O‘zbekiston | 14:41 / 22.04.2026
8763
3 daqiqa o‘qiladi

E’zoza Karimova: “hokim gul bilan borib, o‘qituvchilardan kechirim so‘radi”

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev o‘qituvchilarni izza qilgan holatga munosabat bildirdi. Vazirga ko‘ra, tuman hokimi 2 kundan so‘ng maktabga borib, gul bergan holda o‘qituvchilardan kechirim so‘ragan.

21 aprel kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda vazir E’zoza Karimova qatnashdi.

Matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri vazirdan o‘qituvchilarni izza qilgan Karmana tumani hokimiga qanday chora ko‘rilgani haqida so‘radi. E’zoza Karimova tuman hokimi keyinchalik maktabga borib, uzr so‘raganini ma’lum qildi.

Hokim tomonidan Hazora qishlog‘ida yoshlar bilan uchrashuvga 9-maktabning yuqori sinf o‘quvchilari jalb qilinishi belgilangan. Lekin hokim kech qolgan. 2 soat kutgandan keyin charchab qolgan o‘quvchilarimiz hokim bilan uchrashuvda faol bo‘lishmagan. Hokim o‘quvchilar faol bo‘lmadi, deb ustozlarni ayblagan. Haqiqatan ham bo‘lgan bu: ustozlarimizni avtobusga mindirib, tuman hokimligi binosiga olib borib, ariza yozdirib olish holatlari ham bo‘lgan”, dedi vazir.

Shuningdek, Shohrux Boltayev voqeadan bir necha kun o‘tib, o‘sha maktabga borgan va o‘qituvchilardan kechirim so‘ragan.

Biz buni nazoratga oldik. Jumladan, Navoiy viloyati hokimligiga ham xizmat tekshiruvi o‘tkazishi bo‘yicha alohida xat chiqardik. O‘sha paytda Navoiy viloyati hokimi xorijiy safarda ekan. U bilan ham bog‘lanib gaplashdik.

Tuman hokimi 2 kundan keyin maktabga gul bilan borib, ustozlardan uzr so‘radi. Tashakkurnomalar, sovg‘alar berib kelgan”, dedi E’zoza Karimova.

Avvalroq Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev 46 nafar (aksariyati ayollar va ro‘zadorlar bo‘lgan) o‘qituvchilarni hokimlikka yig‘ib, qariyb bir soat tik turg‘izib qo‘ygandi. Hokim bu holatni “ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan chora” deb izohlagan edi.

Navoiy viloyati hokimligi o‘z rasmiy bayonotida holat nazoratga olinib, tegishli mas’ullar tomonidan o‘rganilayotganini, jarayon yakuniga yetgach batafsil ma’lumot berilishini bildirgandi. Biroq oradan 1 oydan ko‘p vaqt o‘tganiga qaramay hokimlik o‘rganish natijasini e’lon qilmadi. 

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid