagi uylar buzilib ketgani uchun uyimizga kirib-chiqishimiz uchun yo‘l yo‘q. Yog‘in-sochinli kunlarda loy kechishga majburmiz. Ota-onam nogiron. Tez-tez tez yordam chaqiramiz. Tez yordamdagilar ham kelib-ketishga qiynalishadi.

4 yil oldin hali endi buzilishlar boshlangan vaqt «Sohil bo‘yi»dan 9-qavatdan uy ko‘rsatishdi. Yana «Huvaydo» mebellar uyining orqasidan eski uylardan ham ko‘rsatishdi. U joy umumiy yotoqxona bo‘lib, juda eski ekan. Shu sababli rad etdik. Shundan beri uy ko‘rsatishmadi.

«Snos»ga tushgan uyimizning o‘rniga beriladigan kvartiralar bir pod'yezdan bo‘lmasa ham biri-biriga yaqinroq joydan bo‘lishini so‘rayapmiz xolos. Qo‘shnilarimizga aytgan joylaridan qilib berishdi. Bizga nega olib berishmayapti, to‘g‘risi, sababini bilolmayapmiz» – deydi Nodira G‘aniyeva.

Nodira G‘aniyeva

Hokimlik: «Uy taklif qilganmiz, ular rad qilishyapti»

Olmazor tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Rahimova holatga izoh berarkan, G‘aniyeva va uning oilasiga bir necha marta uy taklif qilinganini ta'kidladi.

«Nodira G‘aniyeva yashaydigan xonadon 3 sotixdan iborat bo‘lib, yashash maydoni 50–60 metr kvadratni tashkil qiladi. Uyda 3 ta oila yashaydi. Ota-onasi nogiron bo‘lgani sababli Nurafshon ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining birinchi qavatidan 4 xonali kvartira, shuningdek, «Green Park»dan o‘ziga 2 xonali, ukasiga esa 4 xonali kvartira taklif etganmiz. Lekin ular «beriladigan uylarning hammasi bitta «dom»da yoki bir-biriga yaqin joyda joylashgan bo‘lsin» deya takliflarimizni rad etishmoqda.

Axir biz ham uylarni imkoniyatimizga qarab olib beramiz. Hammasiga bitta joydan qilib bera olmaymiz. Agar taklif etgan uylarimizga rozi bo‘lishganda, allaqachon ularni ko‘chirib yuborgan bo‘lardik», – deydi Dilfuza Rahimova.

Ko‘rib turganingizdek, murojaat muallifi rasmiylar tovon sifatida uy taklif qilishmayotganini aytayotgan bo‘lsa, Olmazor tuman hokimligi buning aksini ta'kidlamoqda. Holatga oydinlik kiritish maqsadida Dilfuza Rahimovadan masalani joyiga chiqib o‘rganishni, hokimlikdan vakil ajratib berishini so‘radik. Afsuski, bu so‘rovimizga javob bo‘lmadi.

Oradan 3 kun o‘tib, ya'ni 2 fevral kuni Nodira G‘aniyeva qo‘ng‘iroq qilib, Olmazor tuman hokimligi xodimi Abdurasul Vahobov uylariga kelgani, tez orada beriladigan uylarni ko‘rsatishini va rozi bo‘lishsa hujjatlarni rasmiylashtirib berishi mumkinligini aytganini ma'lum qildi.

G‘aniyevaning qo‘shimcha qilishicha, Abdurasul Vahobov «Kun.uz muxbirlari kelganini va ular bilan gaplashib olishganini» aytgan. Ammo aslida hokimlikka masalani birgalikda o‘rganish bo‘yicha qilgan so‘rovimizga javob bo‘lmaganini yuqorida aytib o‘tdik.

Xulosa

Poytaxtda «snos»lar muammosi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Shahar hokimligining to‘ralarcha siyosati sabab buzilib ketgan xususiy mulklar uchun qarzdorligi milliardlarni tashkil etadi.

2020 yil 19 dekabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shu masalaga to‘xtalgan edi.

«2021 yilning oxirigacha joyi buzilgan birorta ham odam to‘lovsiz qolmaydi. Bundan tashqari, endi davlat ehtiyojlari uchun buziladigan bo‘lsa, oldin kerakli kompensatsiyasi beriladi. Qo‘limizda yetarli pulimiz yoki yerimiz bo‘lganidan keyin egasining roziligi bilan buzishga qaror qilamiz. Oldingidagi kabi [qonunsiz xususiy mulklarni buzish – «snos»] ishlarni qilmaslikka harakat qilamiz. Oldimizga shu maqsadni qo‘ydik», degandi Ortiqxo‘jayev.

Olmazordagi holatga qaytadigan bo‘lsak, to‘g‘ri, hozircha fuqaroning uyi buzilgani yo‘q. Lekin bu sharoitda faqat majburlikdangina yashash mumkin xolos. Atrofdagi uylar buzilib, ularning egalari yangi joyga ko‘chirilgan paytda, birgina xonadon vakillari xarobalar ichra kun kechirishga mahkum qilingan.

Kim bilsin, balki mutasaddilar kunlar shu zaylda davom etavergach, bu xonadonda yashovchilarning oxiri har qanday shartga rozi bo‘ladigan darajaga borib yetishini kutishayotgandir. Natijada fuqaroning hokimlik taklif qilgan uylar yoqmasa-da unga rozi bo‘lishdan o‘zga chorasi qolmaydi.

Rahmatillo Isroilov

Mavzuga oid