O‘zbekiston | 22:52 / 20.06.2024
4369
2 daqiqa o‘qiladi

Yoqilg‘i-energetika tarif siyosatining 2035 yilgacha bo‘lgan davrdagi yo‘nalishlari belgilandi

Iste’molchilarni elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan asoslangan, raqobatli va adolatli tariflar bo‘yicha foydalanishini ta’minlash tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. 

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori (.pdf) qabul qilindi. 

Qaror bilan 2035 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. 

Bular:

- iste’molchilarni elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan asoslangan, raqobatli va adolatli tariflar bo‘yicha foydalanishini ta’minlash;

- yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining moliyaviy barqarorligi va investitsiya jozibadorligini ta’minlash;

- ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan, DXSh shartlari asosida kengaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini ta’minlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash;

- tariflarni belgilashda takror subsidiyalash amaliyotini bosqichma-bosqich bekor qilish va manzilli subsidiyalar berish orqali aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash;

- yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida shaffof, izchil va oldindan taxmin qilish imkoniyatini beruvchi tartibga solishni o‘rnatish, shu jumladan, investorlar uchun tartibga solish tavakkalchiligini kamaytirish maqsadida tariflarni uzoq muddatga belgilash amaliyotini bosqichma-bosqich joriy qilish;

- respublikaning barcha hududlarida 2035 yilga qadar aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz yagona narx siyosati asosida sotilishini ta’minlash. 

Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

- Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining tarkibi;

- Idoralararo tarif komissiyasi to‘g‘risidagi nizom. 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 2025 yil 1 apreldan kuchga kiradi.

Mavzuga oid