18:19 / 10.01.2021
11135

Navoiy viloyati hokimi olimpiadaga yo‘llanma olgan sportchiga 2 xonali uy sovg‘a qildi

Suzish bo‘yicha O‘zbekiston ochiq kubogida 1-o‘rinni egallab, Tokio olimpiadasiga yo‘llanma olgan Xurshid Tursunov viloyat hokimi Qobil Tursunov tomonidan 2 xonali uy bilan taqdirlandi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Xurshid Tursunovga uyning kalitlari Navoiy shahridagi «Yoshlar» markazida o‘tgan tantanali tadbirda topshirildi. Bu haqda Sport vazirligi xabar bermoqda.

Taqdirlangan suzuvchi 2020 yil yakunlariga ko‘ra viloyatda «Eng yaxshi sportchi» nominatsiyasi g‘olibi ham bo‘lgan.

Tadbirda 2020 yilda yuqori natijalarga erishgan navoiylik sportchilar, Yoshlar forumida faol qatnashgan iqtidorli yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar rag‘batlantirilgan.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Yoshlar forumi doirasidagi Yoshlar festivali Navoiyda 2020 yil 18–25 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan.

Ma'lum qilinishicha, forumda 40ga yaqin loyiha va tadbirlar tashkil etilib, tanlov va musobaqalar, xususan Hokim kubogi sport turniri ham tashkil etilgan.

«Hokim kubogi va festival doirasida tashkil etilgan kibersport, «Shunqorlar» o‘yinlari, basketbol, voleybol, mini-futbol, stol tennisi, badminton, shaxmat-shashka hamda velosport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi», – deyiladi xabarda.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Qator nominatsiyalarda g‘olib deb topilgan faollar maxsus sovg‘alar bilan mukofotlangan:

  • «Eng yaxshi murabbiy» – Mahmud Tog‘ayev
  • «Eng yaxshi ayol murabbiy» – Farida Tog‘ayeva
  • «Sport fidoyisi» – Ibodulla Rahmonov (marhum)
  • «Eng yaxshi sport targ‘ibotchisi» – Tohir Abdurahmonov
  • «Eng yaxshi sport tashkiloti» – Navoiy olimpiya zaxiralari kolleji
  • «Ayol sport fidoyisi» – Larisa Kim
  • «Eng yaxshi jamoa» – Navoiy viloyati voleybol jamoasi
  • «Eng yaxshi sport homiysi» – Navoiy kon metallurgiya kombinati
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Top