O‘zbekiston | 11:29 / 26.07.2025
4031
4 daqiqa o‘qiladi

Bosh reja o‘zgartirilishi mumkin, faqat tadbirkorning g‘oyasi bilan emas – Qurilish vazirligi

Qurilish vazirligi yetti oy oldin qabul qilingan Toshkent bosh rejasi o‘zgartirilishi mumkinligini tasdiqladi. Ammo bu jarayon alohida tadbirkorning xohishiga ko‘ra emas, balki ilmiy yondashuvlar va jamoatchilik fikri asosida amalga oshirilishi ma’lum qilindi. 

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrining uzoq yillar kutilgan, 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 24 dekabr kungi qarori bilan tasdiqlangan edi. Qarorda bundan buyon har qanday qurilish ishlari tasdiqlangan bosh reja asosida bo‘lishi belgilangan.

Oradan yarim yil o‘tib, 2025 yil 9 iyul kuni Spot nashri Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Xalilovga tayanib poytaxt bosh rejasi o‘zgartirilishi mumkinligi haqida xabar berdi. Xalilov bu haqdagi savolga “bunday ehtimol mavjud” deb javob bergan va yakuniy qaror ekspert xulosalari asosida qabul qilinishini aytgan.

“Hozir Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish maqsadida tahlillar olib borilmoqda. Amaldagi hujjatda ayrim hududlar uchun bino balandligiga oid eskirgan hisob-kitoblardan foydalanilgan. Masalan, bosh rejada 5 qavatgacha balandlik ko‘rsatilgan, amalda esa bu hududlarda 16 qavatgacha qurilish qilsa bo‘ladi”, – degan vazirlik boshqarma boshlig‘i.

17 iyul kuni Savdo-sanoat palatasidagi ochiq muloqotda qurilish sohasidagi tadbirkor Murod Nazarov ham shu haqda gapirdi.

“Mana, xudo xohlasa, kutyapmiz: Toshkent shahrining bosh rejasi korreksiya bo‘lyapti. Xudo xohlasa, yaqinda chiqib qoladi”, dedi Murod Nazarov daraxtlar kesilishiga moratoriyni bekor qilish haqidagi shov-shuvli taklifini aytishdan oldin.

Poytaxt bosh rejasini o‘zgartirish Qurilish vazirligining kun tartibida yo‘q, tadbirkorlarning bu boradagi takliflari ko‘rib chiqilmaydi, deya ma’lum qildi vazir o‘rinbosari Davron Odilov Kun.uz bilan 23 iyul kungi suhbatda.

“Unaqa narsa (Toshkent bosh rejasini o‘zgartirish – tahr.) bizning kun tartibimizda yo‘q. [Murod Nazarov] vazirlik haqida gapirmadi. Rasmiylar to‘g‘risida ham, Qurilish vazirligi to‘g‘risida ham gapirmadi. Bosh rejani o‘zgartirish haqida ham gapirmadi. “Bosh rejani korreksiya qilishga taklif bermoqchimiz”, dedi. Hali undan hech qanaqa taklif ham kelib tushgani yo‘q, biz uni hali ko‘rib chiqqanimiz yo‘q, ko‘rib chiqmaymiz ham. Qurilish vazirligining kun tartibida yo‘q”, – dedi Odilov.

Yuqoridagi keltirilgan fikrlarga aniqlik kiritish maqsadida Qurilish vazirligi axborot xizmati qo‘shimcha izoh berdi.

“Vazir o‘rinbosari "bosh rejaga o‘zgartirish kiritilmaydi", deganda tadbirkorning o‘zgartirish kiritilishi rejalashtirilgan «korreksiyasi» haqidagi fikriga javob bergan. Tadbirkorning taklifi yoki tadbirkor g‘oyasi bilan bosh reja o‘zgartirilmaydi. Balki bosh reja doimiy takomillashib boradigan jarayon.

Qayd etish lozimki, vazir o‘rinbosari shaharning bosh rejasi takomillashuvi haqida gapirmagan. Tadbirkor nazarda tutgan shaxsiy manfaatidagi ma’lum bir o‘zgarishni nazarda tutgan”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, bosh rejani ishlab chiqishda ilmiy asoslar, shaharsozlik talablari va jamoatchilik fikri ustuvor ahamiyat kasb etadi. 1969 yilda tashkil etilgan “Toshkentboshplanliti” instituti ushbu jarayonda doimiy ravishda ilmiy izlanishlar olib boradi va Toshkent hamda Samarqand shaharlarining bosh rejalarini takomillashtiradi.

“Tadbirkordan kelib tushgan taklif yoki buyurtma asosida bosh rejaga o‘zgartirish kiritilmaydi. Vazir o‘rinbosarining javobi boshqarma boshlig‘ining fikrini rad etmaydi. Aksincha to‘ldiradi. Bosh reja tadbirkorning fikri bilan o‘zgaradigan hujjat hisoblanmaydi”, deya xulosa qilingan.

Mavzuga oid