Jamiyat | 14:40 / 22.08.2024
35649
2 daqiqa o‘qiladi

Maktabga emas, qamoqqa: Denovda 9-sinf o‘quvchisi qamoqqa olindi

16 yoshli o‘smir bezorilik jinoyatini sodir etganlikda gumonlanmoqda. Prokuror sudda o‘smir tergov va suddan yashirinishi, ochiqda qolsa boshqa og‘ir yoki o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etishi mumkinligini aytgan. Sud prokurorning iltimosnomasini qanoatlantirib, o‘smirga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qo‘llagan.

Denov tumanida voyaga yetmagan o‘smir sud ajrimiga asosan qamoqqa olindi. U tumandagi 75-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan.

Sud ajrimida keltirilishicha, 2008 yilda tug‘ilgan E.M. oldin ham bezorilik jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topilgan. U takroran jinoiy sheriklari bilan bezorilik jinoyatini sodir qilganlikda gumonlanmoqda.

Jumladan, 2024 yil 27 may kuni soat 22:50da E.M. hamda uning jinoiy sheriklari Denov shahri, “Nurli-manzil” MFYdagi savdo do‘konlaridan birining oldida fuqaro M.D. va boshqalar bilan janjallashgan. Janjal paytida E.M. va uning sheriklari qo‘llarida bo‘lgan tosh hamda tayoqlar bilan M.D.ni kaltaklab, tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, ular ushbu bezorilik holatining oldini olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga ham qarshilik ko‘rsatgan.

E.M. bu orqali Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a, g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni (bezorilik takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilishi) qasddan sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Prokuror o‘z iltimosnomasida E.M. dastlabki tergov va suddan yashirinish ehtimoli borligini, ochiqda qolgan taqdirda boshqa og‘ir yoki o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etishi mumkinligini bildirib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llashni so‘ragan. Sud iltimosnomani qanoatlantirgan.

O‘smir Denov tuman IIB vaqtinchalik saqlash hibsxonasi orqali etap qilinib, Termiz shahridagi 9-son tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. 

Mavzuga oid