O‘zbekiston | 09:30 / 01.11.2017
137970
19 daqiqa o‘qiladi

«Samarqandda adolat bormi o‘zi?!» – Tadbirkorlarni qaqshatgan Olim Ochilov javobgarlikka tortilmay qolmoqda

Tasavvur qiling, siz yoshlar uchun mo‘ljallangan «Kamolot» uyi qurdingiz. Buning uchun bank sizga kredit ajratdi. Uyni belgilangan muddatda topshirdingiz. Qurgan uyingizni kimgadir sotish yoki taqsimlash sizning ixtiyoringizda emas. Viloyat hokimligi uyni dalolatnoma orqali qabul qilib olganidan so‘ng, uyni o‘z egalariga vaqtida topshira olmagani bois siz bilan to‘liq hisob-kitob qilmadi. Siz esa vaqtida topshirgan uyingiz uchun kreditni o‘z vaqtida yopa olmadingiz va foiz to‘lashda davom etdingiz — ya'ni zarar ko‘ra boshladingiz. Buning uchun kim aybdor?

Samarqandda aynan shunday holat yuzaga kelmoqda. Saytimizda ilgari ham «Samarqandlik tadbirkor: «Viloyatdagi mutasaddilar tufayli korxonam 552 million so‘m zarar ko‘rdi» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan va Past Darg‘om tumanida «Kamolot» uylari qurib bergan «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasining viloyat hokimi (endilikda sobiq) o‘rinbosari Olim Ochilov, viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi va ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali rahbariyatining o‘z xizmat vazifasini suiiste'mol qilishi, tadbirkorning taqdiriga befarq qarshi uning huquqlarini poymol qilishi oqibatida yarim milliard so‘mdan ziyod zarar qilgani bayon etilgan edi.

Endi xuddi shunday tadbirkordan yana biri tahririyatimizga murojaat qilib, o‘zining arz dodini respublika rahbarlari eshitishini, viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi panja orasidan qarab, yechimini topmayotgan muammosini hal qilinishi so‘ramoqda.

Jomboy tumanidagi «Niyatbek quruvchi» xususiy korxonasi rahbari Hamza Qosimovich Mamayusupovning aytishicha, adliya vazirligiga, milliy xavfsizlik qo‘mitasiga, respublika Bosh prokuroriga, Samarqand viloyati hokimligiga va boshqa tegishli organlarga qilgan 3 martalik murojaati umuman qanoatlantirilmagan.

«Bizning aybimiz (u bu safar xuddi shu muammo bilan yurgan «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasi rahbari Hayitmurod Elmurodov bilan keldi) nima, Vazirlar Mahkamasining qaroriga labbay dab javob berib, qurilishni barcha me'yorlar bo‘yicha yakunlab, o‘z vaqtida topshirganimizmi?! Samarqandda adolat bormi o‘zi?!» — deyishmoqda ular. Quruvchilarning aytishicha, bunday «Kamolot» uylar respublikamizning barcha viloyatlarida qurilgan, boshqa viloyatlarda birorta quruvchining «burni qonatilmagan», barcha zarur mablag‘lar, qurilish materiallarini o‘z vaqtida olishgan, qurilish tashkilotlari foyda bilan chiqishgan.

— Ilgari qurilish korxonamda 250dan ziyod kishi ishlardi. Har yili quruvchilar kunida ishchi va xodimlarimga to‘y qilib qilib berar edim, — deydi Hamza Mamayusupov. — ishlab chiqarish korxonalarim, qurgan idoramni sotib ham, bo‘ynimga ilingan qarzlarni to‘lay olmay, bankrot bo‘ldim. Ishchilarimga esa javob berib yubordim. Shuncha odam ishsiz qoldi.

Endi tadbirkorning ushbu mash'um «Kamolot» uylari yuzasidan paydo bo‘lgan e'tiroz va vajlariga ko‘z yugurtiring va mushohada qiling-da, uning murojaatlariga prokuratura organlari «umuman qonun buzilishlari bo‘lmagan, jinoyat alomatlari yo‘q», deb yozma ravishda javob berishayotganini ham yodda tuting:

«2015 yil 30 iyun kuni Samarqand viloyati hokimligi Injiniring kompaniyasi, «Niyatbek quruvchi» xususiy korxonasi  va ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali o‘rtasida «2014 yil 18 avgustda tuzilgan 3-JDM-2014-sonli shartnomaga» 3-JDM-2014/1-sonli QO‘ShIMChA KeLIShUV tuzilgan bo‘lib, uch tomonlama kelishilib, imzolangan va muhrlangan. Ushbu shartnomaning 3.2. bandiga muvofiq, ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali jami ajratilgan kredit mablag‘i, ya'ni 5.428.963.484 so‘m hisobidan 196.449.000 so‘m kredit foizi hamda 4.429.600.000 so‘m kredit tannarxi qaytarib qolinishi, qolgan 999.363.484 so‘m mablag‘ «Niyatbek quruvchi» xususiy korxonasi hisob raqamiga o‘tkazib berilishi belgilangan. Shartnomaning ushbu talablari umuman bajarilmadi».

«Uch tomonlama tuzilgan qo‘shimcha kelishuv shartnomasi talablari qo‘pol ravishda buzilib, tadbirkorning faoliyatiga jiddiy putur yetkazgan holda, bank va Injiniring kompaniyasi shartnomada qayd etilgan 196.449.000 so‘mlik kredit foizi o‘rniga 254.449.000 so‘m, ya'ni 58.000.000 so‘m mablag‘ ortiqcha ushlanib qolinib, shuncha pul miqdori qurilish korxonasiga kam to‘landi».

«Mazkur holat sababi so‘ralganda, bizlar «Kamolot» uyini o‘z vaqtida davlat qabul hay'atiga topshirganligimiz, biroq uy egalari bo‘lmish iqtidorli yoshlarni topish 2015 yil oxiriga qadar cho‘zilib ketganligi, shunga ko‘ra kredit foizlari oshib ketganligi (!) haqida javobni oldik. Ya'ni «Kamolot» YoIH va hokimlik iqtidorli yoshlarni NeGADIR O‘Z VAQTIDA topa olmagani uchun tadbirkor 58 mln. so‘m oshiqcha kredit foizi to‘lab tursa bo‘laverar ekan. Yoshlarni uy-joy bilan ta'minlashga mas'ul «Kamolot» YoIH, viloyat tuman hokimliklari va «Qishloqqurilishbank» Samarqand filiallarining bu haraktsizligi jinoyat emasmi?»

Vaziyatga e'tibor bering! Agar uyni egalariga topshirish quruvchining gardanida bo‘lganida, hali uy qurilmasdanoq ular barpo etilishi mo‘ljallangan uyiga mijoz topishgan bo‘lar edi — bu aniq! Lekin uyga xaridorlarni iqtidorli yoshlar orasidan viloyat va tuman hokimliklari «Kamolot» YoIH va «Qishloqqurilish bank» topishi belgilab qo‘yilgan. Ular quruvchini ipsiz bog‘lab, o‘z ishlariga panja orasidan qarashganmi, yoki uyning potensial egalari o‘rtasida «kimoshdi savdosi» o‘tkazishganmi, buyog‘i qorong‘u, fakt shuki — uyni o‘z vaqtida to‘ldirishmagan, pulini to‘lashmagan va o‘tgan vaqt uchun ham quruvchi kredit foizini to‘lab turishga majbur bo‘lgan! O‘z ishining ustasi bo‘lgan har qanday tergovchi 5 daqiqada aybdorni aniqlab, xulosa bera oladi. Nachora, Samarqandda Prezidentimiz yil 8 yanvar kuni ta'kidlaganidek, elparvar, haqiqatparvar, tadbirkorning boshini silaydigan prokuror yo‘qqa o‘xshayapti, balkim Respublikada topilib qolar?..

«Shuningdek, 2-JDM-2014/1-sonli QO‘ShIMChA KeLIShUV shartnomasining 3.2. bandiga binoan, bank filiali korxonaga shartnomada ko‘rsatilgan 999.363.484 so‘m o‘rniga 611.000.000 so‘m mablag‘ bergan, ya'ni 388.363.484 so‘m mablag‘ «Niyatbek quruvchi» xususiy korxonasiga kam to‘langan».

«Buning sabab aniqlashtirilganda, Injiniring kompaniyasi va «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali shartnoma tuzishganda adashishgan emish! Axir imzo va muhr qo‘yish, shartnoma tuzish o‘yinchoq emasku, shartnoma huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi, yuridik kuchga ega bo‘lgan huquqiy hujjat emasmi?!»

«Ayrim rahbarlarning hukumatimiz rahbarining yurtimiz ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida chiqarayotgan qarorlarini bajarmaslik va oqibatida tadbirkor sifatida 388,0 mln. so‘mdan ziyod  zarar ko‘rsak, tekshiruvchi organlar bunga ko‘z yumishsa («kechiringlar endi, anuvlar bolalik qilib bir adashibdi-da, to‘lavoringlar shu arzimagan 400 million so‘mga yaqin summani», degan qabilda), bu jinoyat emasmi?!»

«Bundan tashqari, injiniring kompaniyasi tomonidan «Kamolot» uylari qurilishi imtiyozli narxlarda berilishi kerak bo‘lgan metall, oyna va sement qurilish mahsulotlari umuman berilmadi».

«Bizning tashkilotga imtiyozli ravishda berilishi kerak bo‘lgan metall (armatura, smeta bo‘yicha berilishi kerak bo‘lgan narxi 1 mln. 400 ming so‘mdan) umuman berilmadi, haqiqatda esa 3–3.5 mln so‘mdan bozordan xarid qildik. «Kamolot» uyi qurilishiga 162 tonna metall ketganini hisobga olsak, bozor narxida olishimiz oqibatida, har bir tonnasidan 2,0 mln. so‘m atrofida jami 300 mln. so‘mdan ortiq zarar ko‘rdik».

«Axir 2014 yilda bosh vazir bo‘lgan hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan aprel oyida o‘tkazilgan 70-sonli yig‘ilishi bayonining 15-b-bandida «Kamolot» uylari qurilishi uchun Samarqand viloyati hokimligi «Kamolot» YoIH bilan birgalikda 1,0 t metalloprokat uchun 1,2 t metallalom topshirilishini tashkil etish va «Kamolot» uylari qurilishi uchun mettalloprokat olib berilishini ta'minlash yuklatilgan va tegishli topshiriqlar berilgan-ku? Viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi bizga yullagan javob xatida ko‘rinib turibdiki, ular Shavkat Mirziyoyev tomonidan aprel oyida o‘tkazilgan 70-sonli yig‘ilish bayonining mazmun-mohiyatni yaxshi tushunishmagan ko‘rinadi. Tekshiruvchi organlar bunga ham ko‘z yumishmoqda».

«Hukumat topshirig‘ini bajarmaslikka hech kimning haqqi yo‘q-ku? Axir bu qonunbuzarlik emasmi? Hukumatimizning rahbariyati topshirig‘ini viloyatdagi mutasaddilar bajarmasligi oqibatida nega biz — tadbirkorlar 300 million so‘mlab zarar ko‘rishimiz kerak?!»

«O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirligining 2015 yil 20 apreldagi 05/1-76-sonli imtiyozli ravishda berilishi kerak bo‘lgan oyna mahsuloti bo‘yicha xati Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil Departamenti tomonidan aprel oyida ijroga qaratilib, ijrosini ta'minlash Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari (endilikda sobiq) Olim Ochilovga yo‘llangan bo‘lsada, O.Ochilov ajratilishi lozim bo‘lgan 1.033 m2 oyna mahsuloti fondini bermasdan, 2014 yil 13 noyabr kuniga qadar o‘zlarida ushlab turishdi. «Kamolot» uyini foydalanishga topshirganimizdan keyin 6 oy o‘tgach, imtiyozli narxda berilishi kerak bo‘lgan xatni, ya'ni 2014 yil 13 noyabrdagi xatni dekabr oyi oxirida bizning qo‘limizga berdi».

«Endi bir savol: nimaga Olim Ochilovning o‘ziga qarashli bo‘lgan va 2014 yilda Vazirlar mahkamasi qaroriga ko‘ra biz qatori Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida qurilgan uchinchi «Kamolot» uylarini barpo etgan «Mega temir beton» MChJ imtiyozli oyna mahsulotini oldi, bizga esa berilmadi? Bizning aybimiz viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlamayotganimizdami? Albatta, tekshiruvchi organlar bu faktga ham ko‘z yumishmoqda».

«Buning oqibatida, oynani bozor narxida, ya'ni smetadagi narxdan bir necha barobar ortiqcha narxda olishimizga to‘g‘ri keldi va har ikkala qurilish korxonamiz 18 mln. so‘mdan zarar ko‘rdi. Korxonamiz rivojlanishi o‘rniga bankrotlik holatiga tushib qoldi».

Nahotki viloyatdagi rahbarlarning davlatimiz rahbariyati olib borayotgan siyosati ya'ni, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kuyib-pishishlariga javobi shu bo‘lsa? Gullab-yashnab turgan korxonani daromadga chiqarish o‘rniga, bankrotlikka uchratishsa?

Xuddi shu tariqa, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 18 iyuldagi 2/1313-sonli topshiriqnomasiga binoan, Samarqand viloyatining Past Darg‘om, Ishtixon va Jomboy tumanlarida «Kamolot» uylari qurilishi uchun 3.627 tonna sement qurilish mahsuloti imtiyozli narxlarda ajratilgan. (Har bir korxonaga 1210 tonnadan, tonnasi 104.560 so‘mdan). Korxonalarimizga 1210 tonnadan sement ajratilishi belgilab qo‘yilgani holda viloyat hokimi o‘rinbosari Olim Ochilov «Qizilqumsement» AJga «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasi «Niyatbek kuruvchi» xususiy korxonasi uchun 700 tonnadan sement ajratishni so‘rab xat bergan.

«Niyatbek kuruvchi» xususiy korxonasi berilishi kerak bo‘lgan qolgan 510 tonna sement mahsuloti viloyat hokimining o‘rinbosari O.Ochilov va Injiniring kompaniyasining taqsimotiga binoan, 2014 yilda «Kamolot» uylari qurilishida umuman qatnashmagan tashkilotlarga o‘zaro kelishilib, qonunga xilof ravishda bizdan bir oy oldin birinchi navbatda berib yuborildi.

«Farovon Fayz Binokor» MChJ ga 763,0 tonna hamda «Abdimo‘min stroy invest» MChJga 763,0 tonna — ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlar «Qizilqumsement» AJ yuristi tomonidan tahririyatimizga taqdim etilgan.

«Bu borada injiniring kompaniyasining bizga yo‘llagan javob xatidan kulishni ham kuyishni ham bilmaysan! — deydi Hamza Mamyusupov. — Viloyatdagi tekshiruvchi organlar ham negadir ularga chippa-chin ishonishadi-qo‘yishadi. Go‘yoki viloyatda 8ta «Kamolot uyi» qurilgan emish. Axir 8ta uy qurilishiga taklif berilgan! Haqiqatda esa 3ta uy qurilgan. (Olim Ochilov «Qizilqusementga ham 2014 yilda 5ta uy qurilmoqda, deb yolg‘on ma'lumot berib, sementni o‘zlashtirganiga e'tibor bering!).

8ta uy qurish haqidagi taklif 2014 yil aprel oyida berilgan, moliyalashtirish masalalari iyun oyida hal etilgandan so‘ng, ya'ni qurilayotgan 3 ta «Kamolot uylari»ga bank tomonidan kreditlar ajratildi, 2014 yil 18 aprelda bizlar kredit oldik.  Lekin biz — 3ta tashkilot kreditga «Kamolot uyi»ni kurish bilan ovora bo‘lib yursak, 2014 yil avgust oyida (!) biz uchun ajratilgan imtiyozli narxdagi sement Olim Ochilovning imzosi bilan umuman bunday qurilishlarga aloqasi yo‘q tashkilotlarga berib yuborilmokda. Biz esa qurilishni yakunlash uchun yetarli bo‘lmagan 700 tonna sementni olish uchun 2014 yil sentabr oyida Olim Ochilov imzolagan yana bir xat bilan «Qizilqumsement»ga murojaat qildik. Hech bir tekshiruvchi bu yerda vaqt va sanalarga e'tibor qaratmayapti. Axir bu davlat mulkini talon-taroj qilish — qip-qizil jinoyatning o‘zginasi-ku?!»

Taqqoslash uchun yana bir fakt: hozir sharmandalarcha ishdan bo‘shatilgan, biroq negadir ozodlikda, javobgarlikka tortilmasdan yurgan viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari Olim Ochilov davr-u davron surgan vaqtlarda Injiniring kompaniyasidagi jinoiy to‘daning taqsimotiga binoan «Past Darg‘om sifat qurilish» va «Niyatbek quruvchi» 64 xonadonli (!) uy qurilishi uchun imtiyozli narxlarda bor-yo‘g‘i 700,0 tonna sement olgan bo‘lsa, viloyatdagi «Abdimo‘min stroy invest» MChJ korxonasi 2015 yilda 48 xonadonli (!) «Kamolot» uyi qurib, Ochilovning bir varaqdagi jimjimador imzosi bilan 1338,0 tonna imtiyozli narxlarda sement mahsulotini qo‘lga kiritgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, viloyatda qurilish sohasi rahbarlari adolatli ish olib borishmagan, tanish-bilish, oshna-og‘ayingarchilik qilishgan! Yo‘qsa, o‘sha injiniring kompaniyadagi qo‘li dollar sanab qavargan sementfurush zabardastlar tushuntirib bersin-chi, nega 64 kvartirali uyga 700 tonna sement ketarkan-da, 2015 yilda qurilgan 48 kvartiralisiga deyarli 2 barobar ko‘proq?! Ikkinchisi Gitlerning bunkeriga o‘xshagan narsamidi yo?!

«700 tonna sement qurilish ishlariga yetmasligi aniq, shundan keyin, yuqorida nomi tilga olingan va ayni kunlarda bankrot bo‘lish arafasida turgan tashkilotlar bir tonna sementni 350 mingdan 460 ming so‘mgacha bozor narxida olishga majbur bo‘ldik. Buning oqibatida 170 mln. so‘m miqdorida zarar ko‘rdik. Ya'ni bizga berilmagan 510 tonna sementning har bir tonnasidan 300 ming so‘mdan zarar ko‘rdik. Vaholanki, 3ta «Kamolot» uyi qurilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror va bayonnomalari mavjud bo‘lgan».

Hozir Olim Ochilov va injiniring kompaniyasidagilar o‘z cho‘ntagidan o‘sha 763 tonnadan sementni bozor narxida olib berishi yoki bozor narxida kuygan mana bu quruvchilarga to‘lab berishi kerak. To‘lay olmasa, qonun doirasida javob berishi kerak. Mana shu eng adolatli qaror bo‘lardi.

«Xullas, umumiy hisobda «Niyatbek quruvchi» xususiy korxonasi bank tomonidan kredit foizidan ortiqcha ushlab qolingan 58 mln. so‘m, metall mahsulotidan 300 mln. so‘m, oyna mahsulotidan 18 mln. so‘m, sement mahsulotidan 170.000 000,0 so‘m shartnoma shartlari bajarilmasligi oqibatida 388.363.484 so‘m, jami bo‘lib 934 mln. 363 ming 484 so‘m miqdorida zarar ko‘rdi».

Nahotki, O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 20 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-391-sonli Qonuni tadbirkorlarga najot berib, bu narsa viloyat mutasaddi rahbarlari e'tiboridan chetda qolgan bo‘lsa?

«Hurmatli mutasaddilar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakili!

E'tibor berganingizdek, tadbirkor sifatida mening huquqlarim poymol etilib, korxonamiz manfaatlariga juda katta miqdordagi zarar yetkazilib, oqibatda korxona qarzdorlikka yo‘l qo‘yib, bankrotlik darajasiga yetdi.

Sizdan, mazkur shikoyatimni alohida nazoratga olishingizni, Prezidentimiz, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2017 yil 5 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakili institutini ta'sis etish to‘g‘risida»gi PF-5037-sonli Farmoniga binoan, vakolatingiz doirasida tadbirkor sifatida «Niyatbek quruvchi» xususiy korxonasining manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘rishingizni iltimos qilaman.

Zero, boshqa men kabi tadbirkorlar bu kabi loqaydliklardan himoyalanib, Siz qo‘llagan choralar o‘z mansabiga sovuqqonlik bilan qaragan rahbarlarga dars bo‘lsin», deb yakunlaydi Hamza Mamayusupov tahririyatimizga yo‘llagan murojaatini.

Mavzuga oid