Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nima uchun siyosiy plyuralizm shu qadar muhim?
Siyosiy tizimning turli bo‘g‘inlarida boshqacha fikrlash, noqulay masalalarni ko‘tarish va xatoni xato deb o‘z fikrini “yuqori”ga erkin bildirish imkoniyati bo‘lishi kerak. Hokimiyat ichkarisidagi plyuralizm birinchi navbatda oliy hokimiyatning o‘zi uchun foydali. Xo‘sh, qanaqasiga?
“Plyurial” lotin tilidan olingan, “ko‘plik”, “turfa xillik” degan ma’nolarni beradi. Plyuralizm bir vaqtning o‘zida respublikachilikning, demokratiyaning, huquqiy davlatchilikning asosida turadigan tushunchalardan biri hisoblanadi.
Respublika – bu halqning irodasi degani. Xalq esa, bitta odam emas, ko‘pchilik bo‘ladi. Ko‘pchilikning qarashlari, har doim turfa va ziddiyatli bo‘ladi. Agar respublikada siyosiy plyuralizm bo‘lmasa, bu normal va haqiqiy respublika emas, degani.
Demokratiya – halqning siyosiy boshqaruvi degani. Demokratiyaga ko‘ra, xalq o‘z xokimiyatini bitta partiya, bitta siyosiy qarash, bitta siyosiy mafkura asosida amalga oshirishi – mumkin bo‘lmagan narsa. Haqiqiy demokratiya – xalqda haqiqiy erkinlik bo‘lgan tizimdir. Xalqda erkinlik bo‘lar ekan, unda siyosiy faollik bo‘ladi, odamlar o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan miqdorda va darajada, turfa xil siyosiy tashkilotlar tuzib olib, o‘z manfaatlari uchun kurashadi.
Huquqiy davlatda, hokimiyat, odamlar bilan faqat huquqiy mezonlar orqali muomalada bo‘ladi. Davlat, hokimiyat faqat huquqiy maydonda, qonunlar doirasida fikrlaydi va ishlaydi, shuning uchun ham siyosiy plyuralizm – insonlarning fundamental huquqi sifatida ko‘riladi va qondiriladi.
Huquqiy, demokratik davlatlarning, haqiqiy respublikalarning barchasida, qolaversa, konstitutsion monarxiyalarda ham – siyosiy plyuralizm mavjud bo‘lishi kerak. Agar davlatda siyosiy plyuralizm bo‘lmasa, demak bu davlatda respublikachilikning mohiyati mavjud emas va ushbu davlatlar demokratik-huquqiy ham emas. Siyosiy plyuralizm bo‘lmagan davlatlarda, jamiyatning, xalqning irodasini tiyib turuvchi, cheklab, bostirib turuvchi omillar yoki kuchlar bo‘ladi.
Siyosiy plyuralizmga ko‘ra, siyosiy maydonda bir-biridan va hokimiyatdan mustaqil bo‘lgan ko‘plab qarashlar, manfaat guruhlari, partiyalar, siyosiy kuchlar bo‘lishi kerak. Aks holda, bu siyosiy tizim yashirincha yoki oshkora shaklda, siyosiy monopoliya qilingan bo‘ladi.
Siyosiy plyuralizmning funksiyalari, vazifalari juda ko‘p va qimmatli. Qolaversa, siyosiy plyuralizmning darajalari ham har xil bo‘lishi mumkin. Misol uchun, siyosiy plyuralizm yuqori bo‘lsa – parlament va siyosiy tizim turfa qarashdagi mustaqil siyosiy kuchlardan tashkil topgan bo‘ladi; pastroq bo‘lsa – de-fakto hukumat va parlament bitta siyosiy kuchni qo‘lida bo‘lib, oliy hokimiyat o‘z atrofiga har xil qarashdagi manfaat guruhlarini yig‘ishi ham mumkin. Bular – siyosiy tizimning qanchalik novator va erkin ekanligiga borib taqaladi.
Shu narsa aniqki, oliy hokimiyat siyosiy plyuralizmga imkon bermasa yoki bera olmagan bo‘lsa, bu siyosiy tizim oldida juda katta xatolar qilish xavfi oshib boradi.
Faraz qiling, hokimiyat o‘zgardi. Davlat tepasiga islohotlarga juda moyil bo‘lgan yangi ma’muriyat keldi. Yangi hokimiyat, eski tizimni qattiq tanqid qilib, ko‘p o‘zgarishlarga asos soldi, umid berdi. Jumladan, eski tizim davridagi xatolarni rasmiylashtirishni, davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Kuchishlatar tizimlarni tartibga solish borasida ishlar qildi.
Lekin, agar bu hokimiyat doirasida, siyosiy plyuralizm ta’minlanmagan bo‘lsa, ya’ni prezidentning yoki bosh vazirning atrofida, ko‘pchilikdan ko‘ra, kuchishlatar tizimlaridan ko‘ra, qudratli siyosiy kuchlar va qarashlardan ko‘ra farqli fikrlaydigan va gapira oladigan shaxslar va kuchlar bo‘lmasa, prezident yoki bosh vazirning faoliyatiga biryoqlama manfaatlar manfaatlar va qarashlarning ta’siri yuqoriligicha qolaveradi.
