Jamiyat | 20:12 / 16.08.2020
12775
5 daqiqa o‘qiladi

«Mahalladan yordamni rad etdim, axir mendan ham qiyin sharoitdagilar bor...» - Toshkentda aholi xonadonlariga tashrif

2020 yil butun dunyoni pandemiya qamrab oldi, koronavirus balosi bizni ham chetlab o‘tmadi. Karantin uzoq cho‘zilishi sabab ko‘plab oilalar ishsiz, oyliksiz qolgani bor gap.

Ijodiy guruhimiz bilan Toshkent shahridagi mahallalarda bo‘lib, odamlarimizning karantin davridagi turmush tarzi, fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

Dastlabki manzilimiz Shayxontohur tumanidagi mahallalardan biri bo‘ldi.

Dastlabki suhbatdoshimiz 64 yoshli Ra'no aya Ismoilova bo‘ldilar.

«Koronavirusdan oldin tez tibbiy yordamda feldsher bo‘lib ishlaganman. Shundan so‘ng avariya bo‘lib, 2-guruh nogironi bo‘lib qoldim, qiyinchilikka uchradim. Keyin savdo do‘konida ishladim, u ham yopilib qoldi. Hozir nafaqadaman. Nafaqamga kun ko‘raman. Hamma narsaga to‘g‘ri sarf qilganim uchun birovdan qarzim yo‘q. Davlatdan ham, odamlardan ham pul qarz emasman.

Mahallaga rahmat, har doim kelib turishadi. Yordam pullari, oziq-ovqatlarni olib kelganda xafa bo‘lib yig‘lab oldim. Shunaqa kunlarga tushib qoldim deb. Lekin har doim shukr keltiraman. Qani endi, yoshlikdagi kuchim bo‘lganda, ishlar edim. Men quruq non-choy ichib o‘tirsam ham birovga aytmayman. Bu noto‘g‘ri narsa, inson ko‘nikib yashashi kerak».

Ustachilik bilan shug‘ullanuvchi Mahmud Usmonovga mikrofon tutamiz.

«Kasbim ustachilik. Boshimdan operatsiya bo‘lib, kuchimni yo‘qotdim. Hozir jismonan avvalgidek baquvvat emasman. Karantin davrida transport qiyin bo‘lgani sababli ishimga borib-kelish muammo bo‘ldi. Farzandlarim bor, ular uchun ishlashim kerak. Erkak kishining vazifasi bu. Yordam berganlar uchun hammasiga rahmat, qiynalgan davrimizda bu juda katta yordam bo‘ldi».

Keyingi manzilimiz – Salima ona Usmonovaning xonadoni bo‘ldi.

«64 yoshga kirdim. Chorsudagi oshxonada ishlayman. Hozir karantin bo‘lgani sababli ish to‘xtab qoldi. U yerda oshpazlarga qarashib, idish-tovoq yuvaman. Ko‘p yillardan buyon ishlab o‘rganib ketganman. Nevaralarimdan, bolalarimdan kuch olib yashayman.

Karantindan keyin yana ishga tushaman. Bir kunda 50 mingcha pul berishadi. Shu vaqtgacha nolimaganman. Karantin davrida yordam berib turishdi, e'tiborsiz qolmadik, buning uchun minnatdorman».

Boshqa bir hovlida Munavvar aya Karimova bilan suhbat bo‘ldik.

«Nafaqada duoda bo‘lib o‘tiribman. Bir o‘g‘lim bilan yashayman, o‘g‘lim ustachilik qiladi. Koronavirus – yurtga kelgan to‘y. Hech qachon nolimayman. Shukr qilamiz, biz musulmonmiz, doim shukr qilishimiz kerak. Bu – sinov...

Mahalladan yordam olib kelishganida olmayman dedim. Chunki mendan ham og‘ir vaziyatdagilar bor. Och qolmayapmiz axir, mayli, ozgina go‘shsiz bo‘lsa ham ovqat yeyapmiz, muhimi qozonimiz qaynayapti.

Karantin davrida ayniqsa vahima qiynadi. Vahima odamga psixologik tomondan ancha og‘ir ta'sir qildi. Men avvalo Allohga suyanaman, Allohim hammani qo‘llasin. Bergan sinovlaridan hammamiz eson-omon o‘taylik, sinovlarning ham ajr-u savobini olish nasib qilsin».

Shundan so‘ng poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi mahallalarga bordik, u yerda ham aholi vakillari bilan suhbatda bo‘ldik. Ularning aksariyati karantin davrida mahalladan turli ko‘rinishda yordam olib turgani, e'tiborsiz qolmaganini aytishdi; karantin davridagi turmush tarzi va karantindan keyingi rejalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Albatta, karantin ham bir sinov ekanini aytib o‘tmoqchimiz. Lekin ana shunday og‘ir kunlarda ham fuqarolarimiz sabr bilan bu qiyinchiliklar o‘tib ketishiga ishonayotganini ko‘rish mumkin. Karantin xalqimizning asriy xarakterini yana bir bor yuzaga chiqarganini ham ta'kidlash o‘rinli: saxovat va mehr-oqibat, qo‘shnichilik rishtalari mustahkamlandi.

Rahmatillo Isroilov

Mavzuga oid