O‘zbekiston | 14:12 / 13.06.2020
35783
15 daqiqa o‘qiladi

Grantda o‘qigan talabalarni hududlarda 3 yil ishlashga jo‘natish taklif qilindi. Bu qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 9 iyun, seshanba kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, yig‘ilish davomida Shavkat Mirziyoyev Xitoy tajribasidan kelib chiqib, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan qishloqlarga vazirlik va idoralarni biriktirib, muhtojlarga ko‘maklashish tizimini yaratish, oilaviy tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan. U yig‘ilishda shuningdek, davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalar 3 yil muddatga shunday hududlarga mehnat faoliyati uchun yo‘naltirish taklifini ham bildirgan. Bugun ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarning o‘z segmentida faol muhokama qilinmoqda.

Kun.uz muxbiri xabarga oydinlik kiritish maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov bilan suhbatlashdi.Markaz direktori suhbat davomida O‘zbekiston iqtisodiyotiga oid boshqa bir qancha masalalar bo‘yicha  ham fikrlarini bildirdi.

— Bu taklifning mazmunida nima ko‘zlangan va qanday natijalarga erishishimiz mumkin?

– Bu taklifning tagida nima yotibdi? Davlat rahbarining maqsadlari nima edi? Bu savollarga javob berish muhim.

O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish uchun qilinayotgan harakatlar doirasida bu taklif ilgari surildi. Biz shuncha yil mustaqil davlat sifatida shakllangan bo‘lganimiz bilan 2020 yilgacha kambag‘allik degan so‘zni umuman ishlatmaganmiz. Rivojlanayotgan davlatlarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha strategiya dasturlari bo‘ladi. Ilgari bizda shu kabi dasturlar qilinardi-da, lekin boshqacha nomlanardi. Kambag‘allik so‘zi ishlatilmagan. Buning nomini biz farovonlikni oshirish strategiyasi deb aytardik. Bu so‘zni ishlatishga ham qandaydir to‘siqlar bo‘lgan. 2020 yilda Oliy Majlisga prezident murojaatnomasida kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha maqsadlar belgilab berildi.

Kuni kecha bo‘lgan yig‘ilishlarda keyingi qadamlar belgilandi. Kambag‘allikni aniqlash, yashash minimumini belgilashning qonuniy asoslarini yaratish, kambag‘allikning chegarasini aniqlash bo‘yicha ishlar, ijtimoiy reyestrni shakllantirish kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha eng muhim qadamlarimizdir.

Kambag‘allikdan chiqarish deganda ko‘pchilik odamlarga ish bersak, ular daromadga ega bo‘lsa, o‘z-o‘zidan kambag‘allikdan chiqib ketadi degan fikr mavjud. Kambag‘allikka qarshi kurash – kompleks va murakkab jarayon. Jahon tajribasini o‘rganadigan bo‘lsak, kambag‘allikka qarshi kurashda muvaffaqiyatlarga erishilganini ko‘rish mumkin. Lekin tor doirada o‘ylab, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirmasdan muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan mamlakatlar ham bor. Dunyoda kambag‘allikka qarshi kurashda katta muvaffaqiyatga ega bo‘lgan davlatlardan biri Xitoyni oladigan bo‘lsak, 1981 yilda Xitoyning 88 foiz aholisi kambag‘allikda yashagan. 2015 yilga kelib, kambag‘allikda yashayotganlarning ulushi 0,7 foizga yetgan. Xitoy 850 mln aholisini kambag‘allikdan chiqargan. Kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha Xitoy tajribasini ko‘radigan bo‘lsak, u yerda ikkita garantiya va uchta garantiya degan strategiya qo‘llanilgan.

Ikkita garantiyada kambag‘allikdan chiqarishda oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta'minlanishi kerak bo‘lgan. Iqtisodiyotda oziq-ovqat qopqoni degan narsa bor. Odam qachon kambag‘allikdan chiqadi – qachonki, ovqat va kiyim-kechak qopqonidan chiqa olsa. Odam normal sharoitda ovqatlansa, normal odam singari funksiyalarni bajara oladigan ratsionga ega bo‘lsa, u ertaga o‘zining inson kapitalini ham tiklay oladi, kambag‘allikdan chiqib keta oladi. Samaradorligi, mehnat unumdorligi oshadi. Mehnat unumdorligi bilan oziq-ovqat ratsionining orasidagi bog‘liqlikni isbotlagan bir necha iqtisodiy tadqiqotlar mavjud.

Uchta garantiya esa ta'lim, sog‘liqni saqlash va uy-joy masalasini qamrab oladi. Keyingi uchta garantiyani olgandan keyin bu odam qaytadan kambag‘allikka qaytib kelmasligi kerak.

Qishloqlarda, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan hududlar aholisining bilim darajasini oshirish bo‘yicha choralar amalga oshirish kerak. Xitoy tajribasini ko‘radigan bo‘lsak, bu tadbirlarni amalga oshirish maqsadida qishloqlarda o‘qituvchilar uchun 240 mingdan ortiq uylar qurilgan. Bu uylarga markazlarda o‘qituvchilikni tugatgan 300 mingdan ortiq odamlarni olib kelib, qishloq aholisining bilimini oshirish bo‘yicha harakatlar qilingan. Bundan tashqari, qishloqlardagi odamlarning bilimini oshirsangiz, ularga ish beradigan bo‘lsangiz, ularning sog‘ligini saqlash bo‘yicha ishlar qilinmaydigan bo‘lsa, bu odamlar topgan pulini ertaga jamg‘arish, bolasining ta'limiga investitsiya sifatida tikish emas, sog‘ligini saqlashga, kasalligini davolashga sarflaydi va yana kambag‘allik qopqoniga tushib qoladi. Shu kontekstda aytadigan bo‘lsak, davlat rahbari tomonidan aytilayotgan kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha strategiya faqatgina ish bilan ta'minlash emas, unga bilim berish, uning sog‘ligini tiklash, unga uy-joy berish va normal inson sifatida shakllanishi uchun sharoitlar yaratishni ko‘zda tutadi. Birgina qismi oliy ta'limni bitirayotganlarni qishloqlarga yuborib, ularni ta'lim berish, sog‘liqni saqlash jarayonlariga jalb qilish, davlatning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha siyosatini o‘sha yerda amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.

– Shu qismi eng ko‘p muhokama qilinyapti. Mantiqan olib qaraganda, davlat granti asosida eng kuchli, bilimli talabalar o‘qiydi. Eng kuchli yoshlarni qishloq hududlariga, chekka joylarga yuboradigan bo‘lsak, bu yerda – Toshkentda kim qoladi? Ikkinchi, uchinchi darajali kadrlar qoladi. Eng kuchli kadrlarni chekka hududlarga ijroga yuborib, ikkinchi, uchinchi darajali kadrlarni qaror qabul qilish, qonun qabul qilish, strategiya belgilashda qoldiradigan bo‘lsak, o‘zgarish, o‘sish bo‘lmaydi-ku. Buning muqobil variantlari ham bor edi-ku.

– Bu gapingizga qo‘shilmayman. Hech qachon qishloqqa borib ishlash, kambag‘allik yuqori bo‘lgan hududlarda ishlash past tabaqali ish sifatida qaralishi kerak emas. O‘z tajribamdan kelib chiqadigan bo‘lsam, hozirgi ishga o‘tishdan avval fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha prezident administratsiyasidagi xizmatda ishlaganman. Bu xizmatning faoliyat yo‘nalishlaridan biri eng chekka qishloqlarga borib, ahvolni ko‘rish edi. Ilgari 7 yil AQShda o‘qiganman, kelib Toshkentda ishlaganman, lekin bu ishdan keyin O‘zbekistondagi siyosat haqida fikrim butunlay o‘zgargan. Demak, markazda turib qilayotgan har bir ishimizni odamlarning ahvolidan, ularning real ongidan kelib chiqqan holda qilmas ekanmiz, bu islohotlar yurmaydi. Shu bois har bir yosh kadr uchun odamlar qanday yashayotganligi, ular qay ahvolda ekanligi, ularning saviyasi qanday... xabardor bo‘lishi kerak. Misol, bitta qonun loyihasini rivojlangan mamlakatlardan olib yozilishingiz mumkin. lekin uni amalga oshiradigan odamlarni joylardagi bilimi, saviyasi bunga yetmaydigan bo‘lsa, bu islohot amalga oshmaydi. Pastga borib real hayot bilan ishlash yomon, past tabaqali ish sifatida ko‘rilishi emas, eng muhim tajriba sifatida qaralishi kerak. Birinchi tajribani o‘sha yerdan olish kerak. Shundan keyin tumanda, viloyatda, respublika miqyosida vazirlikda ishlashi mumkin. Lekin butun faoliyati davomida qabul qilayotgan qarorlari pastga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi, shuni birinchi navbatda o‘ylaydi. Pastdagilarning inson kapitalini ko‘tarib, ularning mehnat samaradorligini oshirmasak, ularni kambag‘allikdan chiqarishimiz mumkin, lekin ertaga ularning bolalari yana shu holga tushishi mumkin. Shuning uchun bu muammoga kompleks tarzida qaralyapti. Bir narsani aytish kerakki, bu avvalgidek administrativ kuchlar orqali “bitirdingmi, qishloqqa bor”, degan narsa yo‘q.

– Inson huquqlari degan narsalar ham bor. Bilimli talaba qayerda ishlashini o‘zi hal qilishi kerak. Buning tizimi qanday bo‘ladi: majburiymi yoki qandaydir grantlar orqalimi?

– Davlat o‘zining strategik maqsadlaridan kelib chiqqan holda muhim kasblar bo‘yicha maxsus grantlar e'lon qiladi. Odam o‘sha qishloqqa borib ishlashni istamaydigan bo‘lsa yoki unga to‘g‘ri kelmaydigan bo‘lsa, u bemalol o‘zining mablag‘lari evaziga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishi mumkin. Uni hech kim cheklayotgani yo‘q. Lekin davlat qishloqlardagi bolalarni o‘qitish uchun maxsus grantlarni e'lon qiladi va bu grantlarda o‘qiganlarni o‘zlarining yashash atrofidagi odamlarning bilimini ko‘tarish, sog‘ligini saqlash bo‘yicha xizmatlarga safarbar etish uchun choralar ko‘riladi.

– Butun dunyoda pandemiya bilan bog‘liq iqtisodiy inqiroz sezilmoqda. Buning ta'siri bir necha yil davom etishi mumkin. Inqirozlarning dastlabki nuqtasiga qaraydigan bo‘lsak, bu pastdagi odamlarning xarid qobiliyati pasayishi bilan boshlanadi. Ko‘pchilik davlatlarda, masalan, AQShda iqtisodiy inqirozdan qutulish, uni yumshatish uchun davlat o‘zi olgan qarzlarni, mablag‘larini sanoatga, katta zavodlar qurilishiga, qurilishga, dambalar qurilishiga yo‘naltiradi va shular orqali iqtisodiyotda zanjir hosil qilib, iqtisodiyotni harakatlantirishga intiladi. Lekin O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi ishlarini ko‘radigan bo‘lsak, jarayon teskarisiga ishlayotgandek xulosa hosil qilinmoqda.

— Masalan qaysi ishlarni aytyapsiz?

— Masalan, budjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarning oyligini qisqartirish, qarz olindi, lekin aholiga pul berilgani yo‘q. Mana shu noto‘g‘ri tizim bo‘lmayaptimi? Iqtisodiyot turg‘unlikka yetaklanmayaptimi?

– Aslo yo‘q. O‘zbekistonda iqtisodiy siyosatni shakllantirishda chuqur tahlillarga asoslaniladi. Har bir mamlakatning o‘z holatidan kelib chiqqan holda iqtisodiy instrumentlarning qaysi biri samarali bo‘lishi-bo‘lmasligi asosida bu siyosat ishlab chiqiladi. AQShda 2 trln dollarli paketning e'lon qilinishi va boshqa choralar u yerdagi shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilangan. Bu yil AQShda saylov bo‘ladi, turli omillar bu qarorlarga ta'sir ko‘rsatyapti.

O‘zbekistonda birinchi bemor 16 mart kuni aniqlangan bo‘lsa, 19 martda bizda birinchi harakatlar boshlangan. Birinchi yo‘nalishga ko‘ra, kasallikka qarshi kurash bo‘yicha ochilgan karantin zonalari, shifoxonalar bo‘yicha davlat tomonidan katta xarajatlar amalga oshirildi. 4,5 mingga yaqin kasal aniqlangan bo‘lsa, ularning har birini davolash juda katta summaga aylanadi.

Prezident farmonini ko‘radigan bo‘lsak, bu yil qurilishga ajratilgan puldan tashqari, yana 4 trln pul qo‘shimcha ravishda ajratildi. Bu qurilishlar ishchi o‘rinlarini yaratadi, odamlarga daromad beradi, shu orqali iqtisodiyotdagi siklning yurib ketishiga sabab bo‘ladi.

150ga yaqin mamlakatning holatini tahlil qilib ko‘rganmiz. Pulni odamlarga shunchaki tarqatib yuborgan mamlakatlar sanoqli. Ularda ham buning yalpi talabning oshish-oshmasligi bo‘yicha effekti hali yo‘q. Pulni hammaga bir xilda tarqatib yuborish mumkin yoki kerakli odamga tarqatish mumkin. O‘zbekistonda pul kerakli odamga berildi. Birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholini 10 foizga ko‘tardik – 600 mingdan 660 mingga yetdi. Hozir yana 10 foizga ko‘tardik. Yana ham ko‘proq odam davlatdan ijtimoiy himoya ola biladi. “Saxovat va ko‘mak” harakatlari orqali 1,5 mln nafarga yaqin odamga oziq-ovqat, dori vositalari yetkazildi. Bular ham iste'mol. Buni tadbirkor qildi. Tadbirkorlarning xayriya yordamlari hamma joyda bor. Bu ham iste'mol. Odamlarning iste'moli o‘zgargandan keyin talab paydo bo‘ladi.

19 martdan beri 5,5 trln so‘m inqirozga qarshi kurash fondidan sarflandi. Bu davlat fondimi? 4 trln qurilishga ajratyapmiz. Bu odamlarga nafaqat daromad keltiradi, maktab, bog‘cha, yo‘l paydo bo‘lyapti. Bu ham davlatning yordami. Soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berildi. Bu ham davlatning yordami. O‘zini o‘zi band qiladigan aholining faoliyatini kengaytirdik. Ilgari 25-25ta edi, hozir 87taga yetkazildi. Bunda ham davlatning yordami bo‘ldi. 24 trln so‘mli kreditlarning muddati uzaytirib berildi. Bu ham davlatning yordami. Davlat yordam bermadi, deb bo‘lmaydi. Buning uchun iqtisodiy omillarni chuqur tahlil qilgan holda ko‘rib chiqish kerak. 24 trln kreditdan qancha odamning pullari o‘zida qolyapti. Bu qayerga ketadi? Iste'molga, boshqa xaridlarga ketishi mumkin. Xuddi shu narsa ertaga mamlakatda yalpi iste'molni keltirib chiqaradimi? Jahon banki prognozlariga ko‘ra, joriy yilda AQSh iqtisodiyoti -6 foizga qisqaryapti. Rossiya -5-6 foiz, Qozog‘iston -4-5 foizga qisqaryapti. Xalqaro valuta jamg‘armasining ham, Jahon bankining ham, o‘zimizning ham hisob-kitoblarimizga ko‘ra, mana shu effektni hisobga olgan holda, bu yil 1,5-2,5 foiz atrofida o‘sish kutilyapti. Jahondagi talab keskin qisqarayotgan vaziyatda bizda o‘sish sur'atlari saqlab qolinyapti. Bu davlat rahbari tomonidan qabul qilinayotgan farmon, qarorlar, hujjatlar ta'siri ostida bo‘lmoqda.

Intervyu davomida Obid Hakimov kambag‘allik darajasini kamaytirishda to‘siq bo‘layotgan monopoliya, YeOIIdagi bahsli vaziyatlar va O‘zbekistonning tashqi qarzlari masalasi bo‘yicha ham fikrlarini bildirdi. Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid