O‘zbekiston | 17:52 / 07.11.2021
31047
4 daqiqa o‘qiladi

Bir hovuzdan 450 million so‘m daromad. Intensiv usulda forel yetishtirayotgan baliqchilik baliqchi

 Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi “Nil Afshona” korxonasida baliqning noyob turi – forel (xonbaliq) yetishtirilyapti. Tadbirkor boqilishi turdoshlaridan biroz farqli bo‘lgan ushbu baliq turini O‘zbekiston sharoitida yetishtirib, yaxshigina daromad qilishning uddasidan chiqqan.   

Forel baliqlari faqatgina toza va sovuq suvda yashagani sababli noyob hisoblanadi. Undan tayyorlangan taomlar esa hamisha tansiq bo‘lib kelgan. Shu sababli, ushbu baliq turiga ichki va tashqi bozorda talab yuqori, narxi ham biroz qimmat. Tadbirkor Akmaljon Mirzayev oddiy usulda forel balig‘ini yetishtirib, ichki bozorni to‘ldirishga hamda ushbu luqmai halolning hamyonbop narxda bo‘lishiga harakat qilmoqda. 

“Uzoq yillardan beri Rossiyada tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelamiz. O‘sha yerda yemakxonalarda foreldan tayyorlangan sho‘rva va kaboblarni, ikrasini ko‘p tanovul qilganmiz. Shunda, bizning tumanimiz, qishlog‘imiz odamlari ham mazkur baliq turidan tanovul qilsa, deya orzu qilganman. 2019 yilda hovuzlarni bitkazib, xonbaliq yetishtirishni boshlab yubordik. Allohga shukur, omadimiz kelib, Baliqchi tumanining suvi aynan forel yetishtirishga mos tushdi. Bilasiz, xonbaliq pokiza, ya'ni toza va nisbatan sovuq suvda hayot kechiradi. Suvimiz yil davomida 17 darajada, undagi elementlar ham juda mos keldi. Suvimizning mazkur noyob baliqqa to‘g‘ri kelgani katta gap. Eng quvonarlisi, xonbaliq bizning suvda juda tez katta bo‘lib, vazni bir yilda 10 kilogrammgacha yetmoqda. Mutaxassislar O‘zbekistonda forelning vazni 10 kilogrammga yetganini avval kuzatmaganini aytishyapti”, — deydi Akmaljon Mirzayev.

Korxonaga 10 grammlik forel chavoqlari Uchqo‘rg‘ondan, yem-ozuqasi esa xorijdan olib kelinadi. Ozuqa vaqtida berilib, hovuzlar doim pokiza saqlanishi hamda suv tinimsiz aylanib turishi muhim omillar ekan. Baliqlar 1,5 kilogramm bo‘lgach, boshqa hovuzga olinadi va ozuqa ratsioni kuchaytiriladi. Baliqlar 4 oyda 3,5 kilogrammdan 4,5 kilogrammgacha vaznga ega bo‘ladi. 7 kilogrammlik baliqdan 1,5 kilogrammgacha qimmatbaho ikra (uvildiriq) olinishi mumkin.

“Ikralarni hali sotuvga chiqarmadik. Atrofimizdagi aholiga tarqatdik. Juda tansiq taom. Faoliyatimizni kengaytirsak, qishlog‘imiz aholisining og‘zi ikraga tegadi. Bilasiz, intensiv usulda baliq yetishtirish juda samarali. Mana shu 15 ming dona baliqni tabiiy holda boqish uchun juda katta hovuzlar kerak bo‘lardi”, — deydi tadbirkor.

6 ta hovuzda forel parvarishlayotgan tadbirkor tinimsiz izlanishda. Endilikda u alohida hovuzda chuchuk suvlarda eng katta vazn yig‘adigan baliq turi – osyotr boqishni ham boshladi. To‘plangan tajriba o‘zini oqladi, osyotrlar ham tez vazn olmoqda.

Daromadi haqida tadbirkor shunday deydi:

“Mana shu hovuzda 2 000 ta yetilgan baliq bor. Bu 6 tonna degani. Forelning kilosi 75 ming so‘m. Demak, 450 million so‘mlik mahsulotimiz tayyor. Forelimizga chet eldan ham xaridor ko‘p. Rossiyadan kelishib, ming tonna so‘rashdi. Qani edi shu miqdorda yetishtirishning iloji bo‘lsa. Buning uchun Baliqchida menga o‘xshagan kamida 25 nafar tadbirkor bo‘lishi kerak. Men Baliqchi sharoitida forel boqib, foyda ko‘rish mumkinligini isbotlab bo‘ldim. Endi shu yo‘nalishda ham tadbirkorlarni ko‘paytirish kerak”.

Forel balig‘i fosfor, omega-3 va omega-6 kabi yog‘ kislotalariga boy. Uning iste'moli esa insonda xotira susayishi, qon-tomir va asab kasalliklarining oldini oladi. Agar har bir tumanda Akmaljon Mirzayev kabi o‘nlab tadbirkor baliqning ushbu noyob turini yetishtirsa, inson organizmi uchun juda foydali bo‘lgan xonbaliqlar arzon narxda xalqimiz dasturxoniga yetkazilar edi.

Elmurod Ermatov,

Azizbek Ismoilov.

Mavzuga oid