00:19 / 12.04.2018
28952

Payshanbada pensiya tarqatishdagi navbatlar: vaziyat aslida qanday?

«Ozodlik» radiosining «Sizdan telegram» ruknida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani «Payshanba» va «Mirzo Ulug‘bek» mahallalarida yashovchi aholi nafaqa pulini olaman deb, 2-3 kun navbatda turib, sarson bo‘layotgani, ko‘pchilik (ular orasida nogironlar ham bor) kuta-kuta uyga quruq qo‘l bilan qaytayotgani, ayrimlarning navbatda turib, tobi qochayotganini aks ettirgan fotosurat e'lon qilinib, oddiy xalqni qiynayotgan muammo hal etilib, nafaqa pulini aholiga tez va soz yetkazilishi so‘ralgan.

Foto: ozodlik.org

Kun.uz muxbiri Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, «Mirzo Ulug‘bek» mahallasi (murojaatda ko‘rsatilgan «Payshanba» degan mahalla yo‘q ekan, aftidan, tuman markazi Payshanba shaharchasi nazarda tutilgan — tahr.) va pensiya tarqatish uchun mas'ul bo‘lgan «Xalq banki»ning viloyat va Payshanba filiali mutasaddilari bilan uchrashib qaytdi.

Eng hayratlanarli joyi, «Mirzo Ulug‘bek» mahallasi «Xalq banki»ning Payshanba bo‘limining deyarli ro‘parasida joylashgan. Mahalla oqsoqoli Ilyos Xalilovning aytishicha, mahallada ayni paytda 3170 kishi istiqomat qiladi va jami nafaqaxo‘rlar soni 297 nafarni tashkil etib, ularning barchasi «Xalq banki» orqali pensiyani naqd ko‘rinishda olishadi.

Mahallada pensiya tarqatish uchun bir xona ajratilgan. «Xalq banki» burchagida esa pensiya tarqatiladigan sanalar aks ettirilgan grafik osib qo‘yilgan.

— Nafaqat Kattaqo‘rg‘onda, butun viloyatda har oyning 27-sanasiga qadar pensiya tarqatilib bo‘linadi. «Xalq banki»da shu narsa yo‘lga qo‘yilgan. Barcha hisob-kitoblar elektronlashgan. Kim pensiya olgani, olmaganining hisobi har kuni yuritiladi. Biror sabab bilan o‘z uyida bo‘lmaganlar, yoki safarga chiqqanlar bo‘lsa, ular 27-sanagacha pensiyasini olishga ulgurmasa, pul pensiya jamg‘armasiga qaytariladi va pensiya keyingi oyga qo‘shib to‘lanadi, — deydi AT Xalq banki Samarqand viloyat filiali pensiya va nafaqa to‘lovlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Farhod Shakarov. — Pensiya to‘lovlarini mahallalarga o‘z vaqtida yetkazish uchun Samarqand viloyati bo‘yicha 58ta «Damas» avtomashinalaridan iborat «Sayyor kassa»lar harakatlanmoqda. Ular pullar, kassirlar va qo‘riqlash uchun bir nafardan militsiya xodimini olib yurishadi. Sayyor kassalar zamonaviy GPS tizimi bilan ta'minlangan. Viloyatdagi yo‘llarda yurganda ularning tezligi har qanday joyda 70 km/soatdan oshmasligi, belgilangan joyga o‘z vaqtida, kechikmasdan yetib borishi, belgilab berilmagan joylarda harakatlanishining oldini olish kabi holatlar to‘liq kuzatib boriladi va nazorat qilinadi.

— Mirzo Ulug‘bek» mahallasida har oyning 5, 10, 15, 20, 25-sanalarida pensiya tarqatish uchun kunlar belgilab olingan. Ayni paytda, (10 aprel kuni — tahr.) bu mahallada to‘liq pensiya tarqatib bo‘lindi. To‘lov qaydnomalarida alfavit bo‘yicha ro‘yxat shakllantirilgan, pensiya olishga kelganlar shu ro‘yxat bo‘yicha o‘zlari navbat hosil qilishadi. Kim qachon navbati kelishini allaqachon o‘rganib olishgan. Birinchi o‘rinda yotoqdagi, yoshi keksa, bolalikdan nogiron va jismoniy imkoniyatlari chegaralangan fuqarolarimizning pensiyalari uylariga olib borib beriladi, — deydi AT Xalq banki Payshanba filiali boshqaruvchisi Laziz Ziyayev.

Biz mahallada istiqomat qiluvchi ayrim pensionerlarning xonadonida bo‘lib, mahalla pensiya ta'minoti bilan bog‘liq holat qanday ekanligi xususida ularga savollar bilan murojaat etdik.

Sobir Qodirov (62 yoshda):

— Pensiyani mahalladan olamiz. Naqd ko‘rinishda va o‘z vaqtida. Mahallada grafik belgilangan. Men masalan, navbatimizga qarab 10 yoki 15-sanaga qolmay olib kelmoqdaman.

Shirin Bekmurodova (88 yoshda):

— Uyga opkeb berishyapti bolam, pensiyamni. Rahmat! O‘zlari keltirib, sanab berib ketishyapti.

Karomat Bobomurodova (66 yoshda) va Muborak Jo‘rayeva (60 yoshda):

— Biz shu oyning pensiyasini 5 aprelda olib bo‘ldik. Bir yilcha bo‘ldi, shu, mahallamiz binosida, o‘z vaqtida olib kelmoqdamiz.

Baxtiyor Zayniddinov (62 yoshda):

— Men II guruh nogironiman. Mening pensiyamni doim oyning boshida uyimga keltirib berishadi. Rahmat bank xodimlariga! Ilgari pensiya pochta orqali tarqatilganida machitning yonidagi pochta idorasiga 7ta mahalla birvarakayiga borardik. 2–3 kunlab katta navbat bo‘lardi. Yaxshigina janjallar bo‘lardi. Pensiya tarqatiladigan kunning o‘zi ham aniq bo‘lmasdi. Hozir unday muammo qolmadi. Mening pensiyamni uyimga olib kelib berishyapti.

O‘sha kuni mahallaning oldidan velosipedda o‘tib ketayotgan edim. Qarasam — pensiya tarqatishyapti. To‘g‘ri, 10-15 kishidan iborat navbat bor edi. Bu bir mahalla bo‘lsa, pensiya bahona odamlar mahalla markazida u yoqdan bu yoqdan suhbatlashib o‘tirishgan edi. O‘sha yerda o‘tirganlarning ichida pensiyasini olib bo‘lganlar ham bor edi. Men ham pensiya kelgan-kelmaganini so‘rab, ayolim pensiyasini o‘zi borib oladi, unga xabar beraman, deb o‘ylab ketayotgan joyim edi. Fotosuratimni olib chiqarib yuborishibdi.

II guruh nogironi, 82 yoshli Murodulla Yorqulov xonadonida ham bo‘ldik. Boboning biroz toblari yo‘q ekan. «Pensiyamni olib kelib turishibdi uygacha, bolam. Rahmat yigitlarga», deya duo qilib qo‘ydi piri badavlat otaxon.

Ayni paytda «Mirzo Ulug‘bek» mahallasida pensiya olmagan 4 nafar pensioner bor. Ular mahallada emas, kimdir davolanishda, kimdir boshqa joyga mehmonga ketgan. Oyning 27-sanasigacha kelib murojaat qilishsa, ularning ham pensiyasi o‘sha kuniyoq beriladi.

Yodingizda bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on tumanida pasport stoli oldida ham tiqilinch navbat hosil bo‘layotgani haqida «Ozodlik» radiosida fotoayblov e'lon qilingan, Samarqand viloyat IIB MFR boshqarmasi bu holat yuzasidan ham Kun.uz’ga tushuntirish bergan edi.

Tumanda fuqarolik pozitsiyasi yuqori bo‘lgan fuqarolarning borligi quvonarli, albatta. Biroq vaziyatni suratga olib, unga yuzaki izoh yozib mutasaddilarni sarson qilish emas, holat aslida qanday ekanligini aniqlab, chindan ham muammo mavjud bo‘lsa ommaviy axborot vositasiga murojaat qilish kerak emasmi?

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top