O‘zbekiston | 17:16 / 05.02.2021
16800
3 daqiqa o‘qiladi

Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov Konstitutsiyaviy sudga raislik qiladi

Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisligiga saylangan.

Senatning 5 fevral kuni bo‘lib o‘tgan o‘n ikkinchi yalpi majlisida parlament senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqib, Mirzo-Ulug‘bek Elchiyevich Abdusalomovni Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib saylash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan edi.

Kun.uz manbasi xabar berishicha, Konstitutsiyaviy sud yig‘ilishida sud raisi Baxtiyor Mirboboyev lavozimdan ozod etilgan va ochiq ovoz berish yo‘li bilan Konstitutsiyaviy sud raisi etib Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov saylangan.

Baxtiyor Shamsutdinovich Mirboboyev 2017 yilning 24 avgustdan buyon Konstitutsiyaviy sudga raislik qilib kelayotgandi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u endilikda faoliyatini Konstitutsiyaviy sud sudyasi sifatida davom ettiradi.

Ma'lumot uchun, «O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi prezidentining taqdimiga binoan, Senat tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi. Konstitutsiyaviy sud tarkibi rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda yetti nafar sudyadan iborat bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati – 5 yil. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi qoida tariqasida 70 yoshni tashkil etadi. Ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emas.

Ma'lumot uchun, Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov 1952 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – huquqshunos, yuridik fanlar nomzodi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.

U 1995-2004 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining raisi, 2004-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi bo‘lib ishlagan. 2005 yil 7 maydan buyon O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Mavzuga oid