O‘zbekiston | 13:45 / 18.07.2019
6809
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston yoshlari – 2030» konsepsiyasi tasdiqlanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda yoshlar bilan ishlashning yangicha modellarini yaratish va xalqaro standartlarga mos mexanizmlarni ishlab chiqishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston yoshlari – 2030” Konsepsiyasi, 2019-2020 yillarda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida amalga oshiriladigan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Quyidagilar Konsepsiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

yoshlarning madaniyat, san'at, sport, axborot texnologiyalari va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 5 ta tashabbusni yoshlarimizning kundalik turmush tarziga aylantirish borasidagi amaliy chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish va natijadorligini oshirish;

ishsiz, uyushmagan, ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonida faol bo‘lmagan yoshlarning har tomonlama ijtimoiylashuviga, bandligini ta'minlashga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish;

yoshlarning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, startap g‘oyalarini rag‘batlantirish, ularni tadbirkorlik va fermerlikka faol jalb etishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratish;

yoshlar o‘rtasida uchrayotgan salbiy holatlarni oldini olish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keskin kamaytirishga qaratilgan profilaktik ishlar natijadorligini oshirish;

yoshlar o‘rtasida ko‘ngillilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ijodkor, tanqidiy-tahliliy mushohada orqali erkin fikrlovchi, ishbilarmon, tadbirkor hamda intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan bugungi kun qahramoni timsolini yaratish;

yosh xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

yosh oilalar, xususan, imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ma'naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish;

yosh tashabbuskor kadrlarni tanlash va ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish;

yoshlar muammolarini o‘rganish ishlarini tizimli tashkil etish va ularni hal etishga qaratilgan ishlar natijadorligini oshirish;

xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash, xalqaro yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va xalqaro doirada tajriba almashinuv tizimini yanada takomillashtirish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid