O‘zbekiston | 22:28 / 04.08.2020
10691
5 daqiqa o‘qiladi

Yagona ijtimoiy reyestr orqali barcha ijtimoiy yordam bir xil mezon va bir xil hujjat asosida beriladi – Moliya vazirligi

O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni yil oxirigacha 1 million 200 ming, 2021 yilda esa 1 million 500 minggacha yetkaziladi. Bu borada Yagona ijtimoiy reyestr orqali barcha ijtimoiy yordam bir xil mezon va bir xil hujjat asosida berilishi ko‘zda tutilgan.

4 avgust kuni imzolangan «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq mamlakatimizda Ijtimoiy himoya yagona reyestri joriy etilishi belgilandi. Mazkur tizim Sirdaryo viloyatida tajribadan o‘tib, o‘z samarasini ko‘rsatgani va joriy yil yakuniga qadar uni barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etilishi ta'kidlab o‘tildi.

Qaror bilan ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni hozirgi 600 mingdan joriy yil oxirigacha 1 million 200 ming, 2021 yilda esa 1 million 500 minggacha yetkazilishi belgilangan. Bu borada Yagona ijtimoiy reyestr orqali barcha ijtimoiy yordam bir xil mezon va bir xil hujjat asosida berilishi ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, kam ta'minlangan oila maqomini olish uchun fuqarolardan hozirgidek 12 ta idoradan 30 dan ziyod ma'lumotlar talab qilinmaydi. Ehtiyojmand oilalarga 30 turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlar oson va qulay tarzda taqdim etiladi.

«So‘nggi davrda iqtisodiyot tarmoqlari va davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, bu orqali ortiqcha qog‘ozbozlikni yo‘qotish masalalariga katta va jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida aholiga davlat xizmatlarini masofadan ko‘rsatish naqadar muhimligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Ijtimoiy himoya yagona reyestri joriy etilishi natijasida davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini olish jarayonida barcha ma'lumotlar elektron ko‘rinishda taqdim etilishi evaziga ortiqcha qog‘ozbozlik yo‘qoladi va byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning shaffofligi va manzilliligi ta'minlanadi, shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish va davlatdan yordam olish jarayoni tezlashadi.

Yagona reyestr tashkil etilishi orqali davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamni olish uchun murojaat qiluvchilar to‘g‘risidagi yaxlit ma'lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shu bilan birga, oilalarning ehtiyojmandligi darajasini va belgilangan mezonlarga muvofiqligi real vaqt rejimida baholab borish imkoniyati, bundan tashqari, respublikada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi siyosatini ishlab chiqishda ijtimoiy himoyaga doir statistik ma'lumotlar bazasi yaratiladi», deya Moliya vazirligi departament direktori Nodir Musliddinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlaridan biri – bu kam ta'minlangan oilalarga 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlab to‘lashdir. Ushbu ijtimoiy nafaqalarni tayinlash jarayonida rasmiyatchilik, sansalorlik va byurokratiya avj olgan desak xato qilmaymiz. Bunda, yordamga muhtoj bo‘lgan oilalarni turli xil ma'lumotnomalar va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni yig‘ishdan ozod etishning allaqachon vaqti kelgan.

Nodir Musliddinovning ta'kidlashicha, mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan halqaro tajribaga nazar tashlanib, horijda shu kabi jarayonlarning yo‘lga qo‘yish usullari o‘rganilganda, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda aholiga pul yoki mahsulot ko‘rinishidagi yordamlarni ko‘rsatish tizimi avtomatlashtirilganligi hamda muhtoj insonlar va oilalarga shu kabi davlat xizmatlari elektron tizimlar yordamida amalga oshirilayotganligi aniqlandi. Ushbu o‘rganishlar natijasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi yaratilgan.

Yagona reyestr – boshlang‘ich bosqichda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun inson omilisiz oila (fuqaro)ning muhtojligini o‘zi aniqlaydigan, nafaqalarni tayinlab, to‘lovlarni amalga oshiradigan va nazorat qiladigan, xarajatlar hisobini yuritadigan avtomatlashgan axborot tizimi bo‘lib, keyingi bosqichlarda bu tizim ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro va oilalarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan pul yoki mahsulot ko‘rinishidagi barcha yordam turlarini (ota-onalar to‘lovisiz maktabgacha ta'lim muassasasiga qatnash, o‘quvchilarni bepul darsliklar to‘plami bilan ta'minlash, sog‘liqni saqlash muassasalarida bepul yoki imtiyozli tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatish, ipoteka kreditlari uchun boshlang‘ich badalini to‘lash va boshqa) qamrab oladi.

2019 yilning 1 oktyabridan boshlab shu kunga qadar Yagona reyestr tajriba-sinov tariqasida Sirdaryo viloyati hududida ishlatilib kelinmoqda. Moliya vazirligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, tajriba-sinov jarayonida aniqlangan kamchilik va muammolardan kelib chiqib, Yagona reyestr axborot tizimi yanada takomillashtirilgan. Ushbu yangilik 2020 yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich respublikaning qolgan 13 ta hududida tatbiq etish nazarda tutilmoqda.

Mavzuga oid