17:35 / 04.08.2019
53750

Xorazm viloyati hokimi: «Bundan buyon xalq bilan bamaslahat ish qilishga va'da beraman»

Prezident tanqidi va talabidan so‘ng Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov ham jamoatchilikka yuzlanib, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklari uchun uzr so‘radi. U Urganch tumanidagi Chondirqiyot qishlog‘ida uy-joylarini qurib olish bilan mashg‘ul sobiq Ashxobod mahallasi ahli bilan uchrashgan.

«Aziz eldoshlar, hurmatli Ashxobod mahallasi ahli, butun Xorazm viloyati jamoasi.

Bugun juda afsusda, iztirob bilan sizlarning oldingizda turibman. Sizlar bilan boshlagan ishimizning yakunida, biz o‘ylamay qilgan ishimiz natijasida, Ashxobod mahallasida yashayotgan juda ko‘p aholi xonadonlarini ko‘chiramiz, degan maqsadda sizlarning ko‘p aziyat chekishlaringiz, qiynalishingizga sababchi bo‘ldik.

Albatta, bu yerda men o‘zimni aybdor deb bilaman. Sababi agarda buni oldinroqdan rejalashtirib, hamma hisob-kitoblarini qilib, sizlar bilan hisoblashib qilganimizda bu voqealar bo‘lmas edi.

Albatta, biz Ashxobod mahallasini, bilasizlar, sanoat zonasida joylashgan, hech qanday infratuzilmasi yo‘q, eski joylar ekanini ham bilamiz. Lekin biz tezroq bu joydan yaxshiroq sharoitga ko‘chiramiz, deb turib, o‘ylanmay bosgan qadamimiz natijasida Ashxobod mahallasida yashovchi ko‘pchilik xonadonlarimizga nafaqat moddiy, hatto sog‘ligiga ham zarar keltirdik.

Bugun sizlarning oldingizda turib, sizlardan kechirim so‘ramoqchiman. Bunday masalalarni o‘ylamasdan qilishning keyini nimaga olib kelishini biz ko‘rib, bilib, afsuslanib turibmiz.

Bu ishlar prezidentimizning butun dunyoga eshiklarni ochib, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun turli davlatlardan katta-katta investorlarni jalb qilgan holda, shu jumladan Xorazm viloyatini ham ijtimoiy-iqtisodiy dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar soyasida bu narsalarning kelib chiqishi, albatta, nafaqat bu Xorazm xalqimizga, shu jumladan prezidentimizning olib borayotgan siyosatlariga ham qarshi bo‘lib turibdi.

Men ming afsusdaman. Bugungi ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaatimdan bugungi kundagi olib borilayotgan siyosatlarni sidqidildan bajarish uchun, qolaversa oldimizga qo‘ygan vazifalarni to‘g‘ri, hamjihatlik bilan, xalq bilan hisoblashib, xalqni rozi qilib ishlash bilan ishni boshlashni ma'qul ko‘ramiz.

O‘z xalqining daxlsizligi, har xil narsalardan saqlash, uning moddiy ne'matlarini asrash – to‘g‘ridan to‘g‘ri viloyat hokimining vazifasiga kiradi. Lekin bugungi kunda mening qo‘l ostimdagi odamlar bilan qilgan ishlarimiz bugungi talabga umuman javob bermayotganidan dalolat berib turibdi.

Men yana bir marta Ashxobod mahallasi, butun Xorazm xalqidan kechirim so‘ramoqchimanki, sababi bunday ishlar nafaqat Ashxobod mahallasida, balki boshqa tumanlarda ham amalga oshmaydi, deb kafolat berishdan yiroqman.

Bugundan boshlab hamma qilgan ishlarimizni yana bir marta sarhisob qilib, xato joylari bo‘lsa, hammasini joy-joyiga qo‘yishga so‘z beraman.

Ashxobod mahallasida 394ta xonadon bor edi. Bu 394ta xonadon 19 gektar maydonga joylashgan edi. Bugun mana shu 394ta xonadondan 78 xonadon egasi to‘liq hisob-kitob qilganimizdan so‘ng yashash uchun o‘zlarining uylari bor ekanini aytib, bu yerda uy qurmasligini bildirib, boshqa joylarga ketdilar. Qolgan 150ta xonadonga namunaviy uy berganmiz. Qolgan xonadonlarni qishning sovuq kuniga qolmasdan hamjihatlikda tez uylariga ko‘chirib o‘tkazib, xalqni rozi qilsak, shunda gunohimizni yuvgan bo‘lamiz, deb o‘ylayman.

Prezidentimizdan, qolaversa butun elimdan Xorazm farzandi sifatida yana bir marta kechirim so‘ramoqchiman. Bundan keyin qilinadigan ishlarning hammasini birinchi xalq bilan, qolaversa yoshi ulug‘lar, oqsoqollar bilan bamaslahat qilaman, deb va'da beraman.

Shu bilan birgalikda, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar uchun Xorazm viloyati sanoatni rivojlantirish, qurilish-kommunikatsiyalar bo‘yicha hokim muovini, shahar hokimining qurilish bo‘yicha muovini, shahar hokimiga xayfsan va prokurorga xayfsan berildi. Bu ishlarimizni yana davom qildiramiz, agar qayerdadir shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan soha mutaxassislari bo‘lsa, juda qattiq kurashamiz.

Albatta, men bugun xalqimga so‘z beraman, prezidentimga so‘z beraman, bundan keyin bunday ishlarni oqsoqollar bilan maslahatlashib qilsak, hamma ishning natijasi bo‘ladi. Sizlardan yana bir marta kechirim so‘rab, ishlarga muvaffaqiyat tilab, tezroq uy-joylarni bitirishga so‘z beramiz.

Xato qildik, buni tan olishimiz kerak. Sizlar bilan birinchi uchrashgan kunim ham kechirim so‘raganman. Birinchi ko‘rgandan kechiringlar, deganman. Lekin bugun rasman butun el, butun jamiyat bilishi kerak. Bizning xatomizni hamma tushunishi kerak. Ertaga boshqa viloyat hokimi xato qilmasin, boshqa tuman hokimi xato qilmasin. Xalqni norozi qilish nimaga olib kelishini hamma bilishi kerak», – dedi Ermanov aholi vakillari bilan uchrashuv vaqtida.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar 2 avgust kungi prezident selektorida dashnom eshitgan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev va Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev ham kechirim so‘rab chiqqan edi.

Mavzuga oid
Top