Yaponiya rasmiylari BMT bilan hamkorlikda favipiravir (boshqa bir nomi avigan) preparatini COVID-19ga chalingan bemorlarni davolashda qo‘llash uchun 20dan ortiq davlatga yetkazib berishni boshlash arafasida.
«Bu preparatning samaradorligini tekshirish yuzasidan xalqaro hamkorlikni kuchaytirishni istaymiz», dedi Yaponiya tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegu 7 aprel kungi brifingda.
Shu kuni AQSh Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi (FDA) koronavirus bemorlarini davolashda aviganni qo‘llab ko‘rishga ruxsat berdi.
Bu dorining koronavirusga qarshi samaradorligini Xitoy mart oyidayoq tasdiqlagan edi. Uhan va Shenjyen shaharlaridagi 340 bemor ishtirokida o‘tkazilgan klinik sinovlardan yaxshi natijalar olingan.
Xususan, shu dori berilgan Shenjyendagi bemorlar o‘rtacha 4 kunda, hech qanday dori ichmagan patsiyentlar esa o‘rtacha 11 kunda sog‘aygan. Qolaversa, avigan qabul qilgan bemorlarning 91 foizi rentgen qilib ko‘rilganida o‘pkasining holati yaxshilangani kuzatilgan. Taqqoslash uchun, xuddi shunday holat hech qanday dori ichmagan bemorlarning 62 foizida qayd etilgan.
«Preparat yuqori darajada xavfsiz va yaqqol davolash samarasiga ega», degandi Xitoy Ilm-fan va texnologiyalar vazirligi rasmiysi Jang Ksinmin mart oyi o‘rtalarida.
Ammo, The Guardian xabariga ko‘ra, ayrim manbalar dori og‘ir ahvoldagi bemorlarga yordam bera olmasligini aytmoqda.
«Aviganni 70-80 kishiga berib ko‘rdik, virus organizmda ko‘payib ketishga ulgurgan holatlarda u qadar ham yuqori samara bermayapti», degan Yaponiya sog‘liqni saqlash vazirligidagi manba.
Shu boisdan preparatni faqatgina risk guruhidagi bemorlar – qariyalar va surunkali kasalligi bor kishilarga berish ko‘zda tutilmoqda.

















