Nodir Sanaqulov Finlandiyada marketing tadqiqotchiligi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boradi. U bilan suhbatda ilmda bosib o‘tgan yo‘li, dunyoda marketing tushunchasi, marketing ilmining biznesdagi ahamiyati haqida so‘z bordi.

– Nodir aka, suhbat avvalida o‘zingiz haqingizda hikoya qilib bersangiz. O‘zbekistondan chiqib ketganingizga qancha bo‘ldi? Qaysi davlatlarda ta'lim olgansiz, hozirda nima bilan mashg‘ulsiz?

– Finlandiyada iqtisodiyot va biznes adminstratsiyasi fanlari bo‘yicha fan doktorligini himoya qilib, bir necha yildan beri ishlab-yashab kelyapman.

Asli samarqandlikman, maktabni tamomlab, SamDU Kimyo fakultetida o‘qishni boshlaganman. O‘sha vaqtlar ilmga qiziqqan yoshlar orasida chet elga chiqish kuchaygan edi. 2-kursdaligimda Hindistonga to‘liq stipendiyali o‘qishga yoshlarni olib ketilishi haqida eshitdim. Shu tanlovga topshirib, grant yutib oldim. Bu juda qulay edi: o‘qish bepul, yashash uchun ham stipendiya beriladi.

2003 yilda Dehli institutining kollejlaridan birida o‘qishni boshladim. Undan keyin magistraturada o‘qish uchun Janubiy Koreyani tanladim, koreyalik do‘stim sabab bo‘lib bu davlatga borish, ta'lim olishga qiziqdim. 2008-2010 yillarda Kombuk universitetida marketing bo‘yicha o‘qidim va keyingi faoliyatim ham shu yo‘nalishda ketdi. O‘qishni tamomlab, shu yerdagi yirik kompaniyaga ishga kirdim. Bir yarim yil ishlagan bo‘lsam, darsda olgan saboqlarimni amaliyotda qo‘llanishi qiziq tuyuldi va doktoranturada o‘qishni reja qilib bordim.

Menga nordik davlatlar yoqardi, shu sabab Finlandiyadan doktoranturada o‘qish uchun universitet izladim. Keyin bo‘lajak ustozim, Finlandiyadagi universitet professoriga magistrlikdagi qilgan ishlarimni jo‘natdim.

Doktorlik unvonini olib, Yevroittifoqning ta'limga qaratilgan loyihalarida qatnashdim, shuningdek, hozirda marketing menejmentidan dars beraman.

Kezi kelganda aytib o‘tay, Finlandiyada o‘qishga e'tibor kuchli bo‘lgani uchun, ish topishda kuchli raqobatga duch kelasiz, siz doktoranturani tugatgan bo‘lsangiz-da, bir o‘ringa hatto 25 nafargacha nomzod to‘g‘ri kelishi mumkin.

– Marketing ilm o‘laroq nimani o‘rganadi? Marketing nega ilm sifatida o‘rganiladi? Bu ilm sohasi O‘zbekistonda qay holatda?

– Marketing bu – vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradigan soha. Negaki, marketing deganda har bir professor yoki tadqiqotchi o‘z tarifini beradi. Hamma o‘z fikr dunyoqarashiga qarab tarif beradi, ya'ni o‘z tushunchasi bo‘yicha ko‘radi.