O‘zbekiston | 08:09 / 12.04.2021
2877
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonning 9 ta hududida 2 trln 476 mlrd so‘mlik 66 ta loyiha ishga tushiriladi

Investitsiya loyihalari asosan Qorao‘zak, Mo‘ynoq, Ellikqal'a, Amudaryo, Beruniy, Shumanay, Chimboy, Nukus shahri va tumanida ishga tushiriladi. 

2020 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qurilish materiallari yo‘nalishida jami 304 korxona faoliyat ko‘rsatgan. 464,4 mlrd so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan va o‘sish sur'ati 110 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 2020 yilda qiymati 184,7 mlrd so‘m o‘zlashtirish hisobiga 94 ta loyiha ishga tushirilib, 729 ta ish o‘rinlari yaratilgan.

Mazkur ishlarning uzviy davomi sifatida 2021-2023 yillarda ham hududda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 2 trln 476 mlrd so‘m bo‘lgan jami 66 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Loyihalarni moliyalashtirish 59 foizi yoki 134,3 mln dollari xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan amalga oshiriladi. 

Investitsiya loyihalari asosan Qorao‘zak, Mo‘ynoq, Ellikqal'a, Amudaryo, Beruniy, Shumanay, Chimboy, Nukus shahri va tumanida ishga tushiriladi. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda jami 227,6 mlrd so‘m investitsiyalar, shundan 14,9 mln dollari xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan o‘zlashtirildi.

Sanoatlashgan Qorao‘zak tumanida eng yirik loyihalardan biri «KARAKALPAK TseMeNT» MChJda amalga oshiriladi. Korxonada 558,2 mlrd so‘m investitsiya hisobiga sement ishlab chiqarish quvvatlari 1,1 mln tonnaga ko‘tariladi, ushbu loyiha 2022 yilda ishga tushiriladi.

Shuningdek, Qorao‘zak tumanida vermikulit toshidan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, yiliga 10 ming tonna vermikulit konsentrati ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «TRIUMF-VERMIKULIT» MChJ tashkil etiladi. Shuningdek, «SVERXBELPROEKT» MChJda vermikulit konsentratini ishlab chiqarishni 3 ming tonnaga kengaytirish hamda «Bo‘ston Talk» MChJda 216 ming kv.m vermikulitdan issiqlik saqlovchi plitalar kabi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.

Mo‘ynoq tumanida «Mo‘ynoq LDSP» MChJ tomonidan umumiy qiymati 87,2 mlrd so‘m investitsiya hisobiga yiliga 50 ming kub metr qamishdan DSP va LDSP mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. E'tiborlisi, ushbu korxonani foydalanishga topshirish uchun 5,4 mln dollar xorijiy kreditlar jalb etilgan. Loyiha amalga oshirilgach, 150 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, ushbu tumanda «Wave texnology» MChJda 50 mlrd so‘m investitsiya hisobiga 15 ming tonna keramik mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Hududda issiqlik saqlovchi zamonaviy gazobeton bloklar ishlab chiqarish bo‘yicha ham loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda Qonliko‘l tumanida «Qonliko‘l ipagi» XKda 3 ming kub metr, Xo‘jayli tumanida «Imkon Zamon» MChJda 10 ming kub metr va Ellikqal'a tumanidagi «Nabi Gazoblok Ta'minot» MChJda 5 ming kub metr gazobeton bloklari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Nukus shahrida ham «KARDAR IShLAB ChIQARISh MAHSULOTLARI» MChJda 100 ming metr kv toblangan oyna, «Brisks Tile trans servise» MChJda yiliga 10 ming kub metr temir beton buyumlari va «Nukus Lak Bo‘yoqlari» MChJda yiliga 8,5 ming tonna shpatlyovka, lak-bo‘yoq mahsulotlari va PVA yelimi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid