O‘zbekiston | 11:04 / 24.08.2018
54620
9 daqiqa o‘qiladi

Prezident davlat stipendiyasi qanday talabalarga tayinlanadi?

Foto: fondkarimov.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida” 2008 yil 13 oktabrdagi 226-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Oliy ta'lim muassasalari bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyalari, nomli Davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktabrdagi 226-son qarorining 3-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Nizomga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalari bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari davlat oliy ta'lim muassasalarida butun o‘qishi davomida faqat a'lo baholarga o‘qiyotgan oxirgi kurs O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan talabalarga tayinlanadi.

Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalari (keyingi o‘rinlarda — nomli davlat stipendiyalari deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat bo‘yicha o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan talabalarga tayinlanadi.

Kelgusi o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari soni joriy o‘quv yili oxirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta'lim muassasalari bo‘yicha nomli davlat stipendiyalarini taqsimlashni ta'lim ixtisosiga va talabalar soniga muvofiq amalga oshiradi.

Stipendiyalarni tayinlash uchun quyidagi mezonlarni bajarish belgilanadi:

a'lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;

kamida ikkita e'lon qilingan ishlar (asarlar)ning mavjudligi;

tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi ta'lim yo‘nalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi;

tillarni bilish bo‘yicha umumiy talablar darajasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan, oliy ta'lim muassasalarining tillar bo‘yicha ixtisoslashmagan mutaxassisliklar uchun xorijiy tillarga bo‘lgan talablari hajmida belgilanadi.

Oliy ta'lim muassasasining rasmiy veb saytida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalariga tanlovlar bo‘yicha alohida bo‘lim (sahifa) ochiladi. Ushbu bo‘limda tanlovlarning e'lon qilinishi, hujjatlarni qabul qilish hamda tanlovlarni o‘tkazish muddatlari, talabgorlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, tanlovlarning har bir bosqichi va natijasi to‘liq yoritib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar dastlabki ko‘rib chiqish uchun fakultet kengashiga quyidagilarni taqdim qiladilar:

sinov daftarchasidan ko‘chirma;

dekanat, kafedraning tavsiyanomasi;

ilmiy (ijodiy) ish rahbarining fikr-mulohazasi;

ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning bosma nusxalari;

tillar kafedrasining suhbat natijalari haqidagi ma'lumotnomasi.

Barcha hujjatlar jildga tikilgan yoki papkaga joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi yoki nomli davlat stipendiyasining nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, kursi, guruhi ko‘rsatiladi.

Fakultet kengashida dekan, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirokida talabgorlar bilan o‘quv va ilmiy faoliyatlari bo‘yicha suhbat o‘tkaziladi va ularning yig‘ma jildlari (butun o‘qishi davomida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi, ilmiy ishlari, erishgan yutuqlari) batafsil o‘rganib chiqiladi va natijalari eng yuqori talabgorlar keyingi bosqichga tavsiya etiladi.

Fakultet kengashi tomonidan tavsiya etilgan talabgorlarning yig‘ma jildlari 30 avgustgacha Oliy ta'lim muassasasi kengashiga taqdim etiladi.

Oliy ta'lim muassasasi prorektorlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, jamoatchilik kengashi a'zolari ishtirokida belgilangan grafik asosida har bir nomzod 1 sentabrdan 15 sentabrga qadar talabalik davrida erishgan o‘quv, ilmiy, ma'naviy-ma'rifiy faoliyati to‘g‘risida oliy ta'lim muassasasi kengashida taqdimot qiladi.

Oliy ta'lim muassasasining rasmiy veb-sayti orqali 16 sentabrdan 25 sentabrgacha bo‘lgan muddatda oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan elektron ovoz berish orqali so‘rovnoma o‘tkaziladi.

Berilgan ovoz natijalariga ko‘ra oliy ta'lim muassasasi kengashi qarori bilan davlat stipendiyasiga tavsiya etish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga taqdim etiladi.

Tanlovlarning so‘ngi bosqichi - suhbat Oliy ta'lim muassasasi kengashi qarori bilan tuzilgan oliy ta'lim muassasasi rektori raisligidagi maxsus tanlov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Maxsus tanlov komissiyasi tarkibiga oliy ta'lim muassasasi prorektorlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, jamoatchilik kengashi a'zolari kiritiladi.

Maxsus tanlov komissiyasi faoliyatiga bo‘ysunuviga ko‘ra vazirlik va idoralar hamda kadrlarning asosiy iste'molchilari bo‘lgan korxona va tashkilotlardan rahbar va xodimlar kelishuv asosida taklif etiladi.

Suhbat natijalariga ko‘ra tanlov g‘oliblari maxsus tanlov komissiyasi a'zolarining yashirin ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

Oliy ta'lim muassasasi rektori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tanlovi g‘olibini tasdiqlash uchun Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hay'atiga taqdim etadi.

Maxsus tanlov komissiyasining qarori oliy ta'lim muassasasi rektorining talabalarga nomli davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirishi uchun asos bo‘ladi.

Stipendiyalar 1 sentabrdan boshlab, bir yil muddatga, belgilangan miqdorga qat'iy muvofiq holda tayinlanadi.

Davlat stipendiyalari tanlovlarida g‘olib bo‘lgan talabalarga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri hamda tegishli oliy ta'lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlangan quyidagi guvohnomalar beriladi:

«Beruniy davlat stipendiyasining sohibi»;

«Ibn Sino davlat stipendiyasining sohibi»;

«Navoiy davlat stipendiyasining sohibi»;

«Ulug‘bek davlat stipendiyasining sohibi»;

«Imom al-Buxoriy davlat stipendiyasining sohibi»;

«Islom Karimov davlat stipendiyasining sohibi».

Guvohnomalar talabalarning o‘qish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi.

Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida, tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, grant asosida qabul qilinadilar.

Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar o‘qishni tugatganlaridan so‘ng bir yil mobaynida magistraturada o‘qishni davom ettirish uchun xorijga yuborilayotgan yoshlar guruhlari tarkibiga kiritilishda ustunlikka ega bo‘lish huquqini saqlab qoladilar.

Kundalik darslarni o‘zlashtirmaganlik, o‘quv intizomini va ilmiy odob-axloqni buzganlik uchun o‘quv yili mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasidan mahrum qilish davlat oliy ta'lim muassasalari taqdimnomalariga binoan tegishli vazirliklar va idoralar buyruqlari bilan, nomli davlat stipendiyalaridan mahrum qilish fakultetlarning taqdimnomasi bilan oliy ta'lim muassasasi buyrug‘i bilan amalga oshirilishi mumkin.

Talabalarning davlat stipendiyalarini tayinlash bo‘yicha ariza va shikoyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga oid