Jamiyat | 17:50 / 27.03.2019
33479
5 daqiqa o‘qiladi

Tomorqachilikni ma'muriy choralar bilan rivojlantirib bo‘ladimi?

«Tomorqalardan foydalanish samaradorligi past». Mazkur jumla bir necha bor farmon va qarorlar matnlarida yangradi. Tomorqalardan yaxshi foydalanilmayotganidan xavotirni o‘zida jamlagan bu farmonlarda holatni yaxshilash bo‘yicha choralar bot-bot tilga olindi. Ammo, mazkur choralar vaziyatni o‘zgartira oladimi?

Kuni kecha regulation.gov.uz saytida «Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasi e'lon qilindi va unda ham o‘sha jumla — «barcha shart-sharoitlar yaratib berilishiga qaramasdan, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan ajratilgan yer uchastkalariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmaslik holatlari ko‘plab kuzatilmoqda», deb yozilgan.

Xususan, «2018 yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, respublika bo‘yicha 69,4 ming tomorqa yer egalari tomonidan 4,0 ming gektar, jumladan Samarqand viloyatida 995 gektar, Surxondaryo viloyatida 649 gektar, Qashqadaryo viloyatida 624 gektar, Navoiy viloyatida 384 gektar, Andijon viloyatida 294 gektar tomorqa yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilmagani aniqlangan», – deya keltiriladi qaror loyihasida.

Xo‘sh, nega «barcha shart-sharoitlar yaratib berilishiga qaramasdan» tomorqachilik samaradorligi ko‘ngildagidek emas? Mazkur savol ustida mulohaza qilishga urinib ko‘ramiz.

Bozor iqtisodiyotining ming yillik qonuniyatlari

Bot-bot o‘z isbotini topgan tamoyil – shaxsiy manfaat iqtisodiyotning har qanday sohasini rivojlantiruvchi kuch. Mazkur sobit va o‘zgarmas qonun azaldan insoniyatning tirikchiligini ta'minlashga xizmat qilib kelgan. Shaxsiy manfaat rivojlanish harakatining generatoridir. Shaxsiy manfaat bor joyda birovni undash, majburlash, chora ko‘rishga hojat yo‘q — unday joyda ishlar o‘z-o‘zidan rivojga yuz tutadi. Bu esa jamiyatning shaksiz yutug‘i.

Hech kimga sir emas, uzoq yillar davomida tomorqachilarimizning holini hech kim so‘ramay keldi. Tomorqachi yetishtirgan mahsulotning taqdiri o‘sha tomorqachidan boshqa hech kimni qiziqtirmas edi. Eng achinarlisi — yetishtirilgan mahsulotni eksport qiluvchi xususiy tadbirkorlarning yo‘liga bir yil bo‘lmasa ikkinchi yil sun'iy g‘ovlar qo‘yilib kelindi — yo‘llar yopib qo‘yilar edi. Natijada tomorqachilar bir yil foyda ko‘rishsa, keyingi yil mahsulotlari suv tekin bo‘lib qolib, mehnat va xarajatlariga kuyib qolishardi.

Ammo minglab, boshqa daromad manbaiga ega bo‘lmagan tomorqachilar, baribir tomorqalariga ekin ekib kelishdi. Nimasini aytamiz, aynan shu omil — qishloq odamlarimizning tirishqoqligi aholi dasturxoni to‘kinligini ta'minlashga xizmat qilib keldi hamda davlatni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishdek xarajatli ishdan xalos etdi.

Tabiiyki, tomorqachilarning mehnatini qadrlamaslik natijasida tomorqada ekin qilishga bo‘lgan qiziqish qishloqlarda birmuncha pasayib ketdi. Ya'niki, o‘sha biz tilga olgan shaxsiy manfaat stimuli uvol bo‘ldi.

Nima qilish kerak?

O‘z-o‘zidan tushunarliki, tomorqalardan foydalanish samaradorligini oshirish uchun shaxsiy manfaatdorlik stimulini oshirish bo‘yicha qat'iy choralarni ko‘rish lozim. Bu esa soha to‘liq bozor munosabatlariga o‘tishi, sohaga ma'muriy aralashuvdan, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mutlaqo zid bo‘lmish narx belgilashlardan voz kechish, mahsulotni eksport qiluvchi xususiy tadbirkorlar faoliyatini ma'muriy-idoraviy aralashuvlardan xalos etish, mahsulotning bemalol ko‘chishi uchun yo‘llarni ochish bilan bo‘ladi. Shundagina yetishtirilgan mahsulotning narxi kon'yunkturaga, talab-taklifga muvofiq shakllanadi, qishloq ahlining tomorqalardan foyda ko‘rishga bo‘lgan stimuli o‘z-o‘zidan oshadi.

Bozor munosabatlari, tovar almashinuvi, mahsulot ishlab-chiqarish va boshqa shu kabi jarayonlarga ma'muriy aralashuv, ishlab turgan tizimlarga xalaqit qilish shaxsiy manfaat stimuli, kishilarda shijoatni pasaytiruvchi omil bo‘lib, rivojlanish jarayonlarining «belini sindiradi».

Shaxsiy manfaatdorlikka intilish — inson tabiatiga joylangan fundamental, insonni harakatga keltiruvchi xususiyat. Mazkur xususiyatni o‘z o‘rnida ozuqalantirib zamonaviy jamiyatlar rivojlanmoqda. Undash, majburlash, noo‘rin cheklovlar, «safarbar etish»ning turli ko‘rinishlariga suyangan ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlar esa birin-ketin inqirozga uchrab, tarix sahifalarida qolib ketdi va qolib ketmoqda. Eski xatolarni takrorlash bilan biz o‘z-o‘zimizni ovora qilishda davom etamiz, xolos.

Shokir ShARIPOV

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid