Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uyda G‘azo bo‘yicha yig‘ilish bo‘ladi - Uitkoff
Oq uyda AQSh prezidenti raisligida G‘azo bo‘yicha katta yig‘ilish o‘tkaziladi. Isroilga bosim ortib borayotgani fonida tashkil qilingan uchrashuv tafsilotlari ochiqlanmadi. Tramp maxsus vakili Stiv Uitkoffning aytishicha, AQSh G‘azodagi urush yil oxirigacha yakunlanishini kutmoqda.
Foto: White House
AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Oq uyda bo‘lib o‘tadigan G‘azo bo‘yicha yig‘ilishga raislik qiladi. Bu haqda ma’lumot bergan AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffga ko‘ra, rasmiy Vashington Isroilning G‘azodagi urushi yil oxirigacha yakunlanishini kutmoqda.
«Ertaga Oq uyda prezident raisligida katta yig‘ilishimiz bor va biz ertasi kuniga juda keng qamrovli reja tayyorlayapmiz», dedi Fox News telekanaliga intervyu bergan Uitkoff. U batafsil tushuntirmadi va yig‘ilish ishtirokchilarini sanab o‘tmadi.
Isroil urushni tugatish va garovdagilarni ozod qilish uchun boshqacha yo‘l tutishi kerakmi, degan savolga «Biz bu masalani bir yo‘l yoki boshqa yo‘l bilan, albatta yil oxiridan oldin hal qilamiz, deb o‘ylaymiz», dedi Uitkoff.
Shuningdek, Trampning vakili, Isroil Hamas bilan muzokaralarni davom ettirishga ochiqligini aytdi. Unga ko‘ra, Hamas ham kelishuvga ochiqligini bildirgan.
Shu kunning o‘zida AQSh davlat kotibi Marko Rubio Vashingtonda Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bilan uchrashishini ma’lum qildi.
Reutersning yozishicha, Tramp 2024 yilgi AQSh saylov kampaniyasi davomida ham, yanvar oyida lavozimni egallagach ham G‘azodagi urushni tezda tugatishga va’da bergandi, biroq deyarli yetti oy o‘tgan bo‘lsa-da, bu maqsad hali ham amalga oshgani yo‘q.
Trampning prezidentligi G‘azodagi sulh bilan boshlangandi, biroq u ikki oy davom etdi. Sulh — 18 mart kuni Isroil 400 ga yaqin falastinlikni o‘ldirgach tugadi. So‘nggi haftalarda G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotgan falastinliklar, jumladan, bolalar suratlari dunyoni larzaga soldi va Isroilga tanqidni kuchaytirmoqda.

Xususan, 25 avgust kuni Isroil armiyasining Nasser shifoxonasiga bergan zarbasi oqibatida 21 kishi, jumladan, xalqaro OAVlarning 6 nafar xodimi halok bo‘ldi. Netanyahu jonli efirda ketgan bu holatni «fojiali xato» deb atadi. Tramp esa bundan bexabar qolganini aytib, G‘azodagi vaziyat «ikki-uch haftada yaxshi bo‘lishini» bildirdi. Ushbu voqea bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va Yevropa liderlari Isroildan mustaqil tergov talab qilishni boshladi.
Ma’lumot uchun, Isroilning 2023 yil oktyabrdan buyon G‘azoga uyushtirayotgan halokatli hujumlari 62 mingdan ortiq falastinlikning o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu ham ochlik inqirozini keltirib chiqardi, G‘azo aholisini butunlay ichki migrantlarga aylantirdi. Shuningdek, Isroilni xalqaro sudlarda genotsid va urush jinoyatlarida ayblashga turtki berdi.
Ayni vaqtda Isroilning o‘zida garovdagilar ozod qilinishini va G‘azodagi urushni tugatishni talab qilib, umumxalq norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mavzuga oid
10:25
Moskva: Kiyev AQSh rejasi bo‘yicha muzokaralarni to‘syapti
08:25
Vashington Kiyevga 15 yillik xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmoqda
21:51 / 26.12.2025
Isroil dunyoda birinchi bo‘lib Somalilend mustaqilligini tan oldi
21:21 / 26.12.2025