Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bugun faqat Turkiya tan oladigan Shimoliy Kiprda prezident saylanadi. Kurashda amaldagi prezident va bosh vazir
Bugun, 18 oktabr kuni Turkiya nazorat qiluvchi Shimoliy Kipr respublikasida prezident saylanadi. Bunday respublika borligini faqat Turkiya tan olgan. Qizig‘i, yolg‘iz o‘zi Shimoliy Kiprni tan olgan Turkiya Kiprning o‘zini davlat sifatida tan olmaydi.
Foto: AFP
Xalqaro hamjamiyat Shimoliy Kiprni davlat sifatida emas, Kiprdagi turklar manfaatini himoya qiluvchi tomon debgina tan oladi. Bugun, yakshanba kuni orolning shimolida 200 mingga yaqin saylovchi yangi prezidentni saylaydi. Saylovchilar ikki kishidan birini tanlashi kerak. Birinchisi – amaldagi prezident Mustafo Akinji, ikkinchisi – tan olinmagan respublika bosh vaziri va hukmron Milliy birlik partiyasi yetakchisi Ersin Tatar.
Kipr 1974 yilda ikkiga bo‘linib ketgan. O‘rta Yer dengizi havzasidagi katta davlatlar doim strategik muhim orol hisoblanuvchi Kiprni nazorat qilishga urinib kelgan. Orolning shimoliy qismi esa aynan 1974 yilda Turkiya askarlari tomonidan egallangan. 1983 yilda bu hududda Shimoliy Kipr Turk respublikasi davlati tuzilgani e'lon qilingan. Biroq bu davlatni faqat [o‘z navbatida Kiprni tan olmaydigan] Turkiya tan oladi.

Saylovda qatnashayotgan amaldagi prezident Mustafo Akinji 72 yoshda va u mutaxassisligi bo‘yicha arxitektor. U 1976 yil 28 yoshida tan olinmagan Shimoliy Nikosiya meri bo‘lgan (Kipr poytaxtining shimoliy qismida turklar yashaydi). U 14 yil davomida mer bo‘lib ishlagan, 2015 yil xalqaro hamjamiyat tan olmagan Shimoliy Kipr prezidenti bo‘lgan. Akinji hududda Turkiya nazorati kuchayib ketishini xohlamaydi va Kipr oroli ikki millatni (turklar va greklar) himoya qiluvchi ikki millatli va ikki zonali federativ respublika sifatida birlashishini qo‘llaydi.
Ersin Tatar esa aksincha Turkiya tarafdori. 60 yoshli Tatar Kiprda tug‘ilgan bo‘lsa-da, ko‘p yillar Britaniya va Turkiyada yirik biznes bilan shug‘ullangan. U Kembrij universiteti bitiruvchisi hisoblanadi. Tatar Shimoliy Kiprda 2009-13 yillarda moliya vaziri bo‘lib ishlagan va 2018 yildan bosh vazir lavozimida. Tatar raqibi Akinjidan farqli o‘laroq Turkiyani qo‘llaydi va Kiprda ikkita davlat bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Ya'ni, Kipr va Shimoliy Kipr. U Kiprdagi turklar doim Turkiya tomonida bo‘lishini aytadi.
Tatar saylov arafasida Turkiyada Rajab Erdo‘g‘an bilan uchrashib keldi. U Turkiya yetakchisi bilan uchrashuvda Shimoliy Kipr uchun ikki muhim masalani ko‘tardi – hududning suv ta'minoti va sayyohlik uchun muhim bo‘lgan Varosha kvartalini ochish.
Saylovlar fonida Turkiya Kipr sohillarida gaz topish bo‘yicha seysmorazvedka o‘tkazayotgani ma'lum. Bundan xabardor bo‘lgan rasmiy Nikosiya esa Yevropa Ittifoqida Belarusga qarshi sanksiyalar qo‘llanishi bo‘yicha muhokamada sanksiyalarni Turkiyaga qarshi ham qo‘llanilishiga erisha olmadi.
Kipr hukumati mamlakat shimolidagi tan olinmagan respublikada o‘tkazilajak saylovlarni noqonuniy deb hisoblaydi, biroq orolni birlashtirish bo‘yicha muzokaralarda aynan mana shu saylov g‘olibi qatnashishini inobatga olib natijalarni kuzatib borishga majbur. O‘z navbatida Shimoliy Kiprni davlat sifatida tan olmaydigan xalqaro hamjamiyat bu saylov g‘olibini Kiprdagi turklar yetakchisi sifatida tan oladi.
Saylovning birinchi bosqichida g‘olib aniqlanmadi, ya'ni hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmadi. Ersin Tatar 32,35 foiz, Mustafo Akinji 29,24 foiz, sobiq bosh vazir To‘fon Erhurman 21,68 foiz ovoz oldi. Hal qiluvchi saylov oldidan esa ikki nomzod qoldi – prezident va bosh vazir. Ersin Tatarni Shimoliy Kiprni davlat sifatida tan olgan yagona mamlakat – Turkiya qo‘llasa, amaldagi prezidentda boshqa ustunlik bor. Birinchidan, u amaldagi prezident, ikkinchidan, oldingi saylovda uchinchi bo‘lgan To‘fon Erhurman Akinjini qo‘llashini aytgan. Ya'ni, katta ehtimol endi uning tarafdorlari ham Akinjiga ovoz beradi. Bu esa katta ustunlik taqdim etadi.
Mavzuga oid
15:14 / 09.03.2026
Kiprdagi aviabazaga hujum qilgan drondan Rossiyada chiqarilgan qismlar topildi
15:15 / 03.03.2026
Trampning e’tirozi: Britaniya Eronga zarbalar uchun bazalarini bermadi
13:43 / 02.03.2026
Kiprdagi Britaniya aviabazasi dron hujumiga uchradi
18:38 / 17.02.2026