O‘zbekiston | 13:58 / 27.09.2023
7996
2 daqiqa o‘qiladi

OKMK yangi texnologiyalar asosida ferromolibden ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi

Foto: OKMK

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida ilk bor ferromolibden ishlab chiqarishning yangi texnologiyasi joriy etildi va to‘liq ishga tushirildi. Bunda ferromolibden mahsuloti molibden ishlab chiqarishda paydo bo‘ladigan molibden tarkibli chiqindilarni qayta ishlash asosida olinmoqda.

Ferromolibden 50-70% molibdenni o‘z ichiga olgan qotishma bo‘lib, zanglamaydigan, issiqlikka chidamli, rangli metallarning og‘ir qotishmalari, maxsus turdagi po‘latlarni ishlab chiqarishda ishlatiladi. Quyma temirga qo‘shilganda uning kuchini oshiradi. Ferromolibden qo‘shimchalari po‘latning xususiyatlarini sezilarli darajada yaxshilab, nozik kristalli tarkibning bir xilligi, qizib ketishga qarshiligi va qattiqligini, shuningdek, metallarning kislotaga bardoshligini oshiradi.

Dunyo tajribasida ferromolibden qum asosiga o‘rnatilgan eritish moslamasida, kuygan molibden konsentratidan molibdenni metall qaytaruvchi vosita bilan aralashmada yuklash va eritish orqali metallotermik usul orqali olinadi. Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida esa yangi texnologiya joriy etilib, ferromolibdenni kukun holatida ishlab chiqarish orqali uning yuqori sifatli bo‘lishiga erishildi.

Buning asosida oyiga 2000 kg ferromolibden ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 5500 kg hajmda Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga yetkazib berildi. Bugungi kunda ichki va tashqi bozorlar, jumladan Yaponiya, Koreya Respublikasi, Germaniya, Xitoy, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bozorlari o‘rganilmoqda.

Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini 2030 yilga qadar rivojlantirish dasturiga muvofiq 2025 yilga kelib 170 mlrd so‘m qiymatda ferromolibden mahsulotini ishlab chiqariladi. 

OKMK matbuot xizmati

Mavzuga oid