Davlat rahbarlariga ma’lumotlar kiritish, ularning qarashlarini shakllantirish – har doim juda kuchli siyosiy kurashlarning asosida turgan. Misol uchun, biron bir guruh yillar davomida davlat rahbarlariga ma’lumotlar kirita olsa, oliy hokimiyatning qarashlarini o‘z manfaatlaridan kelib chiqib shakllantirib borsa va boshqa guruhlarda bunday imkoniyat bo‘lmasa – demak, davlat rahbarlari ushbu guruhning ta’siriga tushib qolgan bo‘ladi.
Har bir davlatda kuchishlatar tizimlari katta mavqega ega bo‘ladi. Insonlar, jamiyatlar va davlatlar uchun, xavfsizlik – muhim qadriyat. Endi, faraz qiling, biron bir davlatda, kuchishlatar tizimlari davlat rahbarlarining qarashlarini shakllantiruvchi asosiy vositaga, kanalga aylanib qoldi.
Natijasi qanday bo‘ladi? Tabiiy ravishda, davlat rahbarlari ham vaziyatga faqat xavfsizlik va barqarorlik prizmasi orqali qaray boshlaydi. Bu yerdagi asosiy muammo – kuchishlatar tizimlarining vaziyatni maksimal nazorat qilishga moyilligi emas (chunki bu tabiiy holat), balki, davlat rahbarlari atrofiga muqobil qarashda bo‘lgan siyosiy kuchlarning, shaxslar va guruhlarning bo‘lmasligida yoki o‘ta zaifligida bo‘ladi.
Aynan shuning uchun ham, avtoritar davlatlarda oliy hokimiyatlar biryoqlama fikrlashga, ishlashga moyil bo‘ladi; muqobil qarashlar, novator g‘oyalar va loyihalar kam bo‘ladi. Yillar o‘tib, bunday davlatlardagi siyosiy vaziyat taranglashib boraveradi. Davlat xalqaro reytinglarda qorayib boradi. Bu xuddi botqoqdagi odam qancha ko‘p qimirlasa, shunchalik botib ketaverishini eslatadi. Bu vaziyatdan chiqishning yagona chorasi – botqoqda bo‘lmagan boshqa odamning, kuchlarning qo‘l cho‘zishi hisoblanadi.
2016 yilgacha bo‘lgan davrni eslaylik. Boshida Karimov muqobil, tanqidiy fikrlarni hazm qila olmadi. Natijada, aynan Karimovning o‘zi muqobil ma’lumotlardan mahrum bo‘ldi. Karimov ustidan axborot monopoliyasi o‘rnatildi. Karimov tashqi dunyodan uzildi – unga faqat filtrlangan, alohida shaxslar va guruhlarning manfaatlariga to‘g‘ri keladigan ma’lumotlar kiritildi. Natijada, siyosiy tizim juda katta xatolarga qo‘l urdi. Ya’ni hokimiyatning o‘zi o‘zini real vaziyatdan uzdi va vaziyatning qurboni ham, aynan o‘zi bo‘ldi.
Dunyoda ko‘plab avtoritar davlatlar ham, hokimiyat doirasida muqobil qarashlar va axborot manbalarini integratsiya qilishga intilishadi. Xitoyda ko‘plab institutlar hokimiyatga o‘ta tanqidiy dokladlar, ma’lumotlar kiritishadi. Qo‘shni Qozog‘istonda, prezident To‘qayev har yili bir necha marta siyosatshunoslar, mutafakkirlar, vatandoshlik jamiyati vakillari bilan uchrashadi. Ulardan vaziyat borasidagi fikrlarini so‘raydi. Xitoy ham, Qozog‘iston ham avtoritar. Lekin, bu davlatlarning hokimiyatlari, imkon qadar vaziyatni bilish va oldindan choralar ko‘rish harakatida bo‘lmoqda.
Yangi O‘zbekiston uchun, hech bo‘lmasa hokimiyat koridorlari, ijroiya hokimiyati doirasida siyosiy plyuralizm nazarda tutilmasa, barcha uchun, jumladan eng qudratli manfaatlar va davlat institutlari uchun ham, katta xatolar qilish ehtimoli oshib boraveradi. Siyosiy tizimda boshqacha fikrlash, jumladan xato gapirish, noqulay masalalarni ko‘tarish imkoniyati bo‘lishi kerak. Bu aynan kuchishlatar tizimlari uchun ham “najot” yo‘li bo‘lishi mumkin. Chunki kuchishlatar tizimlari haddan tashqari qudratli bo‘lib ketgach, alal-oqibat, barcha tarixiy va siyosiy mas’uliyat ushbu davlat institutlariga yuklanadi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
11:28 / 31.12.2025
Ekologiya, mediamakon va diplomatiya. 2025 yilgi O‘zbekiston – faollar nigohida
20:00 / 12.11.2025
"Ibrohim kelishuvlari" va Qozog‘iston: yangi yo‘nalishmi yoki diplomatik ramz?
18:30 / 05.11.2025
Tramp nishonida - Venesuela. Nega?
09:53 / 15.09.2025