Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Suiqasdga urinish” Trampning reytingiga qanday ta’sir qiladi?
Oq uy matbuot xizmatiga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda Donald Trampga nisbatan uch marta suiqasd urinishlari qayd etilgan. 2024 yilgi saylov kampaniyasi vaqtidagi qonli sahna unga obro‘ keltirgan edi. Biroq Hilton'dagi otishmadan keyingi so‘rovlarga qaraganda, voqea Trampning reytingiga deyarli ta’sir qilmagan.
Bu haqda “Geosiyosat” dasturida siyosiy sharhlovchilar Hikmatilla Kazakbayev va Kamoliddin Rabbimov so‘z yuritdi.
Hikmatilla Kazakbayev: 27 aprel kuni o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, reyting deyarli o‘zgarmagan. Hozirgi ko‘rsatkich 37,1 foiz atrofida saqlanib qolmoqda. 2025 yilgi natijalar bilan solishtirganda biroz pastroq, ammo baribir juda yomon darajada emas.
Biroq muhim bir jihat bor: avval betaraf bo‘lgan saylovchilar orasida Donald Tramp siyosatiga qarshilar soni ortib bormoqda. Uni qo‘llab-quvvatlamayotganlar 37 foiz atrofida bo‘lsa-da, faol qarshilar ulushi 54–56 foizgacha yetgan. Ya’ni Tramp siyosatini qo‘llamaydiganlar soni ko‘proq, betaraflar esa tobora kamaymoqda.
Tarixan qaralganda, AQShda prezident reytingining 40 foiz atrofida bo‘lishi odatiy hol hisoblanadi. Eng past ko‘rsatkich Garri Truman davrida, 1952 yilda qayd etilgan – 22 foiz. Bu AQSh tarixidagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, Trampning 37 foiz atrofidagi reytingini o‘rtacha daraja deb baholash mumkin.
Odatda AQShda prezidentni qo‘llab-quvvatlash darajasi 40–44 foiz oralig‘ida bo‘ladi, 50 foizdan oshishi esa kamdan kam uchraydi. Bunday yuqori ko‘rsatkich so‘nggi bor Barak Obama prezidentligining ilk yillarida kuzatilgan.
Prezident reytingiga shtatlar kesimida ham katta farqlar ta’sir qiladi. Respublikachilar kuchli bo‘lgan janubiy shtatlarda Trampning qo‘llab-quvvatlanishi yuqoriroq, masalan: Alabama, Arkanzas, Montana va Aydaho shtatlarida 52–53 foiz atrofida. Aksincha, demokratlar ustun bo‘lgan shtatlarda — Kaliforniya, Merilend va Delaverda uning reytingi 20–25 foizdan oshmaydi.
Umuman olganda, AQShda siyosiy bo‘linish shtatlar kesimida aniq ko‘rinadi: demokrat shtatlar odatda respublikachi nomzodlarni kam qo‘llab-quvvatlaydi va aksincha. Bu holat ayniqsa oraliq saylovlarda sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, hokimiyatda qaysi partiya bo‘lsa, oraliq saylovlarda ko‘pincha o‘sha partiya mag‘lubiyatga uchraydi.
Hozirgi reytinglar ham noyabr oyidagi saylovlar uchun muayyan signal bermoqda. Ayniqsa, respublikachilar uchun Vakillar palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kiritish ehtimoli yuqori bo‘lishi mumkin. Biroq yakuniy natijalar, odatdagidek, shtatlar kesimidagi kayfiyatga bevosita bog‘liq bo‘ladi – ayrim hududlarda vaziyat boshqacha, boshqalarida esa mutlaqo teskari.
Kamoliddin Rabbimov: Donald Tramp hokimiyatga kelgan paytidagiga nisbatan hozir uning reytingi sezilarli darajada pasaygan. Taxminan 8–10 punktlik tushish – bu jiddiy pasayish hisoblanadi.
Buning bir nechta asosiy sabablari bor. Birinchidan, Eron bilan keskinlashgan munosabatlar va harbiy tanglik fonida neft hamda benzin narxlari oshdi, bu esa AQShda inflatsiyaning kuchayishiga olib keldi. Ikkinchidan, Epshteyn fayllari bilan bog‘liq mojaro ham jamoatchilik kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Uchinchidan, Tramp olib borgan boj siyosati natijasida asosiy xarajat yuki ko‘p hollarda amerikalik iste’molchilar zimmasiga tushyapti.
Aslida, Tramp hokimiyatga kelishidan oldin amerikaliklarga muhim va’dalar bergan edi: u mavjud savdo kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqib, narxlarni pasaytirish va iste’molni kengaytirishga erishishini ta’kidlagan. Biroq amalda ayrim hollarda teskari natija kuzatildi – narxlar oshdi. Bu esa, tabiiy ravishda, uning reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu sababli ham Trampning tashqi siyosatda, xususan Eronga nisbatan keskin bayonotlari kuchayib bormoqda. U bunday bosimning oqibatida narxlar yanada oshib ketishi mumkinligini yaxshi tushunadi.
To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.