O‘zbekiston | 19:00 / 20.06.2023
7988
2 daqiqa o‘qiladi

OKMK ikkita xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi

Foto: OKMK Axborot xizmati

Joriy yilning 19 iyun kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati «Cert International» xalqaro sertifikatlash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan ikkita sertifikatni qo‘lga kiritdi. 

Birinchisi xalqaro standart - ISO 14001:2015 ekologik menejment tizimiga, ikkinchi sertifikat Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta’minlash menejment tizimi - ISO 45001:2018 xalqaro standartiga berildi.

Sertifikatlarni xalqaro sertifikatlash agentligi «Cert International» MChJ direktori Marat Xabibulin OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanovga topshirdi.

Muqaddam, OKMKda har ikki yo‘nalishda «Cert International» xalqaro sertifikatlash tashkilotining auditorlari tomonidan xalqaro standartga muvofiqligi yuzasidan xalqaro sertifikatlash auditi o‘tkazildi va audit yakunlari bo‘yicha xalqaro sertifikatlar taqdim etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

E’tiborlisi, ushbu sertifikatlarga kombinatda ekologik menejment tizimi xalqaro standart talablarini hamda Sog‘liqni muhofaza qilish va xavfsiz mehnatni ta’minlash menejment tizimini joriy etish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilishi natijasida erishilganini alohida qayd etish joiz.

Bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatmagan holda mavjud uskunalarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish salohiyatini deyarli ikki baravarga oshirish, yillik belgilangan rejalarni ortig‘i bilan bajarish, shu bilan birga ekologik xavfsizlik choralarini ko‘rish bosh maqsad sanaladi.

Asosiysi, mazkur ISO 14001:2015 hamda ISO 45001:2018 xalqaro standartiga sertifikatlari kombinat faoliyatida eng avvalo inson omili, uning sog‘ligi, xavfsizligi, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhit muhofazasi borasida mas’uliyatni his etishini ko‘rsatadi. Shuningdek, bu xalqaro sertifikatlar kombinatda boshqaruv tizimlari to‘g‘ri tashkil etilgani va korxonaning barqaror faoliyat yuritishini bildiradi.

OKMK axborot xizmati

Mavzuga oid