Jamiyat | 15:51 / 29.05.2018
451694
4 daqiqa o‘qiladi

Allohning va'dasi: Istig‘for aytib yuradigan banda azoblanmaydi

Istig‘for aytish banda tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va gunohlarga kaforat bo‘ladi, uning qalbini tozalaydi. “Islom nuri” dasturining bugungi sonida aynan mana shu mavzu haqda so‘z boradi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo‘limi xodimi Isoqjon Begmatov Ramazonda istig‘for aytish xususiyatlari haqida so‘zlab berdi.

YouTube'da tomosha qilish

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tas-IX'da tomosha qilish

- Ramazon oyining har bir lahzasini o‘ta g‘animat bilishimiz uchun biz, avvalo, nima ishlarni qilishimiz kerakligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan ham tanishib chiqishimiz kerak. Shulardan biri, albatta, istig‘forni ko‘paytirishdir, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Istig‘for – barcha yaxshiliklarning boshi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki istig‘for barcha dardlarga davo. U mushkullarni oson qiladi, hojatlarni ravo etadi. Istig‘for bandani Allohga bandachiligini izhor qilguvchi ibodat sifatida gavdalanadi. Istig‘for bandaning ojiz ekanligini, Robbil olaminga nihoyatda muhtoj ekanligini anglatadi.

Payg‘ambar (s.a.v)ning o‘zlari, gunohlardan mutlaqo xoli zot bir kunda 100 marotaba tavba qilib, Allohga istig‘for aytishlarini o‘zlari bizlarga hadisi shariflarida bayonini berganlar. Shundoq ekan barchamiz istig‘forga muhtojmiz. 

Istig‘forning o‘zi nima? U – tavba degani. Tavba esa bandani Allohga qaytishi degani. Bir gunohdan, yomon ishdan, yovuzlikdan qo‘lini tortish, tiyilish va ikkinchi bor bu ishga qaytmaslik deganidir. Alloh taolo o‘z oyati karimasida go‘yoki Payg‘ambarimiz alayhissalomga aytadi: “Siz ummatlaringizning ichida bo‘lganingiz holatda Alloh ularni jazolamaydi. Va modomiki ular istig‘for aytib turar ekanlar Alloh ularni azoblaguvchi bo‘lmaydi”, deb marhamat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
masjidlar bo‘limi xodimi Isoqjon Begmatov

Mana shu oyati karimaning tafsirida ulamolarimiz aytadiki, Alloh taolo tomonidan bo‘ladigan kulfatlar, ofatlar, azob-uqubatlar, har-xil ko‘ngilsizliklar bandalarni himoyalovchi va kafillik beruvchi narsa ikki xil bo‘larkan. Birinchisi, Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning bizlarning ichimizda bo‘lib turishlari. U zot jismonan vafot etganlar, oramizda yo‘qlar. Demak birinchi kafillik holati qo‘ldan boy berilgan. Ikkinchisi, modomiki bandalar Alloh taologa istig‘for aytib turar ekanlar Yaratgan ularni azoblamas ekan.

Azizlar, shuning uchun ham biz istig‘forni ko‘paytiruvchi bo‘lishimiz kerak. Payg‘ambarimiz (s.a.v)dan alohida “Sayyidul istig‘for” duosi qolgan. Istig‘forning qisqasi, uzuni, mukammali va, albatta, tilga osoni bor. “Astag‘firulloh” deyishning o‘zi ham istig‘for. Yoki “Astag‘firulloha va atuvbu ilayh” ham istig‘for sanaladi. Eng afzali va mukammali esa “Sayyidul istig‘for”ni aytishlikdir. 

Ramazon kunlarida turibmiz, istig‘forni ko‘paytiraylik. Istig‘forimizda o‘zimizni, shaxsiyatimizni emas, balki butun dunyo mo‘min-musulmonlarini yodga olaylik. Ularning haqlariga duo qilaylik. Toki bizda bo‘lgan tinchlik, emin-erkinlik va xotirjamlik ularda ham bo‘lsin.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid