O‘zbekiston | 19:44 / 12.05.2026
2251
5 daqiqa o‘qiladi

Byurokratiyadan xoli davlat xizmatlari va narxi oshgan propan – mahalliy dayjest

800 ga yaqin davlat xizmatida byurokratiya bartaraf etiladi, bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga o‘tkaziladi. Farg‘ona vodiysidagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida propan narxi sezilarli darajada qimmatladi. Farg‘onada poyezd temiryo‘ldagi mast erkak sabab shoshilinch to‘xtadi. Surxondaryoda sudya yordamchisi, Buxoroda hokim o‘rinbosari pora bilan ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

800 ga yaqin davlat xizmatida byurokratiya bartaraf etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Qayd qilinishicha, 2030 yilgacha davlat organlari funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan talablarni 20 foizgacha maqbullashtirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda davlat xizmatlarini «servis davlat» modeli asosida tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy e’tibor davlat xizmatini birorta ortiqcha hujjat talab qilmasdan, tez, shaffof va qulay ko‘rsatishga qaratiladi.

Xususan, 783 ta davlat xizmatiga «nol byurokratiya» tamoyilini joriy etish taklif qilindi. Bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga o‘tkazilib, xizmat ko‘rsatish bosqichlari 2 karra qisqaradi. 80 turdagi xizmat proaktiv va kompozit shaklga o‘tkaziladi. Natijada aholining turli idoralarga kelish uchun sarflanadigan yiliga 35 milliard so‘mgacha transport xarajati tejaladi.

Gaz to‘ldirish shoxobchalarida propan narxi oshdi

Farg‘ona vodiysidagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida propan narxi sezilarli darajada qimmatladi. Xususan, o‘tgan hafta boshida suyultirilgan gaz 5700-6000 so‘m atrofida sotilgan bo‘lsa, hafta oxirida narxlar 6400 so‘mdan 7000 so‘mgacha ko‘tarilgan.

Oxirgi savdo sessiyalarida birjada ham narxlar ko‘tarila boshlagan. Xususan, 4 may kungi savdolarda propanning 1 tonnasi 7 mln 244 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, bu 7 mayga kelib 7 mln 707 ming so‘mgacha yoki 6,4 foizga oshgan. Birjadagi narxlarning chakana narxlarga qanchalik darajada ta’sir qilayotgani noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, 12 yanvardan boshlab Raqobat qo‘mitasining tegishli ko‘rsatmasi bilan Respublika tovar xomashyo birjasida suyultirilgan gaz narxining boshlang‘ich narxga nisbatan oshish chegarasi 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirilgandi.

Farg‘onada poyezd temiryo‘ldagi mast erkak sabab shoshilinch to‘xtadi

Farg‘ona viloyati hududida harakatlangan yo‘lovchi poyezdi mast erkak sabab shoshilinch to‘xtadi. Bu haqda IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 10 may kuni ertalab Andijon - Toshkent yo‘lovchi poyezdi Qo‘qon—Buvayda temiryo‘l bekatlari oralig‘ida temiryo‘l izlari orasida mast holda harakatlanib yurgan fuqaroni urib yubormaslik maqsadida shoshilinch tarzda to‘xtagan.

Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagani aytilmoqda. Poyezd taxminan 15 daqiqadan keyin yo‘nalish bo‘yicha harakatini davom ettirgan. Hozir holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Surxondaryoda sudya yordamchisi, Buxoroda hokim o‘rinbosari pora bilan ushlandi

Surxondaryo viloyati sudida sudyaning katta yordamchisi bo‘lib ishlovchi shaxs korrupsiyada gumon qilinmoqda. U ikki sudlanuvchiga nisbatan 6,3 mlrd so‘mlik zararni qayta hisoblatish orqali kamaytirib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini bekor qildirish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatish va’dasi bilan 53 ming dollar olgan paytida qo‘lga tushgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Buxoro viloyati, Kogon tumani hokimi o‘rinbosari fermerga suv masalasini hal qilib berish evaziga 12 ming AQSh dollari miqdorida pora olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozir unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «b», «v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid