Murojaat 25 yil muqaddam davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan ko‘chmas mulk obektlari Farg‘ona shahar hokimligi da'vosiga asosan ma'muriy sudlar tomonidan davlat zaxirasiga tortib olinayotgani haqida edi.
Shu bois, murojaatlarni o‘rganish va tadbirkor dardiga quloq tutish maqsadida Farg‘ona viloyatida bo‘lib qaytdik.
Ma'lumki, «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 24-moddasiga ko‘ra, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 17 yanvarda imzolagan «Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 4933-sonli farmonida ham bu masalaga alohida e'tibor qaratilib, davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qilish organlari va sudlar tomonidan xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, obektlar qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalarini o‘rtaga qo‘yish taqiqlab qo‘yilgan.
Biroq, ushbu tartib-qoidalarga Farg‘ona shahar hokimligi, Farg‘ona shahar ma'muriy sudi va viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan rioya etilmagani oqibatida bundan 25 yil avval xususiylashtirilgan mulkni bugungi kunda qonuniy tarzda egallab, tadbirkorlik faoliyatini yuritib kelayotgan fuqarolar sarson-sargardon bo‘lishdi, moddiy va ma'naviy zarar ko‘rishdi.
Mulkni tortib olishning eng oson yo‘li sud
Gap shundaki, Farg‘ona shahar hokimligi shahar ma'muriy sudiga da'vo ariza bilan murojaat qilib, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Davlat qo‘mitasi Farg‘ona viloyat boshqarmasining bundan 25 yil avvalgi davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda ifodalangan buyrug‘i hamda mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Farg‘ona shahar ma'muriy sudi sudyasi S.Kurbanovning 2019 yil
18 iyuldagi hal qiluv qarori bilan hokimlikning da'vosi qanoatlantirilib, mulk qo‘mitasi Farg‘ona viloyat boshqarmasining 1994 yil 3 noyabrdagi buyrug‘i hamda 1994 yil 23 noyabrdagi mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderi haqiqiy emas deb topilgan.












