Jahon | 20:07 / 07.10.2020
22793
3 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: COVID-19'dan tuzalganlar qonidagi antitanachalar 3 oydan so‘ng yo‘qola boshlaydi

Bu boradagi izlanishlar nafaqat qon topshirish jarayonlarida katta amaliy ahamiyat kasb etadi, balki samarali vaksina ishlab chiqish va aholi immunitetini baholash borasida ham muhim hisoblanadi.

Foto: Reuters

Antitanachalarning «umr ko‘rish muddati» va samaradorligi to‘g‘risida juda ko‘p qarama-qarshi fikrlar mavjud. Bu masalada olimlar hali yakuniy xulosaga kelmagan.

Istalgan infeksiyani yuqtirib olgan inson qonida unga qarshi antitanachalar paydo bo‘ladi, ular organizmda bir necha oy, hatto bir necha yil saqlanib qolishi mumkin. Ammo COVID-19'ga kelganda, unga qarshi antitanachalar qancha muddat saqlanib qolishi hali noma'lum. Kanadalik olimlar koronavirusdan tuzalib chiqqanlardan davolanayotganlarni davolash uchun olingan donor qoni namunalari bilan tajriba o‘tkazishga qaror qildi. Izlanish natijalari Amerika gematologlar jamiyati veb-saytida e'lon qilingan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, COVID-19 simptomlari ko‘rina boshlagach, 3 oy o‘tib qonda koronavirusga qarshi antitanalar yo‘qola boshlaydi.

Tadqiqot uchun Kvebek shahridagi 282 nafar donordan 15 nafari tanlab olingan. Ularning barchasi virusning yengil yoki og‘ir bosqichlarini boshidan o‘tkazgan, ayni paytda shifo topgan va ularning hech biri intensiv tarzda davolanmagan.

Ko‘ngillilarda antitanachalar soni bir vaqtda – ilk alomatlar paydo bo‘lgandan taxminan 88 kun o‘tgach kamaygan. Shu bilan birga, aniqlash mumkin bo‘lgan antitanachalarning yarmi 21 kun ichida kamaygan.

«Antitanachalar tez yo‘qolishi mumkin, shuning uchun COVID-19'dan tuzalib, donorlik uchun qon topshirmoqchi bo‘lgan ko‘ngillilarga uzoq kutmasliklarini maslahat beramiz, – deydi doktor Rene Bazin natijalar to‘g‘risida. – Boshqacha qilib aytganda, uzoq kutish biomaterialni shunchaki foydasiz qilib qo‘yadi».

Tadqiqot ishtirokchilarining har biri 4 martadan 9 martagacha qon topshirgan, ilk kuzatuvlar simptomlar paydo bo‘lgandan keyin 33–77, so‘nggisi 66–64 kunlar oralig‘ida o‘tkazildi.

E'tiborlisi, tadqiqotda ishtirok etish uchun nomzod sifatida ko‘rilgan 282 kishidan 7 foizidan ilk marta qon olinganida ularda antitanacha aniqlanmagan. 11-12 haftadan keyin bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshgan.

Jamoa qaysi ishtirokchilarning qoni davolash uchun samarali ekanini aniqlashda davom etmoqda. Qondagi himoya antitanachalari bilan olingan natijalar samarali vaksina tayyorlash uchun juda muhim. Chunki bemorlarda qayta kasallanish holatlari allaqachon aniqlangan va hozirda ishlab chiqarilayotgan vaksinalarning himoya muddati qancha ekanligi ma'lum emas.

Mavzuga oid