Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parhez, muzdek dush, yoga: Amerikalik AT-ishbilarmonlari samaradorlikni oshirish haqida
Ishbilarmon Zaxari Repp uch kompaniyani boshqaradi. U - ichki organlar skanerini ishlab chiquvchi PhenoMx loyihasi hammuassisi, shuningdek DNK hujayralarga tatbiq qilish uchun noinvaziv qurilma yaratuvchi SigmaGenetics kompaniyasi rahbaridir. Bundan tashqari, Repp Altoida tibbiyot qurilmalari ishlab chiqaruvchisining biznes-rivoji uchun mas'uldir. CNBC shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.
Ishbilarmon kuniga 18 soatdan ishlab, 5 soatdan 7 soatgacha uxlaydi.
Uning tongi quyoshning ilk nurlaridan boshlanadi. Zaxari Repp yugurishga chiqadi, shundan keyin qahva ichadi va bir vaqtning o‘zida yangi xatlarni ko‘zdan kechiradi, so‘ngra muzdek dush qabul qiladi.
Bundan tashqari, u qaynoq yoga mashg‘ulotlariga qatnaydi, kelgusi oyda esa Whole30 parheziga amal qilmoqchi. Whole30 — donli, dukkakli, sutli mahsulotlar, shakar va alkogoldan voz kechishni ko‘zda tutadi. "Men inson imkoniyat doirasidan oshuvchi hajmdagi ishni uddalashga harakat qilaman", - deydi Repp.
Bularning bari menga muvozanatni saqlashga yordam beradi. Stress chekinadi va men o‘zimni g‘isht poydevorga urilayotgandek his qilmayman.
"Repp AT-kompaniyalar ishchilarini birlashtiruvchi "ijobiy stress" tarafdori. Bunday stress tarafdorlari bunday keskin usullar yanada yaxshi yashashga va ishlashga yordam berishiga ishonishadi", - deb yozadi CNBC muallifi Kristina Farr.
"Ijobiy stress" tarafdorlari ekstremal haroratlar, cheklovchi parhezlar, holdan toydiruvchi va umumiy noqulaylik tug‘diruvchi mashqlarni uyg‘unlashtirishga harakat qilishadi.
CNBC muallifining so‘zlariga ko‘ra, Amerika SPA-salonlarida krioterapiya kameralari paydo bo‘lmoqda. "Ijobiy stress" apologetlaridan biri - "Muz odam" laqabini olgan hollandiyalik atlet Vim Xof.
U sovuq suv bilan to‘ldirilgan shaffof quvurda ikki soat o‘tkazgani bilan ham mashhur, shu bilan birga, u birgina shortida Fransiyaning Monblan tog‘i cho‘qqisiga ko‘tarilgan.
Xofning so‘zlariga ko‘ra, kundalik mashqlar hamda maxsus nafas olish texnikasi unga sovuqni yengishga yordam beradi.
2017 yilda Xof Kremniy vodiysida bir necha ma'ruza va mahorat darslarini o‘tkazdi. Shundan so‘ng chiniqish omma orasida keng tarqala boshladi. Ko‘p taniqli kishilar, shu jumladan taniqli bloger, sportchi va "paleolitik parhez" tarafdori Joel Ranon ko‘p holatlarda muzdek dush qabul qilishlarini aytishgan.
Bundan tashqari, Joel Ranon "Muzdek dush yordamida terapiya" atamasini patentladi va muzdek suvda o‘tkazilgan vaqtni belgilash imkonini beruvchi maxsus ilovani ishlab chiqdi.
Ranonning fikricha, agar har kuni noqulay holatlar yengib borilsa, qolgan barcha maqsadlar ham yengildek ko‘rinadi. "Bu ishbilarmonlar uchun alohida qadrga ega bo‘lgan texnika", - deya ishonch bildiradi CNBC muallifi.
"Ijobiy stress" sohasidagi fikrlarning yana bir yetakchisi bor — yozuvchi Rayan Xolidey. 2016 yilda u stoitsizm nomi ostidagi antik falsafiy yo‘nalishga bag‘ishlangan The Daily Stoic kitobini nashrdan chiqardi. Stoiklar o‘z-o‘zini nazorat qilish texnikasini maqtashgan.
Palo Alto Investors xej-fondining boshqaruvchi hamkori Chjun Yun — "ijobiy stress"ning yana bir tarafdori. U "qarish kodi"ni sindirishga qodir jamoaga mukofot sifatida 1 million dollar to‘lash tashabbusi bilan chiqdi.
Uning fikricha, "ijobiy stress" organizmning qarish sur'atlarini pasaytira oladi. "Men ishbilarmonlar uchun yirik tadbirlarda chiqish qilaman va issiqlik hamda jismoniy mashqlarni o‘zida jamlagan interval mashg‘ulotlar tananing chidamliligini oshirishini aytaman", - deydi Yun.
Zaxari Reppa uchun "odatiy" va "ijobiy" stress o‘rtasidagi farq ikkinchisining eksremal sharoitlarda organizmning chidamliligini oshirish va qarshililigini kuchaytirishida namoyon bo‘ladi.
Biroq Chjun Yun "ijobiy stress" hammaga ham to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblaydi. U organizmni ekstremal harorat ta'siri ostiga qo‘yishni tavsiya qilmaydi: "Bu u qadar yosh bo‘lmagan kishilarni o‘ldirishi mumkin", - deydi sarmoyachi.
Yun buning o‘rniga "funksional uzoq umr ko‘rish" nomli texnikadan foydalanishni taklif qiladi. U qarish jarayonini sekinlashtirish uchun turmush tarzini o‘zgartirishdan iborat bo‘lishi mumkin, deb yoziladi CNBC'da: "Masalan, bu muzdek emas, shunchaki sovuqroq dush qabul qilish, ishga borishning yangi yo‘nalishlarni izlash, biror bir yegulikni cheklash yoki sportzalda yangi mashqlar bajarish bo‘lishi mumkin".