Jahon | 09:17 / 06.04.2026
8658
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropadagi hujumlar ortida Eron izi bo‘lishi mumkin - FT

Financial Times nashri yozishicha, “Ashab al-Yasmin” guruhining paydo bo‘lishi Eronning Yevropa bilan gibrid urushni boshlaganiga ishora qilishi mumkin. Avvalroq ushbu guruh sinagogalar va yahudiy maktabiga qilingan hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi.

Foto: Piroschka van de Wouw/REUTERS

Yevropa shaharlarida sinagogalar, yahudiy xayriya tashkilotlari va Amerika banklariga qarshi hujumlar sonining ortishi Eronning Yevropaga qarshi gibrid urushi boshlanganini ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda 5 aprel, yakshanba kuni Financial Times nashri Haagada joylashgan Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro markaz (ICCT) eksperti Julian Lanchesga tayanib xabar qildi.

Gap “Ashab al-Yasmin” guruhi bayonotlari haqida ketmoqda. Ushbu guruh Londondagi yahudiy xayriya tashkiloti “Xatsala” tez yordam mashinalariga o‘t qo‘yilgani, Belgiyaning Lej shahridagi sinagogaga hujum va Parijdagi Bank of America bo‘limiga qilingan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, ehtimol Eron hokimiyati bilan bog‘liq bo‘lgan bu guruh bir oy ham bo‘lmagan vaqt avval paydo bo‘lgan: 9 martga qadar “Ashab al-Yasmin” haqida na internetda, na undan tashqarida hech qanday iz bo‘lmagan.

“Hech qayerdan paydo bo‘lgandek tuyulgan guruh — bu g‘ayrioddiy holat”, — dedi Lanches Financial Times bilan suhbatda. Uning fikricha, bunday guruh Yevropa davlatlarida “xaos keltirib chiqarish va jamiyatni beqarorlashtirish” uchun Eron razvedkasining loyihasi bo‘lishi mumkin.

9 mart kuni “Ashab al-Yasmin” o‘zining Telegram-kanalida butun dunyo bo‘ylab “AQSh va Isroilga qarshi harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qildi. Ikki kun o‘tib, u Fransiyadagi sinagogaga o‘t qo‘yilgani uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Ko‘p o‘tmay, u Parijdagi Amerika banki Bank of America ofisiga qilingan hujum haqida ham bayonot berdi.

13 mart kuni Niderlandiyaning Rotterdam shahridagi sinagogaga hujum qilindi, ertasi kuni esa Amsterdamdagi yahudiy maktabiga hujum uyushtirildi. 16 mart kuni “Ashab al-Yasmin” Niderlandiya poytaxtidagi Amerika banki Bank of New York Mellon bo‘limiga hujum qilganini ma’lum qildi. 20 mart kuni esa mamlakat hukumati Xemstede shahridagi sinagogaga bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujumning oldini oldi.

23 mart kuni Londonda bepul shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yahudiy notijorat tashkiloti “Xatsala”ga tegishli to‘rtta avtomashinaga o‘t qo‘yildi.

“Ashab al-Yasmin” javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan ushbu hujumlar yuzasidan Niderlandiyada 10 kishi, Fransiyada 4 kishi va Buyuk Britaniyada yana 3 kishi qo‘lga olingan. Ularning barchasi 14 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.

Hujumlar sodir bo‘lgan davlatlar hukumatlari Eronning ushbu voqealarga aloqadorligini tekshirayotganini bildirdi. Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunes Le Monde gazetasiga aytganidek, Eron razvedkasi AQShga, yahudiy jamoalariga yoki muhojiratdagi eronlik muxolifat vakillariga qarshi operatsiyalar o‘tkazish uchun ko‘pincha “chetdan jalb qilingan shaxslar”dan foydalanadi.

Le Monde ma’lumotiga ko‘ra, Fransiyada qo‘lga olingan o‘smirlardan biri so‘roq paytida ijtimoiy tarmoqlarda bir erkak tomonidan yollanganini aytgan. Uning so‘zlariga qaraganda, o‘sha erkak “vafosiz qizdan o‘ch olmoqchi” ekanini aytgan. U o‘smirlarga yonuvchi moslamani ishga tushirish va buni videoga olishni buyurgan, evaziga esa 500 yevrodan 1000 yevrogacha haq to‘lashni va’da qilgan.

Eronning Yevropa davlatlaridagi elchixonalari Islom Respublikasining yahudiy jamoalari va Amerika banklariga qarshi hujumlarga aloqadorligini rad etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid