Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent metrosining 14 ta yangi bekatini qayta ochish kechiktirildi
Boshlanganiga 4 oy bo‘lgan ta’mirlash ishlaridan keyin, yerusti halqa yo‘lini qayta ishga tushirish taxminan 1 noyabr sanasiga belgilangan. Bu – avvalroq aytilgan 18 oktyabrdan ikki haftaga kechikishni anglatadi. Metropoliten ma’muriyati bu kechikishni “poyezdlar harakatini oldingiga nisbatan ikki barobar tezlashtirish va intervallarni maksimal darajada qisqartirish” maqsadi bilan izohladi.
Toshkent metrosining yerusti halqa yo‘li yo‘nalishi ta’mirdan keyin avval aytilganidek 18 oktyabrda emas, taxminan 1 noyabrda ochiladi. Bu haqda metropoliten ma’muriyati xabar berdi.
“Avvalroq ushbu yo‘nalishning taxminan 18 oktyabrda faoliyatini qayta boshlashi mumkinligi haqida ma’lumot berilgan edi. Biroq, sinov jarayonlarini yanada takomillashtirish hamda kelgusida poyezdlar harakatini oldingiga nisbatan ikki barobar tezlashtirish, shuningdek oraliq vaqt intervallarini maksimal darajada qisqartirish maqsadida joriy yilning 1 noyabr sanasi atrofida ochilishi kutilmoqda. Hozirgi paytda ushbu yo‘nalishda poyezdlar sinov tariqasida (yo‘lovchilarsiz) harakatlanmoqda.
Sinov natijalari muvaffaqiyatli yakunlanib, barcha texnik talablar to‘liq tasdiqlangach, yo‘nalish yo‘lovchilar uchun o‘z faoliyatini qayta boshlaydi”, – deyiladi xabarda.
14 ta bekatdan iborat “Mustaqillikning 30 yilligi” yo‘nalishida:
- “Qipchoq” va “Turon” bekatlari 8 iyundan beri;
- “Quruvchilar”dan “Yangiobod”gacha bo‘lgan 6 ta bekat 28 iyundan beri;
- “Yangiobod”dan “Do‘stlik”kacha bo‘lgan so‘nggi 6 ta bekat 2 avgustdan beri yopiq qolmoqda.
Rasmiylar ta’mirlashni “rejali profilaktika ishlari” deb atamoqda.
“Yo‘l holatlari to‘g‘rilandi, nosoz shpallar almashtirildi, drenaj tizimi holati o‘rganildi, shag‘allar tekshiruvdan o‘tkazildi”, – deyiladi metropolitenning 13 oktyabr kungi axborotida.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent metrosining yerusti halqa yo‘li (“Mustaqillikning 30 yilligi” yo‘nalishi) 2017-2024 yillarda qurilgan edi.
Dastlabki 7 ta bekat 2020 yil sentabr oyida, keyingi 5 ta bekat 2023 yil aprel oyida, so‘nggi 2 ta bekat 2024 yil mart oyida foydalanishga topshirilgan.
2025 yil iyuniga kelib, yo‘nalishda relslar va shpallarni almashtirish boshlandi. Transport prokuraturasi bu jarayonda qator kamchiliklar aniqlangani haqida xabar bergan.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda “Yunusobod” yo‘lining “Yunusobod” va “Turkiston” yerosti bekatlari foydalanishga topshirilgan va oradan 3 yil o‘tib, ular ham profilaktik maqsadda to‘rt oyga yopilgandi.
Mavzuga oid
09:10
AES narxi ochiqlandi, yirik pudrat sxemasi fosh bo‘ldi - hafta dayjesti
21:03 / 06.06.2026
Toshkentda avtobus orqaga yurayotgan payti piyodani bosib ketdi
17:12 / 05.06.2026
“Toshkentni dunyodagi eng qulay shaharlardan biriga aylantiramiz” – hokim Shavkat Umrzoqov bilan suhbat
08:41 / 05.06.2026