O‘zbekiston | 07:30 / 20.05.2020
16270
3 daqiqa o‘qiladi

Qator tadbirkorlik sub'yektlari virtual kassa tizimiga o‘tadi

Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarni qo‘llash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarni qo‘llash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 23 noyabrdagi 943-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har yili olis, yetib borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari ro‘yxatini tasdiqlab, yil yakuni bilan keyingi oyning 10 sanasiga qadar Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etib boradi.

Tadbirkorlik sub'yektlari virtual kassadan foydalanishga o‘tgan taqdirda ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud qat'iy belgilangan daromad solig‘i summasini virtual kassani 2021 yil 1 yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi.

Elektron tijoratni amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub'yektlari 2021 yil 1 yanvardan virtual kassa tizimiga o‘tishi belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Qudbiyev zimmasiga yuklanadi.

Mavzuga oid