O‘zbekiston | 15:57 / 27.12.2025
14644
22 daqiqa o‘qiladi

Ishga tushadigan “eskrou”, tibbiyot xodimlariga imtiyoz va boshlanadigan “eko-stiker”lar davri – 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Ishga tushadigan “eskrou”

O‘zbekistonda uy-joy xaridi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ko‘p uchraydi. Bunga 1 766 kishi jabrlangan “Credit House” ishini, “System Metall Stroy”ning “Prestige” loyihasi ortidan 4 yildan buyon sarson yurgan 147 ta oilani va boshqa ko‘plab holatlarni misol sifatida keltirish mumkin.

Prezidentning tegishli farmoni bilan qurilishda moliyaviy intizomni kuchaytirishi va mijozlar uchun xavfsiz muhit yaratishi maqsadida eskrou tizimi joriy etilgan. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran barcha quruvchilar ulush kiritish asosidagi loyihalarini eskrou tizimi orqali amalga oshirishi majburiy bo‘ladi.

Eskrou tizimi qanday ishlaydi? Mijozlar hali bitmagan uy uchun pulni quruvchiga to‘lamasdan, bankdagi eskrou hisobraqamiga qo‘yadi va bu pullar toki uy bitmaguncha quruvchining qo‘liga berilmaydi. Bunda banklar eskrou hisobvarag‘ida ulushdorlarning pullari turgani sababli quruvchiga arzonroq stavkada kredit beradi.

Bu dunyo amaliyotida sinovdan o‘tgan yaxshi tajriba. Masalan, 2019 yil yozidan boshlab Rossiya qurilish sohasida ham ushbu tizimga o‘tildi. Qurilish korxonalari ulush kiritish asosidagi shartnomalardan eskrou hisobraqami asosidagi moliyalashtirishga o‘tdi. Chunki Rossiyada ham quruvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolab, keyinchalik, kompaniyaning o‘z majburiyatini bajarmasligi oqibatida minglab odamlar puliga kuyib qolayotgan holatlar falokatli darajada ko‘payib borayotgandi. Eskrou tizimi joriy etilgach, bu holatlarga deyarli barham berilgan.

«Ekologik transport» tizimi joriy etiladi

2026 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida «Ekologik transport» tizimi birinchi bosqichda joriy etiladi. Bu haqda hukumatning tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab respublikada ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalarining texnik hujjatlarida ularning ekologik sinfi ko‘rsatiladi. Bunda sotuvga chiqarilayotgan avtotransport vositalari elektron hisob-ma’lumotnomalarida ularning ekologik sinflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.

«Ekologik transport» tizimga oid qoidalar buzilganda jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi.

“Eko-stiker”lar uch xil — yashil, sariq va qizil rangda bo‘ladi. Dastlab mashinasi sariq yoki qizil stiker olgan haydovchi stikerlar rangini o‘zgartirish huquqiga ega. Barcha hududlarda diagnostik markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sariq yoki qizil stiker olgan fuqarolar transport vositalarini shu diagnostik ko‘rikdan o‘tkazib, stikerlari rangini o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.

Masalan, qizil stikerli avtomashinalar toza hududga kirmoqchi bo‘lganida bevosita xabar beriladi. Chunki transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va hisobotlar Yo‘l harakati xavfsizligi tizimida elektron tarzda yuritib boriladi. Bu borada yagona elektron tizim mavjud.

Hukumat qarori bilan avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligi darajasini aniqlash, ularni ekologik toifalarga ajratish hamda ekologik stikerlarni berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, transport vositalari uchun birinchi marta, shuningdek, bir yil ichida bir marotaba qayta ekologik toifani belgilash, shu jumladan, diagnostik tekshiruvdan o‘tkazish va ekologik stiker berish alohida to‘lov undirilmasdan amalga oshiriladi. Shundan keyin har bir qayta diagnostika tekshiruvidan o‘tkazish va natijalari bo‘yicha yangi ekologik stiker olish xizmatlari to‘lov asosida ko‘rsatiladi. Bunda qayta diagnostika tekshiruvini o‘tkazish bilan bog‘liq ko‘rsatilgan har bir xizmat uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi.

Ishlab chiqaruvchi tomonidan ekologik sinfi («Yevro» va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) tasdiqlangan transport vositalarini ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olishda ularni diagnostika tekshiruvidan o‘tkazish talab etilmaydi.

Ekologik stikerlar muddatsiz davrga beriladi. Ayrim hollarda, masalan, ekologik stikerning shikastlanishi yoki rangining o‘chishi natijasida undagi transport vositasining davlat raqamini o‘qish imkoni bo‘lmaganda, transport vositasining old oynasi yaroqsiz holga kelganda ekologik stikerlar to‘lov asosida qayta rasmiylashtirilishi mumkin.

Tibbiyot xodimlariga imtiyoz

2025 yil 9 noyabrda davlat rahbarining “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga qator imtiyozlar berilmoqda.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:

  • tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi;
  • davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi;
  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bog‘liq xarajatlari to‘liq qoplab beriladi;
  • har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizi qoplab beriladi.

Yil boshidan milliy akkreditatsiyadan o‘tgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama ham to‘lanadi.

Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bir yilda bir marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish, 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda tibbiyot muassasasining mablag‘lari hisobidan bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma berish, barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdorini ikki barobar kamaytirish kabi qo‘shimcha imtiyozlar taqdim qilinadi.

Moped va skuter haydovchilaridan “prava” so‘raladi

2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shart bo‘ladi va ularni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etiladi. Bu haqda hukumatning 2025 yil 25 oktyabrdagi qarorida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab moped va skuterlarni, shuningdek, eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan, ish hajmi 25 sm3.gacha bo‘lgan ichki yonuv dvigateliga ega yoki nominal quvvati 0,25 kilovattgacha bo‘lgan kichik hajmdagi mototransport vositalarini boshqarish uchun «A1» haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi. Individual harakatlanish vositalari bundan mustasno.

Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan boshlab:

  • «A1» kichik toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beradigan milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarga haydovchilarni tayyorlash majburiy o‘quv dasturini o‘tamasdan turib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish huquqi beriladi. Bunda talabgorlar o‘zlarining ixtiyoriga ko‘ra o‘quv kurslarida (onlayn yoki oflayn shaklda) o‘qishi yoxud mustaqil tayyorlanishi mumkin bo‘ladi. Milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlardan haydovchilarni tayyorlash o‘quv dasturi bo‘yicha o‘qishni tugatgani haqida guvohnoma talab etilmaydi;
  • «A», «B», «C», «D» toifadagi avtomototransport vositalaridan birini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar «A1» kichik toifadagi transport vositalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarish huquqiga ega bo‘ladi;
  • «A1» kichik toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beradigan milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy imtihonda 20 ta elektron (animatsion) test savollaridan kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob bergan haydovchilikka nomzodlar «nazariy imtihonni topshirgan» deb hisoblanadi va amaliy imtihonga qo‘yiladi;
  • imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga «A1» kichik toifaga kiradigan transport vositalarini boshqarishga ruxsat berilganligi to‘g‘risida ma’lumot aks etgan milliy haydovchilik guvohnomasi beriladi.

Boshqa o‘zgarishlar

2026 yil 1 yanvardan boshlab:

  • har 5 yilda kamida bir marotaba Hisob palatasi faoliyatini tashqi baholashdan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi;
  • davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida barcha ish beruvchilar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan xodimlarga beriladigan barcha turdagi ta’tillarni, shuningdek, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarni «YaMMT» IDAKda ro‘yxatga olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etiladi;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarida besh kunlik ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yiladi. Shanba kuni barcha fan o‘qituvchilari uchun «Kasbiy rivojlanish kuni» etib belgilanadi;
  • 2026 yil 1 yanvardan 1 iyulga qadar eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Uchtepa va Mirobod tumanlarida qabriston hududidagi plombalangan turg‘un metall qutilarda xayr-ehsonlarni yig‘ishni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirish tartibi bekor qilinadi. Turg‘un metall qutilarga o‘rnatilgan QR-kod tasviri vositasida bank plastik kartalari orqali naqd pulsiz onlayn shaklda ixtiyoriy xayr-ehsonlarni amalga oshirish joriy etiladi;
  • chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlariga ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun elektron onlayn auksion savdolari orqali yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini sotib olish uchun hisoblangan to‘lovlarni 5 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;
  • «HAMROH» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi;
  • qo‘riqlovga olingan banklar, yirik ishlab chiqarish korxonalari, mahalliy hokimliklar va boshqa obektlarning fuqarolar kirish va chiqish joylariga ularning o‘z mablag‘lari hisobidan Ichki ishlar vazirligining «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish markazi» davlat muassasasi tomonidan bosqichma-bosqich shaxsning yuzini tanib olish imkoniyatiga ega texnik vositalar o‘rnatilib, tegishli axborot bazalari bilan integratsiya qilinadi;
  • «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili asosida tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;
  • jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulklarni ijaraga berishdan olingan daromad bo‘yicha to‘langan soliq to‘liq miqdorda mulk joylashgan tuman (shahar) mahalliy budjetlariga yo‘naltiriladi;
  • davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan «Byurokratiyani bartaraf etish — 2030» dasturi ishga tushiriladi;
  • to‘lov vositasi sifatida barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi («tartibga solish qumdoni») joriy etiladi. Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni emissiya qilishga ruxsat beriladi;
  • paralimpiya sport turlari bo‘yicha respublika terma jamoalarini shakllantirishning yangi tartibi joriy etiladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida muddati 6 oygacha bo‘lgan qayta tayyorlash dasturlari joriy etiladi;
  • viloyat, tuman (shahar) shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari tugatiladi hamda mazkur arxivlarning vazifa va funksiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar markaziy davlat arxivlari, viloyat, tuman (shahar) davlat arxivlariga o‘tkaziladi. Barcha vazifa va funksiyalari hamda xodimlarning amaldagi mehnatga haq to‘lash shartlari saqlangan holda hududiy davlat arxivlarining alohida yuridik shaxs maqomi tugatiladi;
  • «Pharma.gov.uz» portalida davlat xaridlari sohasida foydalaniladigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) milliy klassifikatoridan foydalanib hamda xaridlar hajmlarini ko‘rsatgan holda, barcha farmatsevtika mahsulotlarining reyestri jamoatchilik uchun e’lon qilib boriladi;
  • mehmonxonani qo‘shimcha bino va inshootlar qurish orqali kengaytirish yoki mavjud bino va inshootlarning ixtisoslashishini mehmonxona faoliyatiga o‘zgartirish uchun ketgan xarajatlarining bir qismini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish tizimi joriy qilinadi;
  • «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomidagi 33 ta tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi;
  • kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan (21 yosh ham kiradi) bemorlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy kuzatuvda bo‘ladi va davolanish ishlari davom ettiriladi;
  • Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan boshlab 30 kungacha muddatga vizasiz rejim belgilanadi;
  • yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun «Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap» (President AI Award) tanlovi o‘tkaziladi;
  • respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi;
  • issiqxona faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun 2028 yil yakuniga qadar ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi;
  • barcha davlat idoralari va ijtimoiy soha muassasalari binolari faqat energiya samaradorlik tamoyillari asosida quriladi va modernizatsiya qilinadi;
  • Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, shu jumladan, ruxsatnomada ko‘rsatilgan hududdan tashqariga chiqish, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda ularda bino va inshootlar qurish, mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlarni aniqlash maqsadida yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringi o‘tkaziladi;
  • boshlab fuqarolarning ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaati, mahallalardagi oilalar va aholi ma’lumotlarini yuritish hamda mahallalarda aholi bilan ishlash jarayonlari «Raqamli mahalla» platformasi orqali amalga oshiriladi;
  • har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun «Ilg‘or muhandislik maktabi» milliy tanlovi o‘tkaziladi;
  • «Vakolat.uz» platformasini ishga tushiriladi. Unda davlat xizmatlaridan foydalanish va davlat xizmati natijalarini olish bo‘yicha boshqa shaxslarga ishonchnomalarni rasmiylashtirish, yuridik shaxslar tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish, barcha turdagi ishonchnomalarning haqiqiyligini onlayn rejimda tekshirish mumkin bo‘ladi;
  • iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi joriy etiladi;
  • qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (bundan paxta va g‘alla mustasno) realizatsiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining «nol» stavkasi joriy qilinadi;
  • mulkchilik shaklidan qat’i nazar urug‘liklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi barcha tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan raqamli QR kodli yorliqlanmagan hamda ijobiy ekinboplik xulosasi olinmagan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini realizatsiya qilish taqiqlanadi;
  • tibbiy jihozlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya talabi bekor qilinib, ushbu faoliyat vakolatli organni xabardor qilish orqali amalga oshiriladi;
  • sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy bo‘ladi. Mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi;
  • jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining trener-o‘qituvchilari va yo‘riqchi-uslubchilari hamda sport hakamlariga malaka toifalarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari «ERP sport» yagona elektron boshqaruv tizimi orqali proaktiv shaklda ko‘rsatiladi;
  • YaMMT orqali qayd etilgan mehnat qonunchiligi buzilishini ish beruvchi ishtirokisiz ko‘rib chiqish va qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha elektron ma’muriy qaror qabul qilish tizimi joriy etiladi;
  • xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan ortiqcha bosim ostida ishlaydigan uskunalarni respublika hududiga olib kirish taqiqlanadi;
  • qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishga oid imtiyoz hamda oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im bekor qilinadi;
  • viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy kengashlar sessiya hamda majlislari davomida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda elektron stenogramma yuritish va avtomatik bayonnomalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi;
  • davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi. Shuningdek, davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy «Davlat xizmatiga kirish» maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini o‘taydi hamda mazkur kurslarning yakunlari bo‘yicha ularning nazariy bilim va ko‘nikmalari diagnostikadan o‘tkaziladi;
  • davlat xaridlarini amalga oshirishda ekologik mezonlar eng yaxshi takliflarni tanlash va tenderlardagi xarid qilish hujjatlariga majburiy tartibda kiritiladi;
  • majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlarini soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlash bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi joriy etiladi;
  • kambag‘al oilalarning «a’lo» baholarga o‘qiydigan farzandlarining O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda dam olishi va sog‘lomlashtirilishi xarajatlari Bolalarni sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi;
  • umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi;
  • statistika organlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda hisobotlarni topshirishda korxona va tashkilotlarga maslahat beruvchi «Maslahatchi» sun’iy intellektga asoslangan interaktiv xizmati, foydalanuvchilarga statistik ma’lumotlarni tez izlab topishga ko‘maklashuvchi «Tahlilchi» sun’iy intellektga asoslangan konsultativ xizmati hamda statistik kuzatuvlarni telefon yordamida o‘tkazish imkonini beruvchi «Call-markaz» faoliyati joriy etiladi;
  • pishgan va xom g‘isht ishlab chiqarishda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2025 yil uchun belgilangan stavkaga nisbatan 2 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi hamda 2027 yildan bosqichma-bosqich qo‘shimcha ravishda oshiriladi;
  • chiqaruvchilar tomonidan o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni taklif etishning ochiq va shaffof Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi;
  • pulli xizmatlarni ko‘rsatish uchun yetarli imkoniyatlarga ega suzish havzalari o‘zini o‘zi moliyalashtirish tartibiga o‘tkaziladi. Sport maktabi va ixtisoslashtirilgan sport maktabiga suv havzalarida joriy etiladigan pullik xizmatlar uchun to‘lovlar miqdorini mustaqil belgilash huquqi beriladi;
  • aholining keng qatlamlari va jamoatchilikni atmosfera havosining sifati bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida Toshkent shahri hududida o‘rnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik ma’lumotlar e’lon qilib boriladi;
  • sun’iy intellekt yordamida seysmik xavf yuqori bo‘lgan hududlarda kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatlarda prognoz qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.  
Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid