“6 yildan beri kutyapmiz” - Toshkentda yana bir quruvchi odamlardan qochib yuribdi
Olmazor tumanida ulush kiritish asosida xonadon xarid qilganlar necha yildirki uyini ololmayapti. Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqarolarga ko‘ra, “Smart Houses” MChJ rahbarini topib bo‘lmayapti. Korxona soliq qarzi sababli bankrot deb e’lon qilingan va tugatilish arafasida.
Toshkent shahrida ko‘pqavatli uydan xonadon xarid qilish uchun qurilish bosqichida pul to‘lagan yana bir guruh odamlar aldanib qolganini aytmoqda.
Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, 2018 yilda “Smart Houses” MChJ Olmazor tumani Ziyo ko‘chasida joylashgan yerda (G‘alaba bog‘ining orqasidan) yangi uy qurishni boshlaydi.
O‘sha yilda xonadon olish istagida bo‘lgan ko‘plab fuqarolar loyihaga investitsiya kiritishga qiziqtiriladi va ulardan milliardlab summalar jalb etiladi.
2 yil davomida obekt uchun kotlovan qazilib, bir nechta qavatlar ko‘tarilgan, ammo xonadonlar vaqtida egalariga topshirilmagan. Ko‘plab noroziliklardan so‘ng, firmaning sobiq egalari tomonidan mablag‘lar talon-taroj qilingani aniqlangan. Shu sabab ularga jinoiy ish ochilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Shu bilan 2021 yilning dekabrida firmaga yangi ta’sischi bo‘lib Shavkat Shermatov ismli shaxs kelib, qurilishni davom ettirgan. Fuqarolarga ko‘ra, 2024 yilga kelib 8 va 5 qavatli uylar to‘liq qurib bitkazilgan.
Kun.uz'ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uy jami 7 ta: A, B, V, G , D, E va J bloklariga bo‘lingan. Shuning 3 ta: A, B, V bolidagi 77 ta xonadon to‘lov qilganlarga topshirilgan.
Qolgan 4 ta blokdagi 118 ta xonadon egalari esa hanuzgacha kalitlarini ololmayotgani, quruvchi firma odamlarni aldab yurgani aytilmoqda.
“Nega kalitni bermayapti, sababini bilmayapmiz”
“Bizni ishontirishdi, sabr qilsak, uyni berishlarini aytishdi. Agar shikoyat, to‘polon qiladigan bo‘lsak, ko‘zlariga yomon ko‘rinib qolishimizni aytishdi. Odamlar bir-biriga dalda berib, kutaverishdi, 6 oy deb, yana 6 oydan keyin boshqa gap qilishdi.
[Xonadonlarni] nimaga bermayotganini so‘rasak, “nega bermaymiz, sabr qilsanglar beramiz” deyishdi. 6 yil muddat ham katta sabr bo‘lsa kerak, bir bola 6 yoshga kirgan bo‘lardi”, – deydi fuqarolardan biri.
“6 yil bo‘lgan bo‘lsa, hech birimiz uyimizni olmadik. Uning orasida direktorlari o‘zgardi, yana nimalar bo‘ldi, bular ularning ishi. Shuncha xalq nomidan keldik, tayyor uylarimizni kalitini bermayapti, hamma narsasi bitgan. Nega [kalitni] bermayapti, nima sabab ekanini bilmayapmiz.
Lekin uy bitganida firma bankrotlik e’lon qilyapti. Bizning shartnomamiz, kvitansiyalarimizni o‘tmasligini, reyestrga(kreditorlar) kirmagansizlar deb uyimizni ololmasligimizni aytishyapti. Sababini bilmaymiz, ichimizda 100-80 foiz to‘laganlar bor”, – deydi uyga to‘lov qilgan ayollardan biri.
“Uy bitdi, hammaga xonadonlar taqsimlandi. Biz borib, “uyni qachon berasan?' deb so‘rasak, “ana kutib turing, mana kuting” deyishdi. Hokimiyat, prokuraturaga borsak, sabr qilishimizni aytishdi. Shu bilan uy 99,9 foiz bitdi, xonadonlarni investorlarga beradigan vaqtga ham keldi. Shunda ular bizga bildirmasdan 2 yil oldin bankrotlikka ariza berib, o‘zini bankrot deb e’lon qilishmoqchi bo‘lishgan, hozir shuning harakatida yurishibdi.
Firmaning yuridik manzili bor, lekin shu manzildan chiqib ketishgan. Ularning qayerda ekani noma’lum, biz borsak u yerda umuman boshqa odamlar o‘tiribdi. Na ofisi, na uyining manzili bor. Qurilishda ham o‘tirmaydi, hammadan qochib yuribdi”, – deydi murojaat qilgan boshqa bir fuqaro.
Xaridorlardan biri esa xonadonlar OLX'ga sotuvga qo‘yilganini, quruvchi firma odamlarni aldab yurganini iddao qildi.
“[Xonadonlar] OLX’ga sotuvga qo‘yildi. Bularning maqsadi – sotib, ko‘proq daromad olish. Uy bizning hisobimizdan qurildi, mijozlar to‘lamasa qanday qurar edi?! Hamma quruvchilar shunday, kotlovandan boshlab pul oladi. Nega biz jabr ko‘rishimiz kerak?
Shuncha uzoqdan niyat qilib, uy olamiz deb kelamiz-u, Qoraqalpog‘iston, Xorazm – hamma yerlardan [uyga to‘lov qilganlar] bor. Taxminan 150 nafar odam bor. Shuncha odam jabr ko‘ryapti”, – deydi u.
Boshqa bir ayol esa 5 qavatli uy avvaliga 8 qavatga yaqin bo‘lganini, mijozlarga 8 qavatdagi xonadonlar sotilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyinroq ba’zi sabablar bilan uyning tepa qavatlari buzilgan va 5 qavatga keltirilgan.
“Uy olayotgan vaqtimizda 9 qavatli bo‘lishi kerakmidi, xullas, bizga 7-, 8-qavat ham bo‘ladi deyishgan. Boshqa tarafda 9 qavatli uy topshirilgan, u yerda hozir odamlar yashashyapti.
[...] Hozir hamma joy bitgan, bizga kalitlari berilishi kerak edi. Lekin kalitni bermasdan, [firma egasi] Shavkat Shermatov har xil o‘yinlar qilyapti”,– deydi ayol.
Firma bankrot deb e’lon qilingan, u tugatilish arafasida
“Smart Houses” MChJning soliqdan 6 mlrd so‘mlik qarzdorligi sabab 2022 yil avgust oyida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan firmaga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan. Oktyabrda hal qiluv qarori bilan korxona bankrot deb topilgan va uni tugatishga doir ish yurituvi boshlangan.
Bugunga kelib bu yurituv ishi haliyam jarayonda. Buni MChJning korxona va tashkilotlar reyestidagi kartochkasi ham tasdiqlaydi, unda jamiyat hozir ham faol holatda ekani ko‘rsatilgan. Xo‘sh, nima sabab quruvchi mijozlariga uylarni bermayapti?
Kun.uz holat yuzasidan savollariga javob olish uchun “Smart Houses” ta’sischisi Shavkat Shermatov bilan bog‘lanishga urindi, ammo buning imkoni bo‘lmadi. Hozircha uylarga qilingan to‘lov qaytariladimi yoki yo‘q, xonadonlar taqdiri nima bo‘ladi, mijozlarga kim yordam beradi, bu noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Toshkent shahri, Yashnobod tumanida “Aziya Invest Favorit” MChJga hali qurilmagan ko‘p qavatli turar joy majmuasidagi xonadonlarga to‘lov qilib qo‘ygan mingdan ortiq fuqaro aldangani, zarar miqdori 300 mlrd so‘mdan ortiqligi ma’lum bo‘lgandi. Buning ortidan quruvchi va fuqarolar o‘rtasidagi muammoni hal qilish bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgandi.
Undan keyin Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida ham odamlarga sotilgan yangi uy-joylar quruvchining bankdagi krediti va boshqa qarzlari uchun xatlangani, xonadonlarga ko‘chib kirgan va boshqa turar joyga ega bo‘lmagan 46 ta oila o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatda ko‘chada qolayotgani xabar qilingandi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
10:27 / 14.11.2024
Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
12:10 / 13.11.2024