Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Umrbod qamoq jazosini bering». Chamadonga joylangan murdaning yaqinlari sud hukmiga munosabat bildirdi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi muqaddam O‘zbekiston Oliy sudida ta'minotchi vazifasida ishlagan Sh.A.ning o‘limida ayblangan ikki shaxs ustidan hukm chiqardi.
11 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi Alisher Jalilov qotillik ishi bo‘yicha sud hukmini e'lon qildi. Bu haqda sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Sh.A.ning jasadi 8 avgust kuni kechga yaqin Qibray tumanidagi GES hududidan, sayohat chamadoniga tiqib qo‘yilgan holda topilgan.
52 yoshda bo‘lgan erkak muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ta'minotchi vazifasida ishlagani haqida ma'lumotlar bor. Shuningdek, u Samarqand viloyatida tug‘ilgani, poytaxtning Yakkasaroy tumanida yashab kelgani ma'lum.

Murdani ko‘zdan kechirish davomida badanida tan jarohati va undan qolgan izlar aniqlanmagan, sud tibbiy ekspertiza bo‘linmasi u bo‘ynidan to‘mtoq jism bilan bo‘g‘ilishi oqibatida nafas yetishmasligidan vafot etgan, degan birlamchi xulosani bergan.
11 dekabr kuni sudlanuvchi M. himoya so‘zida qotillikka aloqador aybini tan olib, qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishini so‘radi.

«Ijozat bersangiz, so‘nggi so‘zimni yozma topshiraman. Advokatim so‘zlarini qo‘llab-quvvatlayman. Ya'ni, faqat 241 bo‘yicha (Jinoyat kodeksining 241 moddasi («Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish») nazarda tutilgan jinoyat bo‘yicha – tahr.) aybimga iqrorman. Qolgan uchta moddaga rozi emasman. Marhumning qarindosh va yaqinlaridan kechirim so‘rayman. Iloji bo‘lsa, yoshim hurmati, keyin bolalarim bor... Mumkin bo‘lsa, qamoq jazosi bo‘lmagan, boshqa jazo tayinlang», — dedi M.
Qotillikni amalga oshirgan H. ham so‘nggi so‘zida qonun doirasida unga yengilroq jazo tayinlanishini so‘radi.

«Muqaddam sudlanmaganim, jamiyatga tegishi mumkin bo‘lgan nafimni hisobga olib, yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, jazo tayinlang», — dedi u.
Sudning hukmiga ko‘ra, H. Jinoyat kodeksining 97 moddasi («Qasddan odam o‘ldirish») 2 qismi «v» («aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni») bandi va 227 moddasi («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish») 2 qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topildi. Unga, jinoyatlar majmui tariqasida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan, uzil-kesil 19 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi M. Jinoyat kodeksining 227 moddasi («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish») 2 qismi «a» bandi va 241 moddasi («Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish») ikkinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli, deb topildi. Unga, jinoyatlar majmui tariqasida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan, uzil-kesil 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Jabrlanuvchining qonuniy vakili G. esa sud hukmidan norozi bo‘lib, jinoyatchilarga umrbod qamoq jazosi berilishini so‘ragani haqida gapirdi. Marhum yaqin qarindoshlaridan biri sud hukmi ustidan yuqori instansiyaga shikoyat qilishini ma'lum qildi.
Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.
Mavzuga oid
14:56 / 15.01.2026
Tuman (shahar) va viloyat sudlariga rais lavozimi kerakmi?
19:07 / 13.01.2026
O‘zbekistonda sud qanchalik mustaqil va erkin? – faollar bilan suhbat
15:35 / 10.01.2026
Molxonaga ko‘milgan seyf, tundagi yong‘in va uch qurbon – Dang‘aradagi mudhish qotillik
09:05 / 07.01.2026