Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev Kun.uz’ga bergan intervyusida prezident farmon, qaror va farmoyishlari, byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan hujjatlar, videoselektorlarda berilgan topshiriqlari ijrosini ta'minlashdagi sustkashlik uchun javobgarlik tashkiliy masalalargacha borib yetishi mumkinligini ma'lum qildi.

«Davlat rahbari topshiriqlari ijrosi nazorati IJRO.GOV tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 4 mingdan oshiq hujjatlar – prezidentning farmon, qaror va farmoyishlari, shuningdek, protokol topshiriqlari IJRO.GOV tizimida mavjud. Bu hujjatlarda 60634ta topshiriq mavjud. Ulardan 47 mingdan oshig‘i yoki 78 foizi bajarilgan. 12856tasi esa bajarish jarayonida turibdi.

Bu sohada yangi ishtirokchimiz. Davlatimiz rahbari joriy yilda parlamentga qilgan murojaatida bu masalaga to‘xtalib, aniq topshiriqlar bergandi. Ya'ni prezident hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini nazorat qilish Adliya vazirligiga yuklatildi. Bu borada maxsus prezident farmoni ham qabul qilindi. Nafaqat hukumat tarkibidagi tashkilotlar, balki hukumat tarkibiga kirmaydigan boshqa tashkilotlarda prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilmoqdamiz. Bu ishlarni Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi bilan birgalikda amalga oshirib kelyapmiz.

Sohada jadal islohotlar ketayotgani, shuningdek, qabul qilinayotgan hujjatlar soni ko‘pligi uchun yechimini kutayotgan ayrim savol va masalalar bor. Oxirgi paytlarda qanday o‘zgarish bo‘ldi deb so‘raladigan bo‘lsa, biz Adliya vazirligining hududiy boshqarmalari va tumanlardagi bo‘limlari orqali prezident hujjatlari joylarda qanday ijro etilayotganining nazoratini olib borishni yo‘lga qo‘ydik. Xodimlarimiz bu boradagi kamchiliklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, qo‘llari bilan ushlagandan keyin bizga axborot berishmoqda. Ya'ni Adliya vazirligi qonunbuzilish holatlarini aniqlash bo‘yicha filtr vazifasini o‘tamoqda